Olim

SABIRDINOV AKBAR GOFUROVICH

Turon Fanlar Akademiyasi akademigi, filologiya fanlari doktori, professor

Sabirdinov Akbar Gofurovich 1958-yil 15-iyunda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida tug‘ilgan. U “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni (2023y.) va bir qator Faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. Mehnat faoliyatini 1980-yilda Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagandan so‘ng Oltiariq tumanidagi 1-sonli o‘rta maktabda o‘qituvchi sifatida boshlagan. So‘ngra 1980-1985-yillarda Farg‘ona tumani kasb-hunar bilim yurtida, Toshkent xalq xo‘jaligi instituti Farg‘ona filialida o‘qituvchi hamda talabalar kasaba uyushmasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan. 1985-2010-yillarda Farg‘ona davlat universiteti (oldingi Farg‘ona davlat pedagogika instituti) ning adabiyotshunoslik kafedrasida laborant, o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, 2010-2015-yillarda “O‘zbek adabiyotshunosligi” kafedrasi mudiri lavozimlarida ishlagan. 1993-yilda “Oybek she’riyatida so‘z va obraz” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini va 2017-yilda “Oybekning poetik mahorati” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2022-yilda professor unvonini olgan va hozirga qadar Farg‘ona davlat universiteti Adabiyotshunoslik kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda. Umumiy mehnat faoliyati 46 yil. Professor A.G. Sabirdinovning 300 ga yaqin ilmiy maqolalari, o‘quv qo‘llanma va monografiyalari nashr etilgan. U 10 ta nomzodlik dissertatsiyasiga rahbarlik va 3 fan doktori dissertatsiyasiga ilmiy maslahatchi bo‘lgan. A.G. Sabirdinov mamlakatimizdagi ilm-fan va ta’limning yetuk olimlari, tashkilotchilaridan biri sanaladi. 2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Turon Fanlar akademiyasi akademigi etib saylangan. A. Sabirdinov tashabbusi bilan Farg‘ona davlat universitetida Adabiyotshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha magistratura ixtisosligi ochishga erishildi. Uning rahbarligi va ishtirokida universitetda 10 dan ortiq xalqaro, 20 ga yaqin ilmiy-nazariy konferensiyalar o‘tkazildi. Xalqaro ilmiy anjumanlarda dunyoning ko‘plab davlatidan mashhur adabiyotshunos olimlar, shu sohaning mutaxassislari qatnashib, chuqur ilmiy ma’ruzalar qilinib, muhim yechimlarga erishildi. Hozirda A.G. Sabirdinov rahbarligida universitet olimlari “Poetika muammolari” mavzusida 10 dan ortiq ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Professor A.G. Sabirdinov hozirda Turkiyaning Hoji Bayram Vali universiteti professori Vali Savash Yelok, Ozarbayjon Fanlar Akademiyasi olimlari Yashar Qosimov, Almaz Ulvi Binnatovalar va Hindistonning Javoharlal Neru universiteti professori Shahbaz Amillar bilan muntazam uzviy ilmiy aloqada bo‘lib kelmoqda. Xususan, 2018-yilda Turkiyaning Hoji Bayram Vali universiteti bilan hamkorlikda, 2022-yilda “Filologiya ta’limi masalalari: muammo va uning innovatsion yechimlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil qilindi. Hozirgi kunga qadar Amerika, Hindiston, Italiya, Polshaning yuqori impakt faktorli jurnallarida maqolalari chop etilgan. Hindiston, Turkiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston davlatlarida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya va simpoziumlarida o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etib kelmoqda. 2025-yilning aprel oyida Hindistonning Javoharlal Neru universiteti talabalariga dars jarayonida Adabiyotshunoslikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. 2022-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasi ekspert a’zosi va Farg‘ona davlat universiteti ilmiy kengashi qoshidagi ilmiy seminar raisi etib tayinlandi. Hozirda ushbu ilmiy kengashning a’zosi sifatida faoliyat olib bormoqda. Adabiyotshunoslik kafedrasi bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyatida o‘tkaziladigan buyuk mutafakkirlar tavallud kunlarini nishonlash munosabati bilan o‘tkaziladigan anjumanlar va turli davlat tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Bundan tashqari, qator ta’lim muassasalarida keng ko‘lamli o‘quv va kasb-hunarga yo‘naltirish ishlarida ham faol ishtirok etib, seminar-treninglar o‘tkazish orqali yoshlarga bilim berish tajribasi bilan o‘rtoqlashib kelmoqda.