Olim

QOSIMXODJAYEV IBROXIMJON KARIMOVICH

Xalkaro integrativ antropologiya akademiyasining akademigi, tibbiyot fanlari doktori, professor

Qosimxodjayev Ibrohimjon Karimovich 1939-yil 1-yanvarda Andijon shahrida ishchi oilasida dunyoga kelgan. U oʻrta maktabni aʼlo baholarga tamomlab, 1956-yilda Andijon davlat tibbiyot institutiga oʻqishga kirgan va 1962-yilda ushbu dargohni muvaffaqiyatli tugatgan. Mehnat faoliyatini 1962–1963-yillarda Andijon davlat tibbiyot instituti Normal anatomiya kafedrasi assistenti sifatida boshlagan. Keyinchalik 1963–1966-yillarda aspirant, 1966–1969-yillarda assistent hamda 1969–1974-yillarda dotsent lavozimlarida faoliyat yuritgan. Oʻz ilmiy faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida 1974-yilda 2-Moskva tibbiyot instituti doktoranturasiga qabul qilingan. 1978-yilning avgust oyidan boshlab esa Andijon davlat tibbiyot instituti Operativ jarrohlik va topografik anatomiya kafedrasi mudiri lavozimida samarali ish olib borgan. I.K. Qosimxodjayev oʻzining serqirra ilmiy izlanishlari natijasida 1966-yilda “Odam plevrasining oldingi chegarasi anatomiyasi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 1984-yilda esa “7–10 oylik homilada, chaqaloqlarda va 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda plevra, oʻpka ildizi, perikard, yurak va yirik qon tomirlarning yoshga xos topografo-anatomik xususiyatlari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Sobiq SSSR OAK hayʼati ekspertlari “Arxiv anatomii, gistologii i embriologii” jurnalining 1989-yil 10-sonida olimning koʻkrak qafasi aʼzolari topografik anatomiyasidagi ilgari nomaʼlum boʻlgan yoshga xos xususiyatlarga bagʻishlangan izlanishlariga yuksak baho berib, uni bolalar topografik anatomiyasi uchun ulkan yangilik hamda sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etgan fundamental tadqiqot deb eʼtirof etgan. Olib borgan samarali ilmiy va pedagogik xizmatlari munosib baholanib, unga 1985-yilda professor ilmiy unvoni berilgan. Professor I.K. Qosimxodjayev pedagogik faoliyatida tibbiyot institutining odam anatomiyasi, operativ jarrohlik va topografik anatomiya kafedralarida talabalarga fanni oʻrganish uslublarini joriy etish, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq qilish hamda mashgʻulotlar samaradorligini oshirish yoʻlida tinmay mehnat qilgan. U morfologiya fanlari rivojiga salmoqli hissa qoʻshdi. Olimning bevosita rahbarligida kafedra xodimlari yoshga xos anatomiya, hayvonlarda oʻtkaziladigan operatsiyalardan soʻng markaziy nerv tizimi va uning tuzilmalarining morfologik oʻzgarishlarini oʻrganish hamda yoshga xos antropologik tekshirishlar yoʻnalishlarida ilmiy izlanishlar olib borishgan. Ustozning ushbu saʼy-harakatlariga sankt-peterburglik professor O.P. Bolshakov ham yuqori baho berib, “Arxiv anatomii, gistologii i embriologii” jurnalida (1966-yil, 2-son) I.K. Qosimxodjayevning anatomiya xususiyatlari borasida olib borgan izlanishlari bolalar jarrohligining zamonaviy yoʻnalishini yaratishga ulkan hissa qoʻshishini taʼkidlagan. Olimning respublika va xalqaro miqyosdagi jamoat va ilmiy faoliyati ham gʻoyat ibratlidir. U 1986–1992-yillarda sobiq SSSR Tibbiyot Fanlar Akademiyasi huzuridagi Funksional anatomiya ilmiy-muammolar hayʼati aʼzosi