Qodirova Zulayxo Raimovna 1955-yil 5-fevralda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U kimyo fanlari doktori, professor, “Silikat va qiyin eriydigan nometall materiallar” texnologiyasi sohasida yetuk olima hisoblanadi. Ilm-fan rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun bir qator davlat mukofotlari bilan taqdirlangan, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi va Fanlar akademiyasining “Fan sohasidagi yutuqlari” mukofoti sovrindori (1984-y.), “Shuhrat” medali sohibasi (2016-y.), O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 80 yilligi munosabati bilan “Esdalik nishoni” (2023-y.) hamda “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan (2025-y.). 1972-yilda o‘rta maktabni oltin medal bilan tamomlab, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent politexnika institutining kimyo-texnologiya fakultetiga o‘qishga kirgan. 1977-yilda mazkur institutni “Keramika va olovbardosh materiallar texnologiyasi” mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan bitirgan. Institutni tugatgach, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Kimyo institutiga aspiranturaga qabul qilingan. Aspiranturani tamomlagandan so‘ng ushbu institutda ilmiy faoliyatini davom ettirib, kichik ilmiy xodimdan boshlab laboratoriya mudiri lavozimigacha bo‘lgan bosqichlarni bosib o‘tgan. 2003 yildan hozirgi vaqtgacha “Silikatlar kimyosi va kimyoviy texnologiyasi” laboratoriyasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda. 1983-yilda nomzodlik, 2000-yilda doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan, 2010-yilda professor ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi yetakchi ilmiy markazlardan biri “Silikatlar kimyosi va kimyoviy texnologiyasi” laboratoriyasi texnika fanlari doktori, professor, akademik I.S. Kansepolskiy asos solgan bo‘lib, keyingi yillarda ushbu laboratoriyani taniqli olim, akademik N.A. Toropov ilmiy maktabi vakili, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, kimyo fanlari doktori, professor N.A. Sirojiddinov boshqargan. Professor Z.R. Qodirova ushbu ilmiy maktabning munosib davomchisi sifatida Fanlar akademiyasi tizimida qariyb yarim asr davomida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Uning ilmiy faoliyati professor N.A. Sirojiddinov rahbarligida shakllangan bo‘lib, bugungi kunda silikat materiallar kimyosi sohasida yetakchi yo‘nalishlardan birini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Z.R. Qodirovaning ilmiy-tadqiqot ishlari asosan silikatlar va qiyin eriydigan nometall materiallar kimyosi hamda kimyoviy texnologiyasiga bag‘ishlangan bo‘lib, xo‘jalik-maishiy, qurilish va texnik maqsadlarda qo‘llaniladigan olovbardosh, issiqlikni himoyalovchi, bog‘lovchi, keramika, qurilish, shisha va shishakristall materiallar fizik-kimyosining nazariy asoslarini ishlab chiqishga qaratilgan. Mahalliy xomashyo, ikkilamchi resurslar va sanoat chiqindilaridan foydalanish asosida yuqori haroratga chidamli materiallarning samarali tarkiblari hamda ularni olishning energiya va resurs tejovchi texnologiyalari yaratilgan va ularning bir qismi ishlab chiqarishga joriy etilgan. Shuningdek, hozirgi kunda ham o‘z shogirdlari bilan hamkorlikda sohaning amaliy yo‘nalishida mahalliy komponentlar asosida yuqori haroratga chidamli nometall materiallar olishning zamonaviy innovatsion texnologiyalarini yaratish ustida ilmiy-tadqiqotlar olib bormoqda. Jumladan, nanotexnologiyaning zol-gel usuli hamda qattiq fazali sintez usullarini qo‘llash orqali yangi materiallar olish yo‘nalishlari rivojlantirilmoqda. Z.R. Qodirova fundamental tadqiqotlar sohasida magniy, kalsiy, stronsiy va bariy kabi ishqoriy yer metallari asosidagi alumosilikat va unga turdosh alumogallat polikomponent sistemalarda gomogen va geterogen jarayonlar, shuningdek anion hamda kation almashinuvi natijasida yuqori haroratlarda yuzaga keladigan izomorfizm, polimorfizm, kristall struktura doirasidagi fazaviy o‘tishlar va yangi birikmalar hosil bo‘lish qonuniyatlarini aniqlagan. U tomonidan turli geometrik singoniyaga ega bo‘lgan, uzluksiz va uzlukli qatorlarni tashkil etuvchi o‘zaro izostruktur qattiq eritmalar hosil bo‘lishi hamda ularning “tarkib–struktura–disperslik–xossa”o‘rtasidagi funksional bog‘liqliklari ilmiy asoslab berilgan. Ushbu yo‘nalishda olib borilgan tadqiqotlar Rossiya Fanlar akademiyasi I.V. Grebenshchikov nomidagi Silikatlar kimyosi instituti hamda Sankt-Peterburg texnologiya universiteti yetakchi olimlari — professorlar R.G. Grebenshchikov, N.F. Fedorov, V.B. Glushkova, L.A. Udalova va O.A. Shilova bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Ishqoriy yer metallari aluminatlari, silikatlari, gallat va germanat birikmalarining murakkab polikomponent oksid sistemalari asosidagi ikki va uch komponentli fazaviy diagrammalarni qurish natijalari Rossiyada nashr etiladigan hamda ingliz tiliga tarjima qilinadigan “Diagrammy sostoyaniya sistem” nomli ko‘p jildli ilmiy qo‘llanma tarkibiga kiritilgan. U tomonidan yillar davomida olib borilgan fundamental ilmiy tadqiqotlar natijasida silikat va yuqori haroratga chidamli nometall materiallar asosini tashkil etuvchi kimyoviy birikmalarning yuqori haroratdagi o‘zaro ta’siri jarayonida yuzaga keladigan fizik-kimyoviy jarayonlar, fazaviy o‘tishlar hamda tayyor mahsulotning zarur fizik-mexanik va texnologik xossalarini ta’minlovchi yangi mineral kristall strukturalar hosil bo‘lish qonuniyatlarining ilmiy-nazariy asoslari ishlab chiqilgan. 1986-yilda ushbu fundamental tadqiqotlar natijalari N.A. Sirojiddinov bilan hammualliflikda “Alyuminaty i gallaty shchelochnozemelnyx metallov” nomli monografiya ko‘rinishida nashr etilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar muhim ilmiy qo‘llanma sifatida foydalanib kelinmoqda. 1986–1991-yillarda Z.R. Qodirova sobiq Ittifoqning S.I. Vavilov nomidagi Davlat optika instituti bilan hamkorlikda, akademik G.T. Petrovskiy rahbarligida va professor N.A. Sirojiddinov hamrahbarligida alyumomagnezial shpinel asosida shaffof keramika olish bo‘yicha davlatlararo grant doirasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan. Ushbu loyiha doirasida olingan natijalar Sankt-Peterburgdagi maxsus tashkilotda amaliyotga joriy etilib, mudofaa sanoatida, jumladan raketa texnikasida qo‘llaniladigan keramika materiallari tarkibini ishlab chiqishda foydalanilgan. 2019–2020-yillardan boshlab esa respublikada ilk bor Z.R. Qodirova rahbarligida nanotexnologiyaning zol-gel sintezi asosida silikat va yuqori haroratga chidamli polikomponent oksid birikmalar hamda qattiq eritmalar kristall strukturalarining past haroratlarda shakllanishini boshqarish yo‘nalishida fundamental ilmiy-tadqiqotlar olib borilmoqda. Zol-gel usulidan foydalanish natijasida an’anaviy qattiq fazali sintez usuliga nisbatan 400–500°C past haroratlarda ishqoriy yer metallari aluminat va silikat birikmalarini sintez qilish imkoniyatlari aniqlangan. Shuningdek, noyob yer elementlari — ittriy, erbiy, neodim va prazeodim oksidlarining yuqori haroratda sintez qilinayotgan birikmalar va qattiq eritmalar kristall strukturasining muayyan geometrik singoniya bo‘yicha shakllanishiga ta’siri o‘rganilgan. Z.R. Qodirova tomonidan fizik-kimyoviy tahlilning zamonaviy usullari asosida mahalliy xomashyo kompleks o‘rganilib, ular negizida keramika, to‘liq va yengil vaznli olovbardosh, issiqlikni himoyalovchi materiallar, xo‘jalik chinisi, sement va boshqa qurilish materiallarining yangi samarali tarkiblari hamda ishlab chiqarish texnologiyalari yaratilgan. Ushbu ishlanmalar orqali import qilinadigan qurilish materiallari va ayrim xomashyo resurslarini mahalliylashtirish, shuningdek sanoat chiqindilaridan foydalanish hisobiga iqtisodiy samaradorlikka erishish imkoniyatlari asoslab berilgan. Xususan, Angren, Alyans, Oltintog‘, Karnab, Sulton-Uvays kaolinlari kabi gilsimon xomashyolar, Ko‘ytosh, Jardanoq, Kokpatas kvartsitlari, Yakkabog‘, Jeroy, Oynaqqum kvarts qumlari, Tulakul va Langar tomirli kvarts jinslari, Arvaten, Kutchi, Sulton-Uvays serpentinit konlari hamda Karakhtoy, Osmonsay, Gavasay magmatik jinslari kabi tabiiy noruda resurslar asosida xo‘jalik-maishiy, qurilish va texnik maqsadlar uchun silikat va olovbardosh materiallarning samarali tarkiblari va energiya-resurs tejamkor texnologiyalari ishlab chiqilgan. Z.R. Qodirova “Fan–ta’lim–ishlab chiqarish” integratsiyasini amalda ta’minlagan holda soha bo‘yicha faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlar bilan uzviy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Hozirgi kunda “Bekobod-ogneupor” qo‘shma korxonasida uning rahbarligida Institutning “Silikatlar kimyosi va kimyoviy texnologiyasi” laboratoriyasi filiali faoliyat yuritmoqda. Faoliyati davomida noan’anaviy, istiqbolli mahalliy xomashyo konlari hamda sanoat chiqindilaridan kompleks foydalanish asosida silikat va qiyin eriydigan nometall materiallar ishlab chiqarishning innovatsion texnologiyalarini yaratish yo‘nalishida ilmiy-tadqiqotlar olib bormoqda. Shu bilan birga, yangi xomashyo turlari va texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etib, olingan ilmiy natijalarni ishlab chiqarish sharoitida sinovdan o‘tkazish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqmoqda. Jumladan, olib borilgan sanoat-tajriba sinovlari natijasida o‘rganilgan mahalliy xomashyolarning boyitish va tarkibini modifikatsiyalash orqali import qilinayotgan xomashyolarga muqobil bo‘la olishi, shuningdek ular asosida import o‘rnini bosuvchi materiallar ishlab chiqarishning iqtisodiy samaradorligi aniqlangan. Olingan natijalar bir qator ishlab chiqarish korxonalariga, jumladan “O‘zmetkombinat” AJ, “Xiva sopoli” AJ, “Bekobod-ogneupor”, “LYKS GRANITE”, “ART GLASS GALLERY”, “CERAMIC PLUS”, “Basalt wool” qo‘shma korxonalari hamda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tarkibidagi korxonalarga joriy etish uchun tavsiya etilgan. So‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda xo‘jalik shartnomalari asosida 1 mlrd so‘mga yaqin ilmiy-amaliy ishlar bajarilgan. Xususan, 2024-yilda magmatik jinslar asosida bazalt tolani past haroratda olish texnologiyasi ishlab chiqilib, Andijon viloyati Marhamat tumanidagi “Davon” va “Damba” uchastkalari bazalti asosida issiqlikni himoyalovchi mineral paxta uchun yaroqli bazalt tolasi ishlab chiqarish texnologiyasi “EVEREST METALL GRAND” MChJda joriy etilgan. Natijada 1 mlrd 530 mln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Z.R. Qodirova ilmiy faoliyatini pedagogik faoliyat bilan uzviy bog‘lagan holda bir qator oliy ta’lim muassasalarida professor sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Jumladan, Toshkent kimyo-texnologiya institutida (2001–2003 yy.), Toshkent arxitektura-qurilish institutida (2006–2014 yy.), K. Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida (2010–2020 yy.), 2023-yildan hozirgi kunga qadar Qoraqalpoq davlat universitetida, shuningdek Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filialida kafedra professori lavozimlarida ishlagan. Shu bilan birga, u M. Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universitetida magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari bo‘yicha hamrahbarlik qilib, pedagogik faoliyati bilan nafaqat respublikada, balki xorijiy ilmiy doiralarda ham e’tirof etilgan. Ilmiy-pedagogik faoliyati davomida silikatlar sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shadigan yosh mutaxassislarni tayyorlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy-amaliy jihatdan yo‘naltirishda faol ishtirok etib kelmoqda. Z.R. Qodirova I. Razzakov nomidagi Qirg‘iziston davlat texnika universitetining faxriy professori hisoblanadi. 2019-yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qurilish vazirligi, “O‘zstandart” agentligi hamda “O‘zqurilishmateriallari” uyushmasi huzuridagi Qurilish materiallari sanoati ilmiy-texnik kengashining doimiy a’zosi sifatida faoliyat yuritmoqda. Z.R. Qodirova o‘zining ilmiy faoliyati davomida silikat va qiyin eriydigan nomoddiy materiallar kimyoviy texnologiyasi sohasida faoliyat yuritayotgan yetakchi ilmiy markazlar va oliy ta’lim muassasalari bilan keng qamrovli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, Rossiya Fanlar akademiyasi I.V. Grebenshchikov nomidagi Silikatlar kimyosi instituti, D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti, Sankt-Peterburg texnologiya universiteti, Tomsk politexnika universiteti, Ivanovo kimyo-texnologiya universiteti, M. Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti, I. Razzakov nomidagi Qirg‘iziston davlat universiteti hamda Berlin texnika universiteti kabi nufuzli xorijiy ilmiy markazlar va respublika oliy ta’lim muassasalari bilan uzviy ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirgan. Ilmiy faoliyati davomida Z.R. Qodirova 7 ta monografiya, 8 ta O‘zbekiston Respublikasi patenti va 600 ga yaqin ilmiy maqolalar muallifi hisoblanadi. Shundan 60 ga yaqini Scopus va Web of Science xalqaro ilmiy bazalarida indekslangan jurnallarda, 100 dan ortig‘i yetakchi xorijiy nashrlarda hamda 120 ga yaqini respublika ilmiy jurnallarida chop etilgan. Z.R. Qodirova boshchiligida 2012-yilda N.A. Sirojiddinov tavalludining 80 yilligiga, 2022-yilda “International Year of Glass (IYOG-2022)” va laboratoriyaning 90 yilligiga, shuningdek 2025-yilda laboratoriyaning 95 yilligiga bag‘ishlangan holda “Silikat materiallar kimyoviy texnologiyasining innovatsion ishlanmalari va rivojlanish istiqbollari” mavzusida respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy konferensiyalar yuqori saviyada tashkil etilgan. Professor Z.R. Qodirova kimyoviy texnologiyaning nazariy fizik-kimyoviy asoslari, silikat va qiyin eriydigan nomoddiy materiallar hamda qurilish materiallari sohalari bo‘yicha yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashga katta e’tibor qaratib kelmoqda. Uning ilmiy rahbarligi va maslahatlari asosida hozirgi kunga qadar 6 nafar fan doktori (DSc), 8 nafar fan nomzodi hamda 15 nafar falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan. Hozirgi vaqtda esa 2 nafar doktorant (DSc) va 4 nafar tayanch doktorantga (PhD) ilmiy rahbarlik qilmoqda.
Hozirda Z.R. Qodirova “Aspects in Mining & Mineral Science” (AQSh), “Огнеупорй и техническая керамика” (Rossiya), “Gornoe delo” (Qirg‘iziston Respublikasi), Journal of Modern Mechanical Engineering and Technology (Xitoy xalq respublikasi) hamda O‘zbekiston kimyo jurnallari tahririyatlari a’zosi hisoblanadi. 1977–2002-yillarda esa O‘zbekiston kimyo jurnalining mas’ul kotibi sifatida faoliyat yuritgan.
O‘zR FA Umumiy va noorganik kimyo instituti “Silikatlar kimyosi va kimyoviy texnologiyasi” laboratoriyasining ilmiy xodimlari va doktorantlari davrasida.