Olim

NAZIROVA GUZAL MALIKOVNA

Pedagogika fanlari doktori, professor

1990-yilda Qoʻqon shahridagi 23-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 10-sinfini bitirgan va 1991-yilda Qoʻqon davlat pedagogika institutining Pedagogika va psixologiya yoʻnalishiga oʻqishga qabul qilingan. 1995-yilda mazkur oliy taʼlim muassasasini tamomlab, Qoʻqon shahridagi Mexanika zavodiga qarashli 21-maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyachi lavozimida pedagogik faoliyatini boshlagan. 2000–2010-yillar davomida Qoʻqon shahar Sogʻliqni saqlash boʻlimiga qarashli Goʻdaklar uyida tarbiyachi boʻlib ishlagan. 2010-yildan 2013-yilga qadar Qoʻqon davlat pedagogika instituti Pedagogika fakultetining Pedagogika kafedrasida, 2013–2015-oʻquv yillarida Maktabgacha taʼlim kafedrasida oʻqituvchi, 2015-yil mart oyidan Pedagogika va psixologiya kafedrasida oʻqituvchi lavozimida faoliyat yuritgan. 2021-yildan buyon Maktabgacha taʼlim kafedrasi mudiri sifatida faoliyat olib bormoqda. 2019-yilda G. Nazirova pedagogika fanlari doktori, professor S. T. Turgʻunov rahbarligida “Tizimli yondashuv asosida maktabgacha taʼlim muassasalarida pedagogik jarayonlarni tashkil etish va boshqarishni takomillashtirish” mavzusida dissertatsiya himoya qilib, pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini, 2021-yilda esa dotsent ilmiy unvonini olgan. 2022-yilda G. Nazirova rahbarligida “Olima ayollar grantlari” tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanlovining Pedagogika fanlari yoʻnalishida “Bolalarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish texnologiyasining yagona maʼlumotlar bazasi va elektron platformasini yaratish” mavzusidagi loyiha gʻolib deb topilgan. Ushbu loyihada kafedraning 5 nafar professor-oʻqituvchisi ishtirokchi sifatida faoliyat olib borgan. G. Nazirova rahbarligida kafedrada oʻquv, ilmiy-uslubiy va ilmiy-tadqiqot sohalarida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu davr mobaynida kafedra institutdagi kafedralar reytingida yuqori oʻrinlardan birini egalladi. Kafedra professor-oʻqituvchilari tomonidan 20 dan ortiq darslik va oʻquv qoʻllanmalari yaratildi, professor-oʻqituvchilarning xalqaro bazalardagi h-indeksi koʻrsatkichi oʻrtacha 6 dan yuqori darajani tashkil etdi. Nazirova Goʻzal Malikovna tomonidan soʻnggi 3 yil mobaynida 5 ta oʻquv qoʻllanma, 2 ta monografiya, 3 ta darslik hamda 100 dan ortiq ilmiy-uslubiy maqola respublika va xalqaro nashrlarda hamda oliy taʼlim miqyosida chop etilgan. Goʻzal Malikovna doimiy ravishda oʻzining kasbiy kompetentligini, siyosiy va ilmiy-nazariy bilimlarini oshirish ustida qatʼiyat bilan ishlaydi. Har bir ishda tashabbuskor, toʻgʻrisoʻz, maʼnaviy yetuk va hurmatga ega pedagog hisoblanadi. Intiluvchan va mehnatkash mutaxassis sifatida muammoli vaziyatlarning maqbul yechimini topa oladi. Yuqori muomala madaniyati hamda xizmat etikasiga rioya qilishi bilan institut jamoasi va talabalar oʻrtasida eʼtibor qozongan. G. M. Nazirova — izlanuvchan oʻqituvchi, tashabbuskor va fidoiy rahbar. U qaysi lavozimda ishlamasin, halol hamda oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashadi. Davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari ijrosini institut jamoasi va keng xalq ommasi oʻrtasida targʻib etishda faol ishtirok etib kelmoqda. 2022–2025-yillar davomida G. M. Nazirova kafedra professor-oʻqituvchilari bilan birgalikda Qoʻqon shahridagi 4- hamda 18-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “Mahorat maktablari” va “Tarbiyachi mahorati” mavzularida uslubiy seminarlar va mahorat darslarini tashkil etib kelmoqda. 2021-yilda Rossiyaning Qozon shahrida oʻtkazilgan Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning plenar yigʻilishida maʼruza bilan ishtirok etgan. Qozon Federal universiteti Yelabuga instituti Maktabgacha va boshlangʻich taʼlim kafedrasi bilan tuzilgan shartnoma asosida ushbu institut dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi Farida Samigulovna Gazizova Maktabgacha taʼlim yoʻnalishi talabalariga oʻquv mashgʻulotlarini oʻtib bergan. Goʻzal Nazirova 2022-yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining Namangan davlat universiteti huzuridagi Ilmiy kengashida (PhD.03/04.06.2020.Ped.76.02) 13.00.08 – “Maktabgacha taʼlim va tarbiya nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi boʻyicha maxsus malakaviy imtihon qabul qilish komissiyasi tarkibida faoliyat olib boradi. G. Nazirova 2023-yildan buyon OAK Rayosati qaroriga muvofiq, Namangan davlat universiteti huzuridagi Kengashda rasmiy opponent sifatida ham faoliyat yuritadi. U talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilib, iqtidorli yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirishda faol qatnashib kelmoqda. Shuningdek, G. Nazirova rahbarligida ilgʻor xorijiy texnologiya va tajribalarni oʻrganish hamda amaliyotga joriy etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2023–2025-yillar davomida Turkiya Respublikasining Tokat Gaziosmanpasha universiteti bilan akademik mobillik boʻyicha shartnoma tuzilgan boʻlib, ushbu universitet professorlari Umer Faruk Osman va Huseyin Mertol Maktabgacha taʼlim yoʻnalishi talabalariga dars mashgʻulotlarini oʻtkazdilar. G. M. Nazirova 2021-yildan buyon OAKning doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan nashrlar roʻyxatiga kiruvchi “Xalq taʼlimi” jurnalida tahririyat aʼzosi hisoblanadi. 2025-yil 27-noyabrda u 13.00.07 – “Taʼlimda menejment” ixtisosligi boʻyicha “Oliy taʼlim muassasalarida boʻlajak maktabgacha taʼlim tarbiyachilarini kasbiy tayyorlash jarayonlarini tashkil etish va boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish” mavzusida pedagogika fanlari doktorligi (DSc) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Hozirgi kunda Qoʻqon davlat universiteti Maktabgacha taʼlim kafedrasi professori sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. G. M. Nazirova tomonidan tarbiyalangan yoshlar respublikamizning nufuzli taʼlim muassasalarida samarali mehnat qilib kelishmoqda.