Ruzmetov Umid Ismailovich — olim agronom, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi / doktorant. U 1975-yil 18-dekabrda Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida tug‘ilgan. 1997-yilda Toshkent davlat agrar universitetining “O‘simliklarni himoya qilish” fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlab, o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha olim-agronom kvalifikatsiyasini egallagan. 1997–2000-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti aspiranti, 2001–2004-yillarda mazkur institut kichik ilmiy xodimi, 2004–2010-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qo‘mitasi Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot davlat instituti ilmiy xodimi, 2011–2012-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot davlat instituti katta ilmiy xodimi lavozimlarida ishlagan.2012–2014-yillarda Manzarali bog‘dorchilik va o‘rmon xo‘jaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazining “Tashqi iqtisodiy aloqalar va marketing” bo‘limi boshlig‘i, 2015–2017-yillarda Manzarali bog‘dorchilik va o‘rmon xo‘jaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazi ilmiy loyiha rahbari, katta ilmiy xodimi, 2017–2018-yillarda O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy loyiha rahbari, katta ilmiy xodimi, 2018–2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy loyiha rahbari, katta ilmiy xodimi, 2020–2022-yillarda Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi “Dorivor o‘simliklar xomashyosini qayta ishlash texnologiyasi laboratoriyasi” mudiri sifatida faoliyat yuritgan. 2022–2025-yillarda O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan. 1998–2009-yillari Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot institutida “Sug‘oriladigan o‘tloqi allyuvial tuproqlarning potensial azotfiksatsiya faolligi (Xorazm vohasi misolida)” mavzusida ilmiy-tadqiqot ishini bajargan va 2009-yilda fan nomzodi dissertatsiyasini himoya qilgan. Bugungi kunda dorivor o‘simliklarni yetishtirish, ko‘paytirish, mavjud genofondni saqlash va boyitish, dorivor o‘simliklarni tabiiy va madaniy usulda ko‘paytirish masalasi eng muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish va dorivor o‘simliklar xomashyosi asosida tabiiy dori-darmonlar ishlab chiqarishni kengaytirish, yetishtirish agrotexnologiyalarining ilg‘or usullarini ishlab chiqish va qo‘llash hisobiga xomashyo hosildorligi va sifatini oshirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish katta ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. 2018–2020-yillarda O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutida mustaqil izlanuvchi sifatida “O‘zbekiston sharoitida Asteraceae va Lamiaceae oilasiga mansub dorivor o‘simliklarni yetishtirishning ilmiy-amaliy asoslari” mavzusida ilmiy ishni bajardi va 2023-yilda “Dorivor o‘simliklar introduksiyasi, yetishtirish texnologiyasi va agrofarmakologiyasi” yo‘nalishida fan doktori dissertatsiyasini himoya qilgan. Ushbu ilmiy ishda ilk bor ushbu dorivor o‘simliklarning turli tuproq sharoitlarida mineral oziqlanishga bo‘lgan ehtiyoji, o‘sishini boshqaruvchi moddalarning ta’siri, ularni qo‘llash muddatlari va me’yorlari ilmiy asosda baholangan. Shuningdek, sug‘orish me’yorlarining o‘simlik o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’siri ilk bor tizimli ravishda o‘rganilib, ilmiy jihatdan asoslab berilgan. Dorivor o‘simliklar tarkibidagi karotinoidlar, efir moylari hamda fenol kislotalari hosilalarining me’yoriy miqdori yuqori darajada to‘planishi aniqlangan. Shu bilan birga, o‘simliklar tarkibida flavonoidlar, vitaminlar, makro va mikroelementlar hamda biologik faol moddalarning boyligi ilmiy jihatdan isbotlangan. O‘zbekiston sharoitida Asteraceae va Lamiaceae oilalariga mansub dorivor o‘simliklarni yetishtirishning ilmiy asoslangan, hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga moslashtirilgan zamonaviy agrotexnologiyalari ishlab chiqildi hamda Sirdaryo viloyatining och tusli, Toshkent viloyatining tipik hamda to‘q tusli bo‘z tuproqlarida amaliyotga tavsiya etilgan. Bugungi kunda respublikaning turli tuproq va iqlim sharoitlarida istiqbolli dorivor o‘simlik turlarini ilmiy jihatdan o‘rganish, ularning kolleksiya va plantatsiyalarini tashkil etish, yetishtirish, ko‘paytirish texnologiyalarini ishlab chiqish hamda biologik faol moddalarini o‘rganish va yangi urug‘larini Milliy genbankda kelajak avlod uchun genetik zaxira sifatida saqlashga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish katta ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. U. I. Ruzmetov “O‘zbekiston agrar fani xabarnomasi” ilmiy-amaliy jurnali va “Guliston davlat universiteti axborotnomasi” ilmiy jurnali tahrir hay’ati a’zosidir. 2026-yildan Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi qoshidagi PhD ilmiy darajalarini berish bo‘yicha ilmiy kengash raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Umid Ismailovich Ruzmetov samarali mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirining 2020-yil 22-fevraldagi tashakkurnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining 2023-yil 7-iyundagi hamda 2025-yil 27-noyabrdagi sertifikatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2025-yil 23-dekabrdagi tashakkurnomasi, shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti birinchi prorektorining (2023-yil) va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining (2023–2024-yillar) sertifikat hamda tashakkurnomalari bilan taqdirlangan. Umid Ismoilovich Ruzmetov ilmiy-ishlab chiqarish faoliyati davomida dorivor o‘simliklar introduksiyasi, yetishtirish texnologiyasi va agrofarmakologiyasi hamda agrokimyo sohalarining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan olimlardan biridir. U 160 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi bo‘lib, shundan hammualliflikda 30 dan ziyod uslubiy qo‘llanma, tavsiyanoma va darsliklari chop etilgan. 2025-yildan hozirgi vaqtgacha O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot institutining “Dorivor o‘simliklar genetik resurslari” bo‘limi rahbari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
2026-yilda professorlik ilmiy unvoniga ega bo‘lgan. Hozirda “Toshkent viloyati sharoitida dorivor valeriana (Valeriana officinalis L.), dioskoreya (Dioscorea) hamda Toshkent va Navoiy viloyatlari tuproq-iqlim sharoitida dorivor godji (Lycium barbarum L.) ko‘chatlarini yetishtirish texnologiyalarini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyihaga rahbarlik qilmoqda. Turon Fanlar akademiyasi Prezidiumining 2025-yil 29-iyundagi qaroriga asosan Umid Ismailovich Ruzmetovga Turon Fanlar akademiyasining Akademigi ilmiy unvoni berilgan. Umid Ismailovich Ruzmetov o‘zining samimiyligi, kamtarinligi, Vatanga bo‘lgan muhabbati, mehnatsevarligi, izlanuvchanligi, professional sohasiga sadoqati va yurtiga bo‘lgan mehri bilan keng jamoatchilik, oilasi va mahallasi orasida katta hurmat qozongan.