Narzikulova Firuza Batirovna — psixologiya fanlari doktori, professor, ijtimoiy psixologiya, etnopsixologiya, psixologiya tarixi hamda shaxsning kasbiy rivojlanishi psixologiyasi sohalarida taniqli olima hisoblanadi. F.B. Narzikulova 1969-yil 19-iyulda Samarqand shahrida tug‘ilgan. 1986-yilda Toshkent shahridagi 18-sonli o‘rta maktabni tamomlagan. 1986–1992-yillarda Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetining iqtisodiy geografiya fakultetida tahsil olgan. Ilmiy bilish va tadqiqotchilik faoliyatiga bo‘lgan qiziqishi uning keyingi kasbiy yo‘lini belgilab berdi. 1996–1999-yillarda Samarqand davlat chet tillar instituti aspiranturasida 19.00.00 — «Psixologiya fanlari» ixtisosligi bo‘yicha tahsil oldi. Aynan shu davrdan boshlab u ilmiy-pedagogik va tadqiqotchilik faoliyatini faol ravishda olib bora boshladi. 2008-yilda u 19.00.01 – «Umumiy psixologiya. Shaxs psixologiyasi. Psixologiya tarixi» ixtisosligi bo‘yicha «Abu Ali Ibn Sino psixologik g‘oyalarining tarixiy-nazariy tahlili» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi qaroriga muvofiq unga psixologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasi berildi.
2012–2022-yillarda Samarqand viloyati Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti “Pedagogika, psixologiya va ta’lim menejmenti” kafedrasiga rahbarlik qildi. U uzluksiz pedagogik ta’lim tizimini takomillashtirish hamda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi. 2023-yilda u 19.00.05 – “Ijtimoiy psixologiya. Etnopsixologiya” ixtisosligi bo‘yicha “Pedagogning kasbiy-imij salohiyatini rivojlantirishning ijtimoiy-psixologik sharoitlarini takomillashtirish” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi qaroriga muvofiq unga psixologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasi berildi. F.B. Narzikulovaning umumiy mehnat staji 30 yildan ortiq bo‘lib, uning faoliyati oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimidagi ilmiy-pedagogik faoliyat bilan chambarchas bog‘liqdir.
Narzikulova F.B. faoliyati Samarqand viloyatining olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarida joylashgan kam komplektli maktablar o‘qituvchilarining malakasini oshirishning muqobil shakllarini modellashtirish loyihasidagi ishtiroki bilan alohida e’tiborga sazovordir. Mazkur loyiha Samarqand viloyati Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda UNICEF hamkorligida amalga oshirilgan bo‘lib, pedagoglar malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan. Loyihaning asosiy maqsadi — o‘quv yili boshlanishiga qadar Samarqand viloyatining chekka hududlarida joylashgan kam komplektli maktablar kadrlar salohiyatini oshirish jarayonini masofadan turib qo‘llab-quvvatlashning innovatsion modelini yaratishdan iborat edi.
Firuza Batirovna O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi psixologiya fanlari bo‘yicha dissertatsiya kengashi a’zosi, shuningdek, mazkur kengashning ilmiy-metodologik seminari a’zosi hisoblanadi. Hozirgi vaqtda F.B. Narzikulova Samarqand davlat chet tillar institutining «Pedagogika, psixologiya va jismoniy madaniyat» kafedrasi professori sifatida faoliyat yuritib, ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanmoqda. U bakalavrlar, magistrantlar va doktorantlar tayyorlash jarayonida faol ishtirok etadi, shuningdek, psixologiya va pedagogikaning dolzarb muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.
F.B. Narzikulova O‘zbekistonda o‘tkazilgan IFTE–2025 Xalqaro pedagogik ta’lim forumi doirasida Samarqand davlat chet tillar institutida tashkil etilgan «Ko‘p madaniyatli ta’lim sharoitida o‘qituvchi: reallik va istiqbollar» mavzusidagi panel munozarasining moderatori sifatida faoliyat yuritdi. Mazkur munozarada Rossiya, Saudiya Arabistoni, Xitoy, Eron, Ispaniya va O‘zbekistonning yetakchi olimlari hamda ekspertlari ishtirok etdilar.
