Olim

NAFISA NASRULLAYEVA

Filologiya fanlari doktori, professor

Nafisa Nasrullayeva 1982-yil 20-iyunda Samarqand shahrida tug‘ilgan. U “O‘zbekiston mustaqilligiga 20 yil” ko‘krak nishoni (2011-y.), “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni (2024-y.) va bir qator Faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. Mehnat faoliyatini 2004-yilda Samarqand davlat chet tillari institutida ingliz tili o‘qituvchisi sifatida boshlagan.



U 160 dan ortiq ilmiy-uslubiy maqolalar, shu jumladan, “Chet tili o‘qitish metodikasi” fani bo‘yicha ma’ruzalar matni (2010-yil), Stilistika fani bo‘yicha “Stylistic approach in text analysis” nomli o‘quv-uslubiy qo‘llanma (2011-yil), “Methodics of teaching foreign languages” nomli o‘quv-uslubiy qo‘llanma (2012-yil), “English for different purposes” nomli o‘quv-uslubiy qo‘llanma (2013-yil) chop ettirgan hamda “English for specific purposes” nomli elektron darslik (2019-yil) yaratgan. Bundan tashqari 3 ta monografiya: “Gender v angliyskoy frazeologii” (2016-yil), “Osnovы gendernoy frazeologii” (2017-yil), “Gendernыye konseptы v angliyskoy i uzbekskoy frazeologii” (2018-yil) va 1 ta lug‘at: “Ingliz-o‘zbek-rus gender belgili frazeologik birliklar lug‘ati”ni (2018-yil) chop ettirgan. Shuningdek, 2 ta o‘quv qo‘llanma: “English for ESP learners” (2021-yil), “The main problems of English phraseology” (2024-yil) muallifidir. Nasrullayeva Nafisa bir qator maqolalarini Scopus, Web of Science, Google Scholar, Index Copernicus, Global Impact Factor, ResearchBib kabi umume’tirof etilgan indeksatsiyalangan ma’lumotlar bazalari jurnallarida e’lon qilgan. “Ingliz-rus-o‘zbek gender belgili frazeologik lug‘ati” uchun (Toshkent: “Navro‘z”, 2018. – 112 b.) №3244-sonli patent (guvohnoma) olgan (2018-yil 6-aprel). N. Nasrullayeva 2009-yilda `10.00.04` – German tillari ixtisosligi bo‘yicha dissertatsiyani himoya qilib, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. N. Nasrullayeva 2018-yilda “Ingliz va o‘zbek tillarida olamning frazeologik manzarasida gender konseptlarining shakllanishi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan va filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan. 2019-yilda dotsentlik ilmiy unvonini olgan. 2021-yilda esa professor ilmiy unvonini olgan.



Ilmiy faoliyati davomida 40 dan ortiq magistrlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilgan. 50 dan ortiq PhD va DSc dissertatsiyalariga rasmiy opponent bo‘lgan. Uning rahbarligida 17 ta shogirdi dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilib, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan. Hozirgi paytda o‘nlab shogirdlari uning rahbarligi ostida filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi uchun ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar. Uning rahbarligidagi dissertatsiyalarda kognitiv tilshunoslik, lingvomadaniyatshunoslik, pragmatika, semantika, frazeologiya, qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik muammolari, dunyo lisoniy manzarasining asosiy lingvomadaniy konsepsiyasi (o‘zbek, rus va ingliz tillari misolida), antropotsentrism paradigmasi va badiiy matn pragmatikasi to‘g‘risidagi masalalar o‘rganilgan va tahlil qilingan.

N. Nasrullayeva o‘z faoliyati jarayonida institutda yangi innovatsion-pedagogik va axborot-kommunikatsion texnologiyalarni ta’lim jarayoniga qo‘llash bilan bir qatorda, doimiy ravishda respublikamiz oliy ta’lim muassasalarida o‘z malakasini oshirib kelmoqda. Shuningdek, N. Nasrullayeva AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Tojikiston, Ozarbayjon, Ukraina, Polsha, Avstriya, Pokiston, Hindiston va Rossiyaning nufuzli jurnallarida o‘z maqolalarini chop ettirgan va bir qator xalqaro konferensiyalarda ma’ruzalari bilan qatnashgan. 2023-yil 17–21-iyul kunlari Erasmus dasturi doirasida Turkiyaning top-1000 talikka kiruvchi Hacettepe universitetida ma’ruza qilgan. N. Nasrullayeva o‘z faoliyati davomida o‘quv va tarbiyaviy ishlarni zamonaviy talablar asosida tashkil etish, yangi innovatsion-pedagogik va axborot-kommunikatsion texnologiyalardan foydalangan holda dars berish hamda institutning xalqaro aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlashda bevosita ishtirok etib kelayotgan, tashkilotchilik qobiliyati va tahliliy ko‘nikmalarga ega tajribali pedagoglardan biri hisoblanadi. U kafedra o‘qituvchilari bilan hamkorlikda mahorat darslari, ma’ruzalar, seminarlar va ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etib kelmoqda.

N. Nasrullayeva ish jarayonida har bir kishi bilan tez va erkin muloqotga kirisha oladi. U o‘z vazifasini sidqidildan va mas’uliyat bilan bajaradi. Aql-zakovat, mulohazakorlik, halollik va bag‘rikenglik talab etiladigan har qanday ishda ko‘zda tutilgan natijaga erisha oladi. Bilimli, adolatli pedagog sifatida yuzlab yosh tadqiqotchilarga o‘z maslahatlarini ayamaydi. Kamtarin, samimiy, mas’uliyatli va mehnatsevar. Institut jamoasi va mutaxassislar orasida halol mehnati hamda oliyjanob fazilatlari bois hurmat-e’tibor qozongan. N. Nasrullayeva Samarqand davlat chet tillari institutining OAK ro‘yxatidagi “Xorijiy filologiya” ilmiy-metodologik jurnalining mas’ul kotibi, “Lingvospektr” ilmiy jurnali hamda bir qator xorijiy ilmiy jurnallarning tahrir hay’ati a’zosi. N. Nasrullayeva 2024-yil 25-dekabrdan buyon (O‘zR OAK qarori asosida) Samarqand davlat chet tillari instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash raisi hisoblanadi. Uning raisligida 2025-yilda 50 ta PhD dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilingan.