Olim

QUVVATOVA DILRABO XABIBOVNA

Filologiya fanlari doktori, professor

Quvvatova Dilrabo Habibovna 1968-yil, 27-martda Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumani Soktare qishlog‘ida tug‘ilgan. U 1985-yilda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi S.Ayniy nomli o‘rta maktabni, 1990-yilda Buxoro davlat pedagogika institutining o‘zbek filologiyasi va chet tillar fakulteti o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limini imtiyozli diplom bilan tugatgan. D.Quvvatova mehnat faoliyatini 1990-yilda G‘ijduvon tumanidagi Ibn Sino nomli o‘rta maktabda o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi lavozimida boshlagan. U 1990-1993-yillarda Buxoro davlat universiteti o‘zbek adabiyoti kafedrasi huzuridagi kunduzgi aspiranturada tahsil olgan. 1993-yildan shu kafedrada avval o‘qituvchi, keyin dotsent, 2004-2007-yillarda “BuxDU ilmiy axboroti” jurnalining mas’ul kotibi bo‘lib ishlagan. 2007-2010-yillarda o‘zbek adabiyoti kafedrasi huzuridagi doktoranturada o‘qigan. 2010-2021-yillarda kafedra dotsenti sifatida samarali ishladi. 2021-yilda hozirga qadar o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi professori lavozimida faoliyat yuritmoqda. Dilrabo Quvvatova 1997-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti (hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti) Ixtisoslashgan kengashida “O‘zbek ilmiy-badiiy fantastikasida folklor motivlari” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini, 2016-yilda Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi 08.06.2016 Fil.33.01 raqamli kengashda “XX asr ikkinchi yarmi o‘zbek dostonchiligining taraqqiyot xususiyatlari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2007-yilda dotsent, 2021-yilda professor ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan. Dilrabo Quvvatova adabiyotshunoslik sohasida nafaqat Buxoro viloyati, balki respublika olimlari orasida o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘lgan, oliy ta’lim tizimida ko‘p yillik tajriba orttirgan fidoiy pedagoglardan biri sifatida ilm-fanni ravnaq toptirishga, yosh avlodning intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish orqali ularning ma’naviy-madaniy saviyasini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Uning jahon va o‘zbek adabiyotshunosligining dolzarb muammolari, chog‘ishtirma tilshunoslik, qiyosiy adabiyotshunoslik va tarjimashunoslik sohalari bo‘yicha yaratgan fundamental tadqiqotlari xalqaro miqyosda ham e’tiborga tushgan. Salohiyatli olimaning adabiyotshunoslik, qiyosiy adabiyotshunoslik muammolari bo‘yicha salmoqli izlanishlari mavjud. U hozirgacha 7 ta monografiya, vazirlik grifi bilan 1 ta darslik, 7 ta o‘quv qo‘llanma (bittasi brayl yozuvida), 3 ta ilmiy risola, 260 dan ortiq ilmiy, jumladan, 25 ta yuqori impakt faktorli, 6 ta Skopus, 4 ta Web of science bazasidagi xalqaro jurnallarda maqolalar e’lon qilgan, 2 xalqaro patent (№ EC-01-002637, № 05-00024\23) guvohnomasini qo‘lga kiritgan. Olimaning “Sirli olam musavviri” (2004), “XX asr ikkinchi yarmi o‘zbek poemachiligida janr va uslub rang-barangligi” (2010), “XX asr ikkinchi yarmi o‘zbek poemasi” (2014), “XX asr ikkinchi yarmi o‘zbek dostonchiligining taraqqiyot xususiyatlari” (2024), “Muhabbatdan yaralgan she’riyat” (2025), “Ilmga ergashib ochilmoq baxti” (2025, hamualliflikda), “Hayrat. Ilm. E’tiqod” (2026, hammualliflikda) singari monografiyalari; “Jahon adabiyoti terminlarining qisqacha izohli lug‘ati” (2018), “Zamonaviy doston xrestomatiyasi” (2021), “Yangi o‘zbek adabiyoti” (joriy va brayl yozuvida) (2022), “Yangi o‘zbek adabiyoti (innovatsion usullar)” (2022), “Talaba ensiklopediyasi” (2022), “Adabiyotshunoslik nazariyasi” (2023), “Yangi o‘zbek adabiyoti (zamonaviy doston asosida)”(2024) nomli o‘quv qo‘llanmalari soha mutaxassislari uchun muhim qo‘llanma bo‘lib kelmoqda. Shu bilan birga, uning Qozon Federal universiteti professori N.Yusupova bilan birgalikda yaratgan “She’rshunoslik terminlarining o‘zbekcha-tatarcha-ruscha izohli lug‘ati” o‘quv qo‘llanmasi ham xalqaro hamkorlikning samarasi sifatida alohida ahamiyatga egadir. Hozirgi adabiy jarayonning faol kuzatuvchisi bo‘lgan Dilrabo Quvvatovaning respublikamiz matbuotidagi jiddiy chiqishlari ilmiy jamoatchilikni hamisha o‘ziga jalb etib keladi. Ayniqsa, uning ilmiy teran maqolalari she’rshunoslik va dostonshunoslikning dolzarb muammolaridan bahs etadi. Olima O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyotshunoslik va adabiy tanqid kengashi adabiy tadbirlarida ham ishtirok etib keladi. Jumladan, u 2024-yil adabiy nashrlarida chop etilgan ilmiy maqolalar yuzasidan taqrizchi sifatida ishtirok etgan va adabiyotshunos olimlarning e’tiroflariga sazovor bo‘lgan. Adabiyotshunosning bu yo‘nalishdagi maqolalari “Sharq yulduzi”, “O‘zbek tili va adabiyoti”, “Yoshlik” singari respublikamizning nufuzli jurnallarida nashr qilingan. Dilrabo Quvvatova оliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi pedagog” ko‘rik-tanlovining “Eng ilg‘or pedagog-tadqiqotchi” nominatsiyasi bo‘yicha bir marta universitet bosqichi g‘olibi (2018) va respublika bosqichi ishtirokchisi bo‘lgan. Salohiyatli olimaning jahon va o‘zbek adabiyoti namoyandalari ijodini targ‘ib qilishga qaratilgan respublika, viloyat televideniyelari va vaqtli matbuotdagi chiqishlari, davlat tashkilotlaridagi ma’rifiy o‘qishlarda qilayotgan ma’ruzalari ko‘pchilikka manzur. U xalqaro va respublika ilmiy-nazariy anjumanlarida o‘z ma’ruzalari bilan doimiy faol ishtirok etib kelmoqda. U dunyoning top-1000 talikka kiradigan qator OTMlari, jumladan, Rossiya Federatsiyasining Qozon Federal universiteti, Qozog‘iston Respublikasining Al-Forobiy nomidagi Qozoq Milliy universiteti, Yildirim Boyazit nomidagi Anqara universiteti (Turkiya)da ilmiy stajirovkalar o‘tagan, turkiy tilli fakultetlar talabalarиga dars o‘tgan. Shu bilan birga, Turkiyadagi Yildirim Boyazit nomidagi Anqara universiteti olimlari bilan xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. U rus va turk tillarini biladi. Dilrabo Quvvatova “Turkish studies” (https://turkishstudies.net/turkishstudies), “World Bulletinof Social Sciences” (Impakt factor: 7,545. https://scholarexpress.net/index.php/wbss) kabi xalqaro, “Buxoro davlat universiteti ilmiy axboroti” jurnallarining tahrir hay’ati a’zosi. U Buxoro davlat universitetida “Ayniy vorislari” xalqaro elektron jurnaliga (2023) asos soldi. Hozirda u bosh muharrir o‘rinbosari sifatida ushbu jurnal faoliyatini samarali yuritmoqda. Olima jurnalga jahonning Turkiya, Tojikiston, Rossiya, Германия, Эрон kabi mamlakatlari yetakchi filologlarini jalb etib, uning xalqaro nufuzini oshirish yo‘lida tinmay izlanmoqda. D.Quvvatovaning sa’y-harakatlari bilan ushbu nashr O‘zbekiston Respublikasi OAK Rayosatining 2024-yil 7-iyundagi 355-son qarori bilan mazkur jurnal “Dissertatsiyalar asosiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxati”ga kiritildi. Dilrabo Quvvatova bir necha yil davomida “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindorlarini saralash shahar bosqichi, “Yosh kitobxon” respublika tanlovining shahar va viloyat bosqichlarida hay’at kengashining a’zosi sifatida ishtirok etgan. U hozirga qadar o‘z ilmiy maktabini yaratgan olima sifatida 20 nafar ilmiy darajali mutaxassis (shundan 18 nafari falsafa doktori (PhD), 2 nafari fan doktori – (DSc)) larni yetishtirdi. Yana qator