hamda markaziy nerv sistemasi morfologiyasi boʻyicha kurator, Oʻzbekiston Respublikasi oliy oʻquv muassasalari rektorlar rayosati huzuridagi “Operativ jarrohlik va topografik anatomiya” fani boʻyicha monotematik hayʼat raisi, Oʻzbekiston OAK eksperti (1993–1994-yillar), Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi ixtisoslashgan Ilmiy kengash aʼzosi, MDH morfologlar assotsiatsiyasida Oʻzbekiston Respublikasi vakili, Institut Ilmiy kengashi aʼzosi hamda tibbiy-pedagogik fanlar boʻyicha oʻquv-uslubiy va “Morfologiya” muammolari hayʼati raisi vazifalarida xizmat qilgan. 1997-yilda professor I.K. Qosimxodjayev Xalqaro integrativ antropologiya akademiyasining akademigi etib saylangan. Izlanuvchan olim sifatida u xalqaro miqyosdagi nufuzli anjumanlarda, jumladan, Bolgariyaning Varna (1978-y.), Chexiyaning Praga (1985-y.), Slovakiyaning Koshitse (1989-y.) hamda Germaniyaning Leypsig (1990-y.) shaharlarida oʻtkazilgan kongresslarda faol ishtirok etib, oʻz ma’ruzalari bilan qatnashgan. Olim amaliy tibbiyotga ham munosib hissa qoʻshgan. 1987-yilda 2-Moskva tibbiyot instituti xodimlari va akademik A.V. Mazurin bilan birgalikda, I.K. Qosimxodjayevning doktorlik dissertatsiyasidagi ilmiy dalillarga asoslangan holda bolalar uchun moʻljallangan stetofonendoskop ixtiro qilingan. I.K. Qosimxodjayevning ilmiy nashrlari ham boy meros hisoblanadi. Uning tahriri ostida birinchi marotaba oʻzbek tilida “Topografik anatomiyadan amaliy qoʻllanma” 1993-yilda chop etilgan boʻlib, 2009-yilda ushbu kitobning kengaytirilgan 2-nashri yuz koʻrdi. 1979-yilda Moskvadagi “Meduchposobiye” nashriyotida pediatriya fakultetlari talabalari uchun 2 ta qoʻllanma, 1990-yilda “Soyuzuchpribor” nashriyotida 25 ta oʻquv jadvali toʻplami bosilib chiqqan. 1977-yilda akademiklar Yu.F. Isakov va Yu.M. Lopuxinlar tahriri ostida chop etilgan “Operativnaya xirurgiya i topograficheskaya anatomiya detskogo vozrasta” (Moskva, Meditsina) darsligiga muallifning 4 ta oʻquv rasmi kiritilgan. Shuningdek, u Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi farmoyishiga koʻra tuzilgan ishchi komissiya tarkibida “Xalqaro anatomik terminologiya”ni tuzishda qatnashib, uning 2007-yildagi 1-nashri va 2011-yildagi kengaytirilgan 2-nashri chop etilishiga hissa qoʻshgan. Olim 20 dan ortiq oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, “Qirgʻiziston janubida bolalarning jismoniy taraqqiyoti va oʻsish jarayoni” (2001-y.) hamda “Odam miyasining morfometriyasi” (2003-y.) kabi monografiyalar va turli ilmiy jurnallarda chop etilgan 500 dan ortiq maqolalar muallifidir. Ibrohimjon Karimovich Qosimxodjayev ilmiy-pedagogik faoliyatida oʻzining mehnatchanligi, yangilikka intilishi va tashkilotchilik qobiliyati bilan nafaqat mamlakatimizda, balki koʻplab xorijiy mamlakatlar tibbiyot olamida ham yaxshi tanilgan va eʼtirof etilgan ustozdir. Olimning respublikamizda malakali tibbiyot xodimlarini tayyorlash borasidagi xizmatlari beqiyos. U 1962-yildan buyon Andijon davlat tibbiyot institutida tibbiy taʼlimni rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshish bilan birga, morfologiya fanining taraqqiyotida ham salmoqli iz qoldirdi. Ustozning kafedra mudirligi davrida uning bevosita rahbarligida hamda ilmiy maslahatgo‘yligida 41 ta dissertatsiya, jumladan, 7 ta doktorlik va 33 ta nomzodlik ishlari muvaffaqiyatli himoya qilindi. Neyrogistologiya maktabining yaratilishi I.K. Qosimxodjayevning tinimsiz va fidoyilarcha mehnatlari samarasi oʻlaroq Andijonda yoshga xos antropologiya va neyrogistologiya ilmiy maktablariga asos solindi. Ushbu maktablarning ilmiy salohiyati va erishgan natijalari tibbiyot fanining rivojida gʻoyat muhim oʻrin tutadi. Professor E.O. Tursunov TashMI olimining Mustaqillik yillaridagi faoliyatiga bagʻishlangan oʻz risolasida (2006-yil) ushbu ilmiy yoʻnalishlarga yuqori baho berib, shunday yozgan edi: *“Ulardan biri akademik K.A. Zufarovning shogirdi, professor N.M. Shomirzayev rahbarligidagi oʻpka morfologiyasi boʻyicha ilmiy maktab boʻlsa, ikkinchisi Andijon davlat tibbiyot institutida professor I.K. Qosimxodjayev rahbarligidagi «Neyrogistologiya maktabi»dir. Bu maktablarning ilmiy salohiyati birgina gistologiya fanini emas, balki butun tibbiyot fanlarining rivojida muhim oʻrin tutadi.” Davlat mukofotlari va eʼtirof Olimning koʻp yillik samarali ilmiy-pedagogik va jamoat faoliyati davlatimiz tomonidan yuksak qadrlandi: 1988-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan “Mehnat faxriysi” medali; 2001-yilda “Oʻzbekiston Respublikasining 10 yilligi” esdalik koʻkrak nishoni; 2006-yilda “Oʻzbekiston Respublikasining 15 yilligi” esdalik koʻkrak nishoni; Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining 2006-yil 9-noyabrdagi 488-sonli buyrugʻiga asosan “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni; Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining bir qator Faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan. Ibratli oila va davomchilar Ibrohimjon Karimovich Qosimxodjayev nafaqat buyuk olim, balki ibratli oila boshligʻi hamda mehribon ota ham edi. Uning rafiqasi Qosimxodjayeva Muharramxon Xudoyberdiyevna (1946–2023-yy.) uzoq yillar Andijon tibbiyot kollejida fidoyi ustoz sifatida faoliyat yuritgan. Ularning 4 nafar farzandi bugungi kunda el-yurt xizmatida samarali mehnat qilib kelmoqda: 1. Qurbonova Dilorom Ibrohimovna – tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent, Andijon davlat tibbiyot instituti Klinik farmakologiya kafedrasi mudiri (2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga koʻra “Sogʻlom turmush” medali bilan mukofotlangan); 2. Sodiqova Dilfuza Ibrohimovna – tibbiyot fanlari nomzodi, ADTI Urologiya kafedrasi dotsenti; 3. Qosimxodjayev Muhammadjon Ibrohimjon oʻgʻli – tibbiyot fanlari doktori, dotsent, Andijon viloyat kattalar travmatologiya va ortopediya markazida shifokor travmatolog-ortoped; 4. Qodirova Dilnoza Ibrohimovna – “Hamkorbank” ATB Toshkent filialida katta muhandis. Xotira va meros Tibbiyot sohasidagi olimlar, hamkasblari, shogirdlari hamda talabalari Ibrohimjon Karimovichni har doim “komil inson, buyuk ustoz, isteʼdodli tashkilotchi, mohir pedagog va yetuk olim” sifatida chuqur ehtirom bilan yodga oladilar. Ustozning porloq xotirasini abadiylashtirish maqsadida shogirdlarining tashabbusi hamda ADTI rahbariyati koʻmagida 2019-yildan buyon institutda har yili anʼanaviy ravishda “Akademik I.K. Qosimxodjayev xotirasiga bagʻishlangan anatomiya fanidan xalqaro talabalar olimpiadasi” oʻtkazib kelinmoqda.