F.B. Narzikulova faol ilmiy-tashkiliy va jamoatchilik faoliyatini olib borib, psixologiya fanini rivojlantirish, psixologik xizmat tizimini takomillashtirish hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. F.B. Narzikulova O‘zbekiston Psixologlar ilmiy-amaliy jamiyatining Samarqand viloyati bo‘limi raisi hisoblanadi. Olim psixologik ta’limni rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda aholiga psixologik yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan fundamental, amaliy va grant asosidagi ilmiy loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etadi. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida amalga oshirilayotgan, respublika uchun muhim ijtimoiy-ta’limiy ahamiyatga ega bo‘lgan «Qizlar va o‘smirlar uchun psixologik ta’lim bo‘yicha multimedia majmuasini yaratish» mavzusidagi amaliy grant loyihasini bajarishda ham faol qatnashmoqda. 2026-yilda F.B. Narzikulova Sulton Idris nomidagi Ta’lim Universiteti (UPSI, Malayziya) da ilmiy-tadqiqot stajirovkasini muvaffaqiyatli o‘tadi.
Mazkur universitet Janubi-Sharqiy Osiyoning yetakchi pedagogika oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, QS World University Rankings xalqaro reytingida 851–900-o‘rinlarni egallaydi.
Mazkur stajirovka xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda ularni O‘zbekiston ta’lim amaliyotiga joriy etishga xizmat qildi.
Ko‘p yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida F.B. Narzikulova milliy va xalqaro ilmiy kommunikatsiyani rivojlantirishda faol ishtirok etib kelmoqda. U respublika va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar materiallari hamda ilmiy maqolalar to‘plamlarining ko‘plab tahrir hay’atlari tarkibiga kiradi, ilmiy tadqiqotlarga taqriz berish va ekspert baholash ishlarini amalga oshiradi. F.B. Narzikulova qator mahalliy va xorijiy ilmiy nashrlar tahrir hay’atlari a’zosi hisoblanadi. Jumladan, u “Belarus–O‘zbekiston ilmiy-metodik jurnali” hamda “Intellektual va madaniy meros xalqaro jurnali” tahrir hay’atlari faoliyatida ishtirok etib, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy yutuqlarni ommalashtirish va ilmiy nashrlar sifatini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Olimaning faoliyatida ilmiy kadrlar tayyorlash alohida o‘rin tutadi. Uning ilmiy rahbarligi va konsultatsiyasi ostida magistrantlar, doktorantlar hamda yosh olimlarning ilmiy tadqiqotlari amalga oshirilmoqda. U psixologiya va pedagogika sohasidagi tadqiqotchilarga salmoqli ilmiy-metodik yordam ko‘rsatib, ilmiy maktablarning rivojlanishiga hamda mintaqaning ilmiy-tadqiqot salohiyatini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
F.B. Narzikulova 200 dan ortiq ilmiy va ilmiy-metodik ishlar, jumladan monografiyalar, darsliklar, o‘quv hamda o‘quv-metodik qo‘llanmalar, mahalliy va xorijiy nashrlarda chop etilgan ilmiy maqolalar, shuningdek, xalqaro va respublika ilmiy konferensiyalari materiallari muallifidir. F.B. Narzikulovaning ilmiy tadqiqotlari natijalari har yili Scopus, Web of Science va boshqa xalqaro ilmiy-metrik ma’lumotlar bazalarida indekslanadigan nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda chop etilayotgan maqolalarda o‘z aksini topmoqda. Uning ilmiy tadqiqotlari natijalari ilmiy jamoatchilik tomonidan e’tirof etilgan bo‘lib, oliy ta’lim tizimida, pedagog kadrlar malakasini oshirishda, psixologik xizmat faoliyatini rivojlantirishda hamda O‘zbekiston Respublikasida ta’lim jarayonini takomillashtirishda amaliy qo‘llanilmoqda. Ko‘p yillik samarali ilmiy-pedagogik faoliyati, psixologiya fanini rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdagi xizmatlari hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashdagi faoliyati tufayli Firuza Batirovna Narzikulova O‘zbekiston ilmiy va pedagogik jamoatchiligi orasida yuksak obro‘-e’tibor qozongan olima hisoblanadi.