Olim

QODIROV BOBIROMON BEKMURODOVICH

Yuridik fanlar doktori, professor

Qodirov Bobiromon Bekmurodovich 1979-yilda Surxondaryo viloyati Termiz shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Otasi Bekmurod Qodirov pedagogika sohasida yetuk olim, pedagogika fanlari doktori, professor, Xalqaro pedagogika fanlari akademiyasining akademigi sifatida Kembrij universiteti qoshidagi dunyo olimlari markazining “XXI asrning mashhur olimlari” ro‘yxatiga kiritilgan va “Jan Amos Komenskiy” nomidagi oltin medal hamda “Xalq ta’limi a’lochisi”, “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishonlari sohibi bo‘lgan. Onasi esa Jamila Qodirova dastlab umumta’lim maktablarida, keyinchalik Termiz davlat universitetida uzoq yillar katta o‘qituvchi vazifasida mehnati qilib, yoshlarni barkamol avlod qilib tarbiyalashda o‘zining munosib hissasini qo‘shgan yetuk pedagog hisoblanadi. Bobiromon Qodirov Termiz shahridagi 14-sonli umumta’lim maktabini a’lo baholar bilan tamomlab, 1996-yilda Termiz davlat universitetining “nemis tili” ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kirdi. Mazkur dargohni 2000-yilda imtiyozli diplom bilan tamomlagandan so‘ng muddatli harbiy xizmatni o‘tadi. Yuridik sohaga bo‘lgan qiziqishi uni Toshkent davlat yuridik institutiga etakladi va yurisprudensiya yo‘nalishiga o‘qishga kirdi. Ilmiy izlanishga bo‘lgan ishtiyoqi tufayli 2005-yilda ushbu oliygohning “Davlat huquqi va boshqaruv; ma’muriy huquq; moliya huquqi” magistratura mutaxassisligiga o‘qishga qabul qilindi. Ustozlardan bilim sirlarini egallab, 2007-yilda magistratura bosqichini tamomlagach, shu yilning o‘zida mazkur institutda mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy-tadqiqot faoliyatini davom ettirdi. U 2001-2011-yillarda Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish markazida 1-toifali mutaxassis, etakchi mutaxassis, huquqshunos va bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ishladi. 2011-2016-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Nazorat va monitoring boshqarmasi hamda Moddiy-texnik ta’minot bo‘limida bosh mutaxassis lavozimlarida, 2016-2021-yillarda esa vazirlikning Kadrlar boshqarmasi, keyinchalik Tashkiliy-kadrlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida samarali mehnat qildi. 2021-yilda Toshkent kimyo-texnologiya institutining iqtisodiy va tashkiliy masalalar bo‘yicha prorektori lavozimiga tayinlandi hamda bugungi kunda ushbu lavozimda faoliyat yuritib kelmoqda. B.Qodirov 2012-yilning noyabr oyida Toshkent davlat yuridik instituti huzuridagi ixtisoslashgan ilmiy kengashda “O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim muassasalarini boshqarishning tashkiliy-huquqiy asoslari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. U yuridik fanlar nomzodi sifatida yosh olimlar ilmiy-tadqiqot loyihalari doirasida bajarilishi 2014-2015-yillarga mo‘ljallangan “Oliy ta’limning milliy modeliga moslashtirilgan yetuk kadrlarni tayyorlash boshqaruvi samaradorligini oshirish va munosabatlarni belgilovchi normativ-huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish” mavzusidagi innovatsion ilmiy loyihaga rahbarlik qildi. Loyiha doirasida yaratilgan ko‘plab uslubiy qo‘llanma va tavsiyalari amaliyotga tatbiq etildi. Uning bevosita hammuallifligida oliy ta’lim tizimi xodimlari uchun mo‘ljallangan ikki tomday iborat “Oliy ta’lim: me’yoriy hujjatlar to‘plami” chop etildi va respublika oliy ta’lim muassasalariga tarqatildi. Faoliyati davomida olib borgan izlanishlari, muammolar tahlili natijasi va ularni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy yechimlarni hayotga tatbiq etish maqsadida ilmiy-tadqiqot ishlarini davom ettirib, 2019-yilning dekabr oyida “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimida kadrlar tayyorlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish” mavzusida doktorlik (DSc) dissertatsiyasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi huzuridagi ilmiy kengashda muvaffaqiyatli himoya qildi. B.Qodirovga 2023-yilda “Konstitutsiyaviy huquq; ma’muriy huquq; moliya va bojxona huquqi” ixtisosligi bo‘yicha “professor” ilmiy unvoni berildi. B.Qodirov 100 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar, shu jumladan, 4 ta darslik, 1 ta o‘quv qo‘llanma, 2 ta monografiya, 5 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 1 ta ommabop risola va 80 dan ortiq ilmiy maqola hamda tezislar muallifidir. Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash huzuridagi ilmiy seminar a’zosi sifatida yuridik yo‘nalishda ilmiy kadrlar tayyorlashda samarali faoliyat yuritgan. Oliy ta’lim sohasida mehnat qonunchiligi, xodimlar bilan ishlash, rahbar lavozimlarga kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda oliy ta’lim tizimining tashkiliy tuzilmasi bo‘yicha yetuk mutaxassislardan biri hisoblanadi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan davrda oliy ta’lim tizimiga oid ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish jarayonida ishtirok etib, o‘zining amaliy takliflari bilan munosib hissa qo‘shdi. Xususan, B.Qodirovning huquqshunos olim va amaliyotchi sifatida “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga pedagoglarning huquqiy maqomini mustahkamlash, talabalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bola huquqlari kafolatlari masalalariga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga taqdim etilib, qonunchilik hujjatlari qabul qilinishida inobatga olindi. Bundan tashqari, “Oliy ta’lim haqidagi nizom”, “Oliy ta’lim muassasasi namunaviy ustavi”ning yangi tahriri, shuningdek, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi boshqaruviga oid bir qator hukumat qarorlari loyihalarini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etdi. Uning bevosita tashabbusi bilan oliy va o‘rta maxsus, professional ta’lim tizimi boshqaruv xodimlarini ishga qabul qilish tartibi hamda nomzodlarni baholash mezonlari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Oliy ta’lim muassasalari xodimlari ma’lumotlar mezonini/bazasini yuritish bo‘yicha “Kadr” axborot tizimi yaratilib, amaliyotga tatbiq qilindi. B.Qodirov rahbarligida vazirlik tizimida kadrlar bilan ishlash, shu jumladan, boshqaruv lavozimlariga zaxira kadrlarni shakllantirish va ularni maqsadli o‘qitish ishlari yo‘lga qo‘yildi. B.Qodirov AQSH, Germaniya, Yaponiya, Italiya, Gretsiya, Koreya, Rossiya, Polsha kabi davlatlarda xorijiy stajirovka va malaka oshirishda bo‘lib, ushbu mamlakatlarning davlat xizmati va oliy ta’lim tizimiga oid ilg‘or tajribalarini o‘rgandi hamda natijada boshqaruv xodimlari bilan ishlash masalalari bo‘yicha ko‘plab takliflar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq qilindi. Toshkent kimyo-texnologiya institutida prorektor lavozimida faoliyat ko‘rsatgan davrda institutning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlar uchun zarur sharoitlar yaratish va boshqa iqtisodiy-moliyaviy yo‘nalishlarda sezilarli ishlar amalga oshirildi. Institut faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi 10 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Oliygohning moliyaviy barqarorligi ta’minlanib, professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar va talabalar uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Uning bevosita rahbarligi va ishtirokida ko‘plab xalqaro hamda respublika Shu bilan bir qatorda, bugungi kunda Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan tashkil etilayotgan yirik kompleks - “Kimyo sanoati uchun innovatsion kimyoviy ilmiy-ishlab chiqarish va ta’lim klasteri” obyektlarini barpo etish bilan bog‘liq loyihalash ishlarida bevosita ishtirok etib kelmoqda. B.Qodirovning oliy ta’lim tizimini rivojlantirish, yangi tashabbus va g‘oyalarni ilgari surish borasida olib borayotgan samarali faoliyati rahbariyat tomonidan munosib baholanib, “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 20 yilligi”, “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” va “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishonlari hamda ko‘plab fahrriy yorliqlar bilan taqdirlangan. B.Qodirov mehnatsevarligi va kamtarinligi, o‘ziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan va mas’uliyat bilan bajarib kelayotganligi tufayli oliy ta’lim tizimi jamoatchiligi orasida hurmat qozongan inson.