tayanch doktorant, doktorant va mustaqil tadqiqotchilar olima ilmiy rahbarligi va maslahatchiligida o‘zbek adabiyotshunosligi, qiyosiy adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik fanlarining dolzarb muammolari bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Olimaning tayanch doktoranti Nozima Xoliqova Prezidentimizning 2020-yil 4-martdagi qaroriga binoan Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 2024-yilda тayanch doktoranti Ruxsora Imomova respublika “Ilhom” mukofotiga, Hafiza Ahmedova 2025-yilda “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘ldi. Uning rahbarligida 2017-2018 va 2018-2019 o‘quv yillarida respublika fan olimpiadasi (Gulchiroy Egamberdiyeva), 2022-2023 o‘quv yilida respublika tanlovlari g‘oliblari (Gulhayo Shokirova), 2023-2024, 2024-2025 o‘quv yillarida 2 nafar Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindorlari (Gulhayo Shokirova, Gulmira Bozorova) tayyorlangan. Dilrabo Quvvatovaning respublikamiz ilmiy hayotida ham o‘z o‘rni bor. U Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi fan doktori ilmiy darajasini beruvchi 08.06.2016 Fil.33.01 raqamli ilmiy kengash a’zosi (2016-2017), O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining Filologiya fanlari bo‘yicha Ekspert kengashi a’zosi (2017-2020) sifatida faoliyat ko‘rsatdi. 2017-2020-yillar mobaynida D.Quvvatova 30 ga yaqin falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) dissertatsiyalariga, shuningdek, 20 ga yaqin professor va dotsent ilmiy unvonlariga talabgorlar ishiga ekspert xulosalari berib, respublikamiz filologiya fanlari sohasini oliy malakali kadrlar salohiyatini oshirishda o‘z hissasini qo‘shdi. So‘nggi yillarda ToshDO‘TAU, BuxDU huzuridagi himoya kengashlari, Qarshi davlat universiteti huzuridagi ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminarlar a’zosi va rais o‘rinbosari sifatida samarali ish olib bordi. U hozirgi ilmiy jarayonda ham juda faol. Olima ko‘p yillik samarali va halol mehnati hamda o‘z xizmat vazifasiga bo‘lgan sadoqati uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Faxriy yorlig‘i (2017), O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi Buxoro viloyati kengashining “Tashakkurnoma”си (2016), Buxoro viloyati xotin-qizlar qo‘mitasining Faxriy yorlig‘i (2017, 2026), O‘zbekiston Respublikasi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyat kengashining “Tashakkurnomasi” (2020), O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Oliy ta’lim a’lochisi” (2024) ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Dilrabo Quvvatova namunali va ziyoli oilaning bekasi, 2 nafar farzandning mehribon onasi, 4 nafar nevaralarning sevimli buvijonisidir. Olimaning hayoti va ibratli faoliyati haqida Buxoro viloyati televideniyesi tomonidan “Ilm dunyosi” (2018), “Oqshomgi suhbatlar” (2024) ko‘rsatuvlari tayyorlanib, efirga uzatilgan. D.Quvvatova dunyoqarashi keng, tizimli fikrlash darajasi yuqori, ustuvor vazifalar, yo‘nalishlarni aniqlash salohiyatiga ega mutaxassis. O‘z fikrini puxta va izchil bayon qilish layoqatiga ega notiq. U o‘z vazifasida qat’iyatli, talabchan va tashabbuskor, topshiriqlarni sifatli bajaradi, ishni tashkil qilish va rejalashtirish bo‘yicha tashkilotchilik qobiliyatiga ega. Mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlashda, Vatanimiz taraqqiyoti va farovonligini yuksaltirishda, yoshlarni ona yurtga muhabbat, Istiqlol g‘oyalariga sadoqat, ma’naviy sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashda faol xizmat qilib kelayotgan bu fidoyi ustoz, taniqli olima, tashkilotchi va yuksak madaniyatli, yurtiga sadoqatli, kamtarin va samimiy inson, mehribon ona el-yurt hurmatiga sazovordir.