Shomansur Shoxsaidovich Sagdullayev 1951-yil 24-mayda Toshkent shahrida tugʻilgan. U “Shuhrat” medali (2006-y.), Oʻzbekiston Respublikasining Fan va texnika sohasidagi I darajali Davlat mukofoti (2007-y.), “Ilmiy hamkorlik” xalqaro fondining ikkita oltin koʻkrak nishoni (RF, 2007 va 2013-y.y.), “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni (2011-y.), antiaritmik xususiyatga ega boʻlgan dori vositasini ixtiro qilgani (IAP 04737) va uni sanoatda keng koʻlamda ishlab chiqarishni tashkillashtirgani uchun Butunjahon intellektual mulk tashkilotining (BIMT) Oltin medali (2016-y.), “Tyan-Shan” medali (XXR, 2016-y.), fanni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun Qozogʻiston Respublikasi koʻkrak nishoni (2017-y.) hamda Xitoy Xalq Respublikasining “Doʻstlik” Davlat mukofoti (2018-y.) bilan taqdirlangan.Mehnat faoliyatini 1973-yilda Toshkent Politexnika institutining Kimyo-texnologiya fakultetini tamomlagandan soʻng Olmaliq maishiy kimyo zavodi sex boshligʻi sifatida boshlagan. 1975-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti Tajriba-texnologiya laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi lavozimida ishlagan. 1984-yilda “Paxta chigiti chiqindisidan fitin ishlab chiqarish texnologiyasi” mavzusida texnika fanlari nomzodi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 1994–1996-yillarda O‘zR FA O‘MKI qoshida ishga tushirilgan “Uzkur” bosh direktori, 1996–1998-yillarda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani “Tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar palatasi” raisi (jamoatchilik asosida), 1996–2005-yillarda O‘zR FA O‘MKI iqtisod va tijorat bo‘yicha institut direktori o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat olib borgan. 2000-yilda O‘zR IIV qoshidagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida “Savdo iqtisodiyoti va menejmentining fundamental asoslari” bo‘yicha boshqaruvchi xodimlar uchun o‘quv kursini tamomlagan. 2006-yilda O‘simlik moddalari kimyosi instituti direktori etib tayinlangan. 2007-yilda “Aconitum leucostomum, Aconitum septentrionale, Ungernia victoris, Rosa canina va paxta shrotidan dorivor o‘simliklarni kompleks qayta ishlash texnologiyasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2007-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan “Aritmiyaga qarshi yangi “Allapinin” dorivor preparatini ishlab chiqarish va yaratish, uni klinik amaliyotga kiritish hamda katta miqdorlarda ishlab chiqarishni tashkillashtirish” ilmiy ishlari uchun hammualliflari bilan O‘zbekiston Respublikasining Fan va texnika sohasidagi I darajali Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 2016-yilda hammualliflar bilan birgalikda antiaritmik xususiyatga ega boʻlgan dori vositasini ixtiro qilgani (IAP 04737) va uni sanoatda keng koʻlamda ishlab chiqarishni tashkillashtirgani uchun Butunjahon intellektual mulk tashkilotining (BIMT) Oltin medali bilan taqdirlangan. 2016-yilda XXR Fanlar akademiyasi Sinszyan texnik fizika va kimyo instituti professori ilmiy unvonini olgan. 2016-yil Qozog‘iston Respublikasi milliy Fanlar akademiyasi faxriy akademigi etib saylangan. 2018-yilda Toshkent shahridagi “Xitoy an’anaviy tibbiyot markazi”ni tashkil etish loyihasi hamrahbari, ikki davlat fanlar akademiyalari o‘rtasida kadrlar tayyorlashda ilmiy-texnik hamkorlikni kuchaytirish, yangi dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda XXRning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qo‘shgan hissasi uchun Xitoy Xalq Respublikasining “Do‘stlik” Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Sh. Sh. Sagdullayevning tashabbusi va rahbarligida O‘zR Prezidentining 2016-yil 16-sentabrdagi PQ-2595-sonli “GMP talablari asosida o‘simlik xomashyosidan original substansiyalarni va eng ko‘p talab etilgan generiklarni yaratish va ishlab chiqarish uchun O‘MKI tajriba ishlab chiqarish korxonasini modernizatsiyalash va rekonstruksiyalash hamda xalqaro standartlarga ko‘ra biologik faol moddalarning xavfsizligini aniqlash uchun vivariyli laboratoriya tashkil qilish” investitsion loyihasi bajarildi. 2019-yil 18-martda 3 ta moduldan iborat “GMP talablari bo‘yicha dori vositalari substansiyalarini ishlab chiqarish texnologiyalarini sinash ilmiy-texnologik markazi” ochildi. Bugungi kunda ushbu markazda yiliga 150 tonnadan ortiq oʻsimlik xomashyosi qayta ishlanib, 20 dan ortiq turdagi farmatsevtik substansiyalar ishlab chiqarilmoqda hamda mahalliy va xorijiy farmatsevtika korxonalariga yetkazib berilmoqda. Akademik Sh. Sh. Sagdullayev Oʻsimlik moddalari kimyosi institutida ilmiy-tadqiqotlarni fundamental – amaliy – innovatsion tadqiqotlar – tijoratlashtirish – ishlab chiqarishga joriy qilish zanjirini amalga oshirgan olim sifatida tan olinadi. 2019-yilda Xalq demokratik partiyasi tomonidan Mirzo Ulugʻbek tumani deputati hamda Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi etib saylangan. O‘zR Prezidentining “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020-yil 12-avgustdagi PQ-4805-son qaroriga asosan 2021-yildan Respublika kimyogarlar jamiyati tashkil etildi va ushbu jamiyat raisi sifatida Sh. Sh. Sagdullayev faoliyat yuritib kelmoqda. 2020-yildan hozirgi vaqtgacha O‘zR FA O‘MKI huzuridagi DSc.02/30.01.2020.K/T.104.01 raqamli ixtisoslashgan Ilmiy kengash raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu Kengashda 25 ta fan doktori (DSc) va 50 dan ortiq falsafa doktori (PhD) dissertatsiya ishlari muhokama qilingan. 2021-yilda ilmiy-tadqiqot sohasida erishgan yutuqlari hukumatimiz tomonidan munosib baholanib, O‘zbekiston Respublikasi Fan arbobi faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Sh. Sh. Sagdullayev mamlakatimizdagi ilm-fan va ta’limning yetuk olimlari va tashkilotchilaridan biri sanaladi. 2023-yilda Fanlar akademiyasining 80 yilligini nishonlash toʻgʻrisidagi qarorga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi (akademik) etib saylangan. 2025-yil 23-mayda Fanlar akademiyasining umumiy yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Birinchi vitse-prezidenti – bosh ilmiy kotib lavozimiga tayinlangan. Mazkur lavozimda Fanlar akademiyasini takomillashtirish uchun qabul qilingan 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-390-son qaror loyihasini hamda Fanlar akademiyasi nizomini ishlab chiqishda faol ishtirok etdi. Umumiy mehnat faoliyati 53 yil. Sh. Sh. Sagdullayev tashabbusi bilan 2020-yilda institutga yuqori aniqlikdagi JNM-ECZ600R yadro-magnit rezonans spektrometri (JEOL, Yaponiya) olib kelindi va ishga tushirildi. Sh. Sh. Sagdullayev rahbarligida institutda 2006–2026-yillar oraligʻida 26 ta dori vositasi substansiyasi ishlab chiqarishga joriy etildi. Xorijiy davlatlarning 30 dan ortiq yetakchi ilmiy tashkilotlari bilan ilmiy hamkorlik memorandumlari imzolandi, imzolangan memorandum va kelishuvlar asosida 10 dan ortiq xorijiy, 15 dan ortiq mahalliy loyihalarga rahbarlik qilgan hamda loyihalar doirasida yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida muvaffaqiyatli bajargan. Institutda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar asosida ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun 2 ta yangi “Tibbiy kimyo” va “Dorivor oʻsimliklar mikrobiomi” laboratoriyalari tashkil etildi. Uning tashabbusi va rahbarligida institutda 8 dan ortiq xalqaro, 12 ta ilmiy-nazariy konferensiyalar o‘tkazildi. Xalqaro ilmiy anjumanlarda dunyoning 30 dan ortiq davlatidan mashhur kimyogar, biolog, farmakolog, texnolog olimlar, shu sohaning mutaxassislari qatnashib, chuqur ilmiy ma’ruzalar qilinib, muhim yechimlarga erishildi. Tailand poytaxti Bangkok shahrida The 5th International Conference on Herbal and Traditional Medicine boʻlib oʻtgan xalqaro ilmiy anjumanda maʼruza bilan ishtirok etildi. Sh.Sh. Sagdullayev 100 dan ortiq ilmiy-amaliy konferensiya, simpoziumlarda plenar ma’ruzalari bilan ishtirok etgan. Sh.Sh. Sagdullayev mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda tashkil etiladigan innovatsion ko‘rgazmalarda faol ishtirok etib kelmoqda. Olim rahbarligida Xitoy Fanlar akademiyasi olimlari bilan hamkorlikda lappakonitin asosida yangi avlod antiaritmik birikmalar yaratildi. Ilmiy tadqiqotlar natijasida 128 ta yangi hosila sintez qilinib, ularning 92 tasida yuqori biologik faollik aniqlandi. Eng istiqbolli birikmalarning farmakologik xususiyatlari zamonaviy in silico va in vitro usullari bilan oʻrganildi hamda mazkur ishlanmalar Xitoy Xalq Respublikasi va Yevroosiyo patent tashkiloti patentlari bilan muhofaza qilindi. Sh. Sh. Sagdullayev ko‘magida Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasining Shinjon texnik fizika va kimyo instituti (STFKI) tomonidan O‘zbekistonda “Central Asian Research and Production Centre of Biologically Active Compounds” xorijiy korxonasi ro‘yxatdan o‘tkazildi hamda institut huzurida qo‘shma ilmiy laboratoriya tashkil etilib, olimlar almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Gepatit C virusiga qarshi “SOVONTA” samarali dori vositasining O‘zR SSV tomonidan klinik sinovlari ijobiy natijalar bergani uchun keng ishlab chiqarishga va tibbiyotda qo‘llanilishiga ruxsat berildi. Preparatning faol substansiyasi O‘MKI tajriba ishlab chiqarish korxonasida, tayyor dori shakli esa “O‘zbek-Xitoy tibbiyot texnoparki”da ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. Sh. Sh. Sagdullayev xalqaro impakt faktori 0,9 ga (2025-y.) ega, Web of Science va Scopus xalqaro bazalarida indeksatsiyalanadigan “Химия природных соединений” jurnali bosh muharriri sifatida ham faoliyat olib boradi. Ushbu jurnalda har yili 20 dan ortiq xorijiy davlatlar olimlari hamda mamlakatimiz tadqiqotchilarining nufuzli ilmiy-tadqiqot natijalari chop etiladi. Sh.Sh. Sagdullayev rahbarligida gipolipidemik taʼsirga ega yangi peptid ingibitorlari yaratilib, HMG-CoA reduktaza fermentining yuqori samarali ingibitorlari ishlab chiqildi. Ushbu fundamental tadqiqotlar yurak-qon tomir kasalliklarini davolash uchun yangi dori vositalarini yaratishga mustahkam ilmiy asos boʻlib xizmat qildi. “Akademik va yoshlar” kongressi doirasida talaba-yoshlar bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish, innovatsion fikrlashni shakllantirish va ilmiy faoliyatni samarali tashkil etish boʻyicha maʼruzalar muntazam qilinadi. Akademik Sh.Sh. Sagdullayevning ilmiy faoliyati natijalari 500 dan ortiq ilmiy ishlarda, jumladan, Scopus va Web of Science xalqaro bazalarida indeksatsiyalangan 150 dan ortiq maqolalarda, 80 dan ortiq milliy va 3 ta xorijiy patentlarda, bir qator monografiyalarda oʻz aksini topgan. Olimning Web of Science xalqaro bazasida hirsh indeksi 12 ga teng. Uning ilmiy rahbarligida 20 dan ortiq tadqiqotchi (11 nafar PhD va 12 nafar DSc) dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan boʻlib, ular bugungi kunda respublika va xorijdagi ilmiy markazlarda samarali faoliyat yuritmoqda.