Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan meʼmor, meʼmorchilik fanlari nomzodi, meʼmorchilik dotsenti, Oʻzbekiston Respublikasi “Turon” Fanlar akademiyasi akademigi Sadikov Nematjon Ismailovich 55 yilini Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi hamda shaharsozligiga, shuningdek, Oʻzbekiston va Turkiy dunyo mamlakatlarining madaniy merosini ommalashtirishga bagʻishladi. Sadikov Nematjon Ismailovich 1941-yilda Qoʻqon shahrida tugʻilgan. 1965-yilda Toshkent politexnika institutini (bugungi Toshkent davlat politexnika universiteti) tamomlagan. 1970-yilda Moskva meʼmorchilik institutida (MARXI) meʼmorchilik nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqlagan. 1970–1974-yillarda Samarqand davlat meʼmorchilik-qurilish institutining “Meʼmorchilik nazariyasi va tarixi” kafedrasi mudiri, soʻngra Meʼmorchilik fakulteti dekani lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1976-yilda N. I. Sadikov Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovich Vohidov bilan bir qatorda birinchi boʻlib (01-sonli medal va Diplom) Oʻzbekiston Lenin komsomoli mukofotiga sazovor boʻlgan. Oʻzbekiston xalq rassomi – Chingiz Gabdurahmanovich Ahmarov tomonidan 1965-yil 27-oktabrda chizilgan Nematjon Sadikovning portreti.
Nematjon Ismailovich oʻz umrining 16 yilini (1974–1989-yy.) Samarqand shahrining bosh meʼmori lavozimida meʼmorchilik va shaharsozlik faoliyatiga bagʻishladi; Oʻrta Osiyo meʼmorchilik hamda shaharsozlik nazariyasi va tarixi ilmiy-tadqiqot institutining Samarqand filiali direktori (1989–1991-yy.) hamda keyinchalik Samarqand shahar hokimining oʻrinbosari (1991–1993-yy.) sifatida madaniy merosning oʻziga xosligi va asl koʻrinishini asrab-avaylash uchun chin dildan qaygʻurdi. Oʻzbekiston Respublikasida Shahzoda Ogʻa Xon meʼmorchilik jamgʻarmasining rasmiy vakili sifatida mamlakatimizni masʼuliyat bilan namoyon etdi. Oʻzbekiston Meʼmorlar uyushmasining vitse-prezidenti lavozimida (1996–1998-yy.) faoliyat yuritdi. 1989-yilda Shahzoda Ogʻa Xon meʼmorchilik mukofoti shafeligida Samarqand shahrida Mirzo Ulugʻbek madaniyat markazining meʼmorchilik loyihalari boʻyicha yuqorida taʼkidlangan xalqaro tanlov tashkil etildi. Ushbu tanlovda N. I. Sadikov tashkilotchi va hakamlar hayʼati aʼzosi boʻldi. Sobiq SSRI hududida ilk bor oʻtkazilgan ushbu tanlovda dunyoning 62 mamlakatidan 685 ta loyiha ishtirok etdi. Samarqand shahridagi Mirzo Ulugʻbek nomidagi madaniyat markazining eng yaxshi meʼmorchilik gʻoyasi boʻyicha Xalqaro tanlov yakunlariga koʻra 5 nafar gʻolib mukofotga sazovor boʻldi (mukofot jamgʻarmasi har bir gʻolib uchun 30 ming AQSh dollarini tashkil etdi) va 8 nafar ishtirokchi faxriy diplomlar bilan taqdirlandi. N. I. Sadikovning Qozogʻistondagi ilmiy-pedagogik faoliyati 1998–2000-yillarda Janubiy Qozogʻiston ochiq universitetining “Meʼmorchilik” kafedrasi mudiri lavozimidan boshlandi. Keyinchalik 2001–2004-yillarda Janubiy Qozogʻiston ochiq universitetining ilmiy ishlar boʻyicha prorektori, professori sifatida muvaffaqiyatli davom etdi. N. I. Sadikovning Qozogʻistondagi loyihalash va ijodiy faoliyati bir qator muvaffaqiyatli amalga oshirilgan loyihalar bilan belgilandi: qadimiy Turkiston shahrining tarixiy hududidagi ziyoratchilar markazi (2001-y.), “Mega Shymkent” savdo-koʻngilochar markazi (2003–2007-yy.), Sayram tarixiy hududi markazining rekonstruksiyasi (2006-y.), Respublika shohkoʻchasidagi “Madlen” qahvaxonasi (2009-y.), Sayram tumanining Qoramurt qishlogʻidagi Jonis Bobo maqbarasi (2010-y.), Shimkent shahridagi Tauk-xon koʻchasida joylashgan flebologiya klinikasi (2013-y.) va Taroz shahri aeroportining rekonstruksiyasi (2015-y.). Meʼmor N. I. Sadikov tomonidan bunyod etilgan meʼmorchilik obyektlarining toʻliq roʻyxati quyida keltirilgan.
