Olim

SAIDOV AMIN SAFARBOYEVICH

Fizika-matematika fanlari doktori, professor

Saidov Amin Safarboyevich 1939-yil 1-yanvarda O‘zbekistonning Xorazm viloyati, Mang‘it shahrida tug‘ilgan. U O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika institutining “Yarimo‘tkazgichli kristallarni o‘stirish” laboratoriyasi mudiri hisoblanadi. Ushbu laboratoriya 1959-yilda akademik Saidov Muxtar Safarboyevich tomonidan tashkil etilgan. O‘ngdan chapga prof Saidov A.S., akademik Saidov M.S., 2000 y.

Ilmiy qiziqishlari sohasi: Olmos tipidagi yarimo‘tkazgichlarda aralashmalarning o‘zaro ta’siri hamda kremniy, galliy arsenidi, alyuminiy-galliy arsenidi, shuningdek yuqori qarshilikli, bir jinsli va varizonli qattiq qorishmalarni o‘stirishning fizik asoslari: IV1-xIVx, (IV2)1-x(A3B5)x, (IV2)1-x(A2B6)x, (IV2)1-x-y(A3B5)x(A2B6)y, hamda ular asosida geterostrukturalar yaratish. Ma’lumoti: 1957–1962 yillar - Samarqand davlat universiteti (sobiq O‘zbekiston davlat universiteti) talabasi; 1964–1966 yillar - Rossiya Fanlar akademiyasining A.F. Ioffe nomidagi Fizika-texnika institutida stajyor-tadqiqotchisi; 1967–1969 yillar – Rossiya Fanlar akademiyasi A.F. Ioffe nomidagi Fizika-texnika instituti aspiranti. O‘ngdan chapga: Azimov S.A., Umarov T.Y., Shiglov Sh.P., Alferov J.I., Sokolov. Saidov M.S., G‘ulomov K.G., Saidov A.S., 1981 y.

Yutuqlari: 1970 yilda Sankt-Peterburg shahrida “Past haroratlarda yarimo‘tkazgichlarni legirlashning o‘tish sohasida pyezogalvanomagnit hodisalar” mavzusida fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasi dissertatsiyasini himoya qilgan. O‘ngdan chapga: Saidov A.S., nobel mukofoti sovrindori akademik Proxrov A.M., prof. Sokolov V.V., 1981 y. O‘ngdan chapga: prof. Saidov A.S., nobel mukofoti sovrindori akademik Alfyorov J.I., 2010 yilda Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyadan keyin. 1983–1985-yillarda Sankt-Peterburg shahrida A.F. Ioffe nomidagi Fizika-texnika institutida “Olmos tipidagi yarimo‘tkazgichlarda aralashmalarning o‘zaro ta’siri va suyuq fazadan yuqori qarshilikli bir jinsli strukturalarni o‘stirishning fizik asoslari” mavzusida fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasi dissertatsiyasini himoya qilgan. “Yarimo‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi” ixtisosligi bo‘yicha professor. 2002-yilda A.S. Saidov nomi kristallografiya bo‘yicha xalqaro ensiklopediyaga kiritilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 23-avgustdagi PF-3912-son Farmoniga muvofiq, fan va texnika, adabiyot, san’at va arxitektura sohalarida 2007 yilgi Davlat mukofotlari doirasida xalqaro miqyosda tan olingan fundamental tadqiqotlari, xususan “Yangi yarimo‘tkazgich qattiq qorishmalari va yarimo‘tkazgichlarda kirishmalar bilan bog‘liq bo‘lgan effektlar” nomli ishlari uchun A.S. Saidov O‘zbekiston Respublikasining Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. O‘ngdan chapga: prof: Saidov A.S., O‘zR birinchi prezidenti Karimov I.A., 2007 y.

Saidov Amin Safarboyevich — yarimo‘tkazgichli materiallar sohasida taniqli fizik olim. U “Yangi turdagi uzluksiz o‘rin almashuvchi yarimo‘tkazgich qattiq qorishmalarining mavjudligi va ularni qo‘llash istiqbollari” konsepsiyasini yaratgan. Mazkur konsepsiyada ikkinchi komponent molekulalari yoki hatto ko‘p atomli komplekslari bilan almashinish hisobiga yangi qattiq qorishmalar hosil bo‘lishi mumkinligi nazariy va tajribaviy asoslab berilgan. Ushbu konsepsiyani ishlab chiqishda qattiq qorishmalarni o‘rganish jarayonida A.S. Saidov quyidagi g‘oyalarni ilgari surgan: A) C₂, Si₂, Ge₂, Sn₂ kabi elementar molekulalar, shuningdek ularning CGe, CSiGe, SiSn, GeSn kabi birikmalari ma’lum termodinamik sharoitlarda hosil bo‘ladigan hamda an’anaviy faza (holat) diagrammalarida kuzatilmaydigan yanada murakkab kombinatsiyalari yangi kimyoviy birikmalar hisoblanadi; B) Ushbu yangi kimyoviy birikmalar va ular asosidagi qattiq qorishmalar gaz yoki suyuq fazadan epitaksial qatlamlarni past haroratlarda kristallantirish jarayonida hosil bo‘ladi. Yangi materiallarning mavjud bo‘lishligini oldindan bashorat qilish maqsadida ko‘p komponentli tizimlar uchun eruvchanlikni aniqlash formulasi taklif etilgan. Shu asosda o‘rin almashish tipidagi uzluksiz qattiq qorishmalarning hosil bo‘lish shartlari ishlab chiqilgan. Ushbu shartlar quyidagilarni nazarda tutadi: eritma hosil qiluvchi komponentlar molekulalaridagi atomlar valentliklari yig‘indisining teng bo‘lishi; molekulalar atomlarining kovalent radiuslari yig‘indilarining o‘zaro yaqin qiymatlarda bo‘lishi. Mazkur konsepsiyani ishlab chiqish jarayonida quyidagi turdagi qattiq qorishmalar keng sinfining mavjud bo‘lishligi oldindan bashorat qilingan: (IV2)1-x(III-V)x, (IV2)1-x(II-VI)x, (IV2)1-x(I-VII)x, (IV-IV)1-x(III-V)x, (IV-IV)1-x(II-VI)x, (IV4)1-x(II-IV-V2)x, (2III-V)1-x(II-IV-V2)x, (II-IV)1-x(III2)xV2, (bu yerda I, II, …, VII kimyoviy elementlar Davriy jadvali guruhlarida joylashgan elementlarni bildiradi). Ular yarimo‘tkazgich materiallari fundamental xossalarining butun diapazonini qamrab oladi. Bu xossalar eng tor ta’qiqlangan energiya zonasiga ega (InSb)1-x(Sn)x dan boshlab, keng ta’qiqlangan zona energiyasiga ega, super qattiq, olmosga o‘xshash (C2)1-x(BN)x qattiq qorishmalarigacha bo‘lgan yarimo‘tkazgich materiallarini qamrab oladi. Yarimo‘tkazgich kristallarni o‘stirish laboratoriyasi xodimlari, 2010 y.

Saidov A.S. yarimo‘tkazgich materiallar va metallardan iborat bo‘lgan eritmalar uchun yangi model taklif etdi, unga ko‘ra, elementar yarimo‘tkazgichlar hamda III-V va II-VI binar birikmalar erituvchi metallarda eriganda (bu moddalarning erish nuqtasidan sezilarli darajada past haroratlarda) asosan molekulalar ko‘rinishda bo‘ladi. Ushbu model hamda elementar yarimo‘tkazgichlarning III–V va II–VI guruh binar birikmalari molekulalari bilan molekulyar o‘rin almashuvi konsepsiyasiga asoslanib A.S. Saidov va u rahbarlik qilayotgan laboratoriya xodimlari tomonidan yarimo‘tkazgich materiallari sintezi nazariy jihatdan asoslab berildi. Mazkur nazariy yondashuv asosida suyuq fazali epitaksiya usuli yordamida kremniy tagliklarida yarimo‘tkazgichlarning varizonli uzluksiz qattiq qorishmalariga mansub bo‘lgan 9 ta yangi sinf materiallari muvaffaqiyatli sintez qilindi: 1-sinf - IV1-xIVx: Si1-xGex, Si1-xSnx, Ge1-xSnx; 2-sinf - (IV2)1-x(АIIIВV)x: (Ge2)1-x(GaAs)x, (Si2)1-x(GaP)x, (Ge2)1-x(InP)x, (Sn2)1-x(InSb)x, (Si2)1-x(GaSb)x, (Si2)1-x(GaAs)x; 3-sinf - (IV2)1-x(АIIВVI)x: (Ge2)(1-x)(CdTe)x, (Ge2)1-x(ZnSe)x, (Si2)1-x(ZnS)x, (Si2)1-x(CdS)x, (Si2)1-x(ZnSe)x; (Si2)1-x(GaN)x; 4-sinf - (IV2)1-x-y(АIIIВV)x(АIIВVI)y: (Ge2)1-x-y(GaAs)x(ZnSe)y, (Si2)1-x-y(GaP)x(ZnSe)y; 5-sinf - (АIIIВV)1-х(АIIВVI)х: (GaAs)1-x(ZnSe)x; 6-sinf - (IV2)1-x-y(IV2)x(AIIBVI)y: (Si2)1-x-y(Sn2)x(ZnS)y; 7-sinf - (IV2)1-x-y(IV2)x(IV2)y: (Si2)1-x-y(Sn2)x(Ge2)y; 8-sinf - (IV2)1-x-y-z(IV2)x(AIIIBV)y(AIIBVI)z: (Si2)1-x-y-z(Ge2)x(GaAs)y(ZnSe)z; 9-sinf - (IV2)1-x-y-z-θ(IV2)x(IV2)y(AIIBV)z(AIIBVI)θ: (Si2)1-x-y-z-θ(Ge2)x(Sn2)y(GaAs)z(ZnSe)θ. O‘ngdan chapga: prof. Saidov A.S., nobel mukofoti sovrindori akademik Alfyorov J.I., 2015 yil Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyadan keyin. Umumiy hisobda 24 ta yangi varizonli qattiq qorishmalarning epitaksil qatlamlari olingan bo‘lib, ularning 90 foizi kremniy (Si) tagliklarida, 5 foizi germaniy (Ge) tagliklarida hamda 5 foizi galliy arsenidi (GaAs) tagliklarida o‘stirilgan. Olingan kremniy tarkibli qattiq qorishmalarning bir qismidan kremniy asosidagi yuqori samaradorlikka ega monolit kaskadli quyosh elementlarini yaratishda bufer qatlam sifatida foydalanish imkoniyati ilmiy jihatdan asoslab berilgan. Ushbu materiallarning yana bir qismi yupqa qatlamli quyosh elementlarini ishlab chiqishda istiqbolli yarimo‘tkazgich materiallar sifatida taklif etilgan. Bundan tashqari, quyosh hamda issiqlik energiyasini elektr energiyasiga aylantiruvchi termofotovoltaik tizimlar uchun fotoelementlar yaratishda qo‘llash mumkin bo‘lgan qattiq qorishmalar ham taklif etilgan. Ushbu qattiq qorishmalar va ular asosida olingan p-n- o‘tishlarning strukturaviy, elektrofizik, optik, fotovoltaik, termovoltaik va lyuminessent xossalari tadqiq etilda va shu asosda quyidagi yangi 3 ta fizik effektlari aniqlandi: 1) termovoltaik effekti – tarkibi o‘zgaruvchan yarimo‘tkazgichlarda tashqi temperatura gradiyentisiz termo elektr yurituvchi kuchning hosil bo‘lishi; 2) fototermovoltaik effekti - tarkibi o‘zgaruvchan yarimo‘tkazgichlarda yorug‘lik va issiqlik energiyalari ta’sirida termo elektr yurituvchi kuchning hosil bo‘lishi; 3) molekulyar kirishmalar asosida yaxlit monolit yarimo‘tkazgich kristalida ko‘prangli nurlanishning hosil bo‘lishi effekti. Professor A.S. Saidov rahbarligidagi “Yarimo‘tkazgichli kristallarni o‘stirish” laboratoriyasi ilmiy xodimlari, mart 2026 y.

Amin Safarboyevich Saidov yarimo‘tkazgich materiallar fizikasi va yangi funksional materiallar sintezi sohasida samarali ilmiy faoliyat olib borayotgan yetuk olimlardan biridir. U jahon amaliyotida ilk bor ekologik toza texnologiya - quyosh pechida qayta eritish usuli yordamida tozaligi 96 % bo‘lgan texnik kremniydan 99,9 % tozalikka ega polikristall kremniy olishga muvaffaq bo‘lgan. A.S. Saidovning ilmiy ishlari asosan kremniy asosidagi yangi materiallar va geterostrukturalarni yaratishga qaratilgan. Hozirgi kunda u kremniy tagliklarida kvant nuqtalari va kvant o‘ralarini o‘z ichiga olgan yangi qattiq qorishmalarni sintez qilish, shuningdek suyuq fazali epitaksiya usuli yordamida murakkab geterostrukturalarni o‘stirish bo‘yicha tadqiqotlar olib bormoqda. Olim tomonidan yaratilayotgan ushbu materiallar asosida 0,4–1,0 µm to‘lqin uzunliklari diapazonida hamda 70–80 °C harorat oralig‘ida samarali ishlovchi fotoelementlarni ishlab chiqish imkoniyati mavjud. Shuningdek, mazkur materiallar asosida qizil, sariq, ko‘k va oq ranglarda nurlanuvchi yorug‘lik diodlarini yaratish istiqbollari ham keng o‘rganilmoqda. Professor A.S. Saidovning ilmiy faoliyati zamonaviy mikroelektronika, optoelektronika va qayta tiklanuvchi energiya texnologiyalari uchun istiqbolli materiallarni yaratishga xizmat qilmoqda. A.S. Saidov 300 dan ortiq ilmiy ishlar, shu jumladan 3 ta monografiya, 1 ta maqolalar to‘plami va 40 ta ixtiro patentlari muallifi va hammuallifidir. Ilmiy maqolalarining 261 ga yaqini xorijiy tillarda (ingliz va rus) jahonning (AQSh, Kanada, Yevropa, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Korea, Xitoy kabi) nufuzli jurnallarida chop qilingan. Uning rahbarligida 12 ta fan nomzodlari va 2 fan doktorlari dissertatsiya ishlarini himoya qilishgan. Saidov Amin Safarboyevich fidoyi inson, mehribon ustoz.