Sirojiddin Sayyid (Saidov Sirojiddin Salohovich) — O‘zbekiston xalq shoiri, taniqli adib, tarjimon hamda davlat va jamoat arbobi. U 1958-yilning 30-oktabrida Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanidagi Kundajuvoz qishlog‘ida dunyoga kelgan. Bolalik chog‘laridan boshlab matalg‘uylik, dostonxonlik muhitida, ertak va afsonalar olamida tarbiya topgan. Bo‘lajak shoirning shaxs va ijodkor sifatida shakllanishida Oybibi momosi, Saidumar amakisi va Islomiddin tog‘asidan eshitgan xalq qo‘shiqlari, Abduvahob bobosi hamda Vahob shoirning she’rlari, shuningdek, onasi Xolbibi Nasriddin qizi aytgan naqlu hikoyatlar beqiyos o‘rin tutgan. U o‘z tug‘ilgan yeri — suvlar, jilg‘alaru daryolar, yeru osmon, tog‘u toshlar hamda dala-dashtlardan ta’lim olib ulg‘aygan. Sirojiddin Sayyid 1964–1974-yillarda o‘rta maktabda ta’lim olgach, Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy Universiteti)ning jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirib, uni 1979-yilda muvaffaqiyatli tamomlagan. 1974–1979-yillardagi talabalik davri tom ma’noda uning umriy va ijodiy qismatini belgilab bergan. Izlanish va qizg‘in mutolaa yillariga aylangan talabalik davrining sinovlari, taqlid va takrorlari, moddiy qiyinchiliklari — ba’zan pul qolmaganda qotgan nonlarni choyga bo‘ktirib yeb mutolaa qilishlari — uning o‘z yo‘li va ovozini topishida, shaxs hamda shoir sifatida shakllanishida alohida ahamiyat kasb etgan. Shoirning ilk qadamlari maktab yillariga borib taqaladi. Uning «Xayrullaning komandasi» nomli ilk hikoyasi 1972-yilda — sakkizinchi sinfda o‘qib yurgan chog‘laridayoq respublika bolalar gazetasida bosilgan bo‘lib, bu shingil hikoya birga koptok tepib yurgan sinfdosh jo‘ralariga bag‘ishlangan edi. 1975-yilda «Toshkent Universiteti» gazetasida «Orzu» va «Istak», so‘ngra «Sariosiyo haqiqati» gazetasida «Sevgi» va «Orzu» nomli ilk she’rlari chop etildi. 1985-yilda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda «Ruhim xaritasi» nomli ilk kitobi choptatildi. Piyozning po‘stlog‘iday yupqa, «iqtisod qilingan qog‘oz hisobiga bosilgan» bu to‘plam nochor ko‘rinishda bo‘lsa-da, tez orada ancha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. O‘sha davr mustabid tuzum mafkurasi kitobchadagi she’rlarni g‘oyasizlikda ayblab, matbuotda keskin tanqidga uchratdi. Biroq ko‘p o‘tmay «Yoshlik» jurnalida ustozlar xayrixohligi bois bosilgan «Saksoninchi yillar» dostoni Sirojiddin Sayyidni shoir sifatida keng jamoatchilikka tanitdi. Shundan so‘ng adibning «Salqin harsanglar kaftida» (1986), «Sevgi mamlakati» (1987), «Asragil» (1990), «Mehr qolur, muhabbat qolur» (1992), «Kuydim» (1994), «Ko‘ngil sohili» («Shamnoma», to‘rtliklar, 1995), «Uyingdagi beshiklar» (1996), «Vatanni o‘rganish» (1996), «Egasi bor yurt» (2001), «Vatan mezoniy/abadiy» (2001), «Ustimizdan o‘tgan oylar» (2003), «Qaldirg‘ochlarga ber ayvonlaringni» (2005), «Ko‘ksimdagi zangorlarim» (2005), «Dil fasli» (2007), «Yashasin yomg‘irlar» (badialar, suhbatlar, adabiy maqolalar, 2007), «Bug‘doybo‘y Vatan» (badialar, maqolalar, 2011), «Ochil, ey gul, ki bo‘ston vaqti bo‘ldi» (2014), «Onamning kulchalari», «Matonat manzumasi», «Alamli dunyoda alamli gulim» (2019), «Eldoshlarim, dildoshlarim» (2021), «Xayyomdan bir kosa, Rumiydan bir jom» (2021), «So‘zmunchoq» (2022), «Vaqt haykali» (2023) va «Millat baxtin so‘rar millat otasi» (2023) kabi ko‘plab kitoblari nashr etildi. Shuningdek, 2008-yilda «Sharq» nashriyotida shoirning «So‘z yo‘li» nomli ikki jildli saylanmasi hamda 2018-yilda «Asarlar» nomli to‘rt jildli saylanmasi kitobxonlar qo‘liga tegdi. Sirojiddin Sayyid she’riyatida xalq og‘zaki ijodiga xos sodda, lo‘nda ifoda usuli va xalqchillik mumtoz adabiyotimizdagi zarif ohanglar hamda musiqiy tovlanishlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Shoir ijodida bugungi voqelik hamda kishilarning ruhiy olamida yuz berayotgan o‘zgarishlar, tug‘ilgan yurt va Vatan haqidagi sog‘inch hamda mehru muhabbat bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi. U ko‘pqirrali ijodkor sifatida zamonaviy o‘zbek she’riyati va epik janri rivojida alohida o‘ringa ega. Shoirning «Tanazzul» (1989), «To‘palondaryo bilan xayrlashuv» (1992), «Yaxshilik eskirmaydi» (Qirq hadis, 1992–2001), «Laylakqor va odamzod rivoyati» (1998), «Bahor Surxondan boshlanar» (2002), «Yuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur» (2010), «Vaqt haykali» hamda 2024-yilda e’lon qilingan «Zamon qasri» dostonlari mustaqillik yillari epik janr qiyofasini yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi. Adib tarjimonlik sohasida ham mahorat ko‘rsatgan. U rus she’riyatining gultoji A.S. Pushkin lirikasi namunalarini, Andrey Voznesenskiyning «Mangu rizq» (1991) she’riy va nasriy kitobini, bulg‘or shoiri Lyubomir Levchev she’rlarini, Pablo Pikassoning she’riy tajribalarini, Abu Homid G‘azzoliyning «Munojot lazzati» hikmatlarini, Jaloliddin Rumiy va Hofiz Sheroziy g‘azallari hamda hikmatlarini, shuningdek, Ro‘dakiy, Aleksandr Faynberg va Loyiq Sherali she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girdi. O‘z navbatida, Sirojiddin Sayyidning she’r va dostonlari rus, turkman, ukrain, belorus, tojik, qozoq, ozarbayjon va turk tillariga tarjima qilingan. Sirojiddin Sayyid umumiy 41 yildan ortiq mehnat stajiga ega bo‘lib, mas’uliyatli davlat va jamoat ishlarida faoliyat yuritib kelmoqda. U 2018-yil 11-apreldan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi lavozimida xizmat qilmoqda, 2020-yildan esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi hisoblanadi. Shoirning adabiyot va jamiyat oldidagi xizmatlari yuksak baholanib, u 1999-yilda «Do‘stlik» ordeni, 2006-yilda «O‘zbekiston xalq shoiri» faxriy unvoni, 2018-yilda «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni va O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti, 2021-yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan. Hazrati Boburga bag‘ishlangan doston uchun unga 2010-yilda Bobur jamoat fondining Xalqaro mukofoti berilgan. Shuningdek, adib 2023-yilda Chingiz Aytmatov Xalqaro akademiyasi faxriy akademigi, 2024-yilda Qozog‘iston Respublikasining «Hurmat» ordeni hamda Turkmanistonning Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi medali bilan, 2025-yilda «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan. Bugungi kunda Sirojiddin Sayyid nafaqat milliy she’riyatimiz an’analarini munosib davom ettirib kelayotgan yetuk shoir, balki zamonaviy o‘zbek adabiy jarayonini rivojlantirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va milliy adabiyotimizni xalqaro maydonda targ‘ib etish yo‘lida xizmat qilib kelayotgan ko‘zga ko‘ringan jamoat arbobidir. Uning ona Vatan, el-yurt va insoniy tuyg‘ularni ulug‘lovchi asarlari kitobxonlar qalbidan chuqur joy olgan