Samarqand shahrining bosh meʼmori N. I. Sadikovning 1976-yilda Oʻzbekiston Respublikasi rahbari Sh. R. Rashidovga bergan “Registon maydonida yer sathini pasaytirish va obodonlashtirish toʻgʻrisida”gi maruzasi (chapdan oʻngga: N. I. Sadikov, V. P. Kuksenko, Sh. R. Rashidov va B. R. Rahimov).
Samarqand delegatsiyasining Shahzoda Ogʻa Xon bilan “Samarqanddagi Mirzo Ulugʻbek markazi”ning eng yaxshi loyihasi boʻyicha Meʼmorlar xalqaro tanlovini oʻtkazish masalasiga bagʻishlangan uchrashuvi (Qohira shahri, Misr, 1989-yil). N. I. Sadikovning meʼmorchilik va qurilish sohasidagi faoliyati 2007-yilda Janubiy Qozogʻiston viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun Janubiy Qozogʻiston viloyati hokimining faxriy yorligʻi bilan eʼtirof etildi. 2010-yilda N. I. Sadikov Shimkent shahridagi “Mega Center Shymkent” savdo-koʻngilochar markazi binosini loyihalashtirgani va qurgani uchun Qozogʻiston Meʼmorlar uyushmasining 1-darajali Diplomi bilan taqdirlandi. 2010-yilda Nematjon Ismailovich meʼmorchilikni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun Turkiy davlatlar meʼmorlari va shaharsozlari uyushmasining Faxriy diplomi bilan mukofotlandi. Meʼmor Nematjon Sadikovning ijodiy yutuqlari u milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylashga qanchalik unumli intilgan boʻlsa, shunchalik salmoqli boʻldi. Yuksak maʼnaviyatli inson, kelajakni koʻra oladigan ijodkor shaxs sifatida Nematjon Sadikov har doim mahalliy meʼmorchilikning boy anʼanalariga tayanib, yangiliklarni anglashga intiladi. Samarqand shahridagi “Kashshoflar uyi” – hozirgi “Barkamol avlod markazi” (meʼmor V. Chergadze bilan hammualliflikda), 1976-yil. Samarqand shahridagi GUM (Markaziy universal do‘kon) binosi (me’mor L. Komissar bilan hammualliflikdagi loyiha), 1987–1989-yillar. “Mega Center Shymkent” savdo-koʻngilochar markazi, 2003–2004-yillar. Qoʻqon va Fargʻona shaharlarida “50 let Oktyabrya” (hozirgi Abu Tayyib Xoʻqandiy) koʻchasidagi turar joy binolari. Turkistondagi ziyoratchilar markazi tarkibidagi masjid, 2001-yilda bunyod etilgan. Samarqand shahri temir yo‘l vokzali (me’mor V. Batiryov bilan hammualliflikdagi loyiha).
“Mega Center Shymkent” savdo-koʻngilochar markazi Meʼmor N. I. Sadikov, 2003–2004-yillar.
ME’MOR NEMATJON SADIKOV TARAFIDAN BUNYOD ETILGAN OBYEKTLAR ROʻYXATI(loyiha muallifi va hammuallifi sifatida) 1. Toshkent viloyatidagi Chorvoq suv ombori dam olish zonasini rejalashtirish loyihasi — 1966-y. 2. Samarqand shahridagi Shoirlar bogʻi — 1973-y. 3. Samarqand shahridagi Yu. O. Oxunboboyev haykali — 1974-y. 4. Samarqand viloyati Paxtachi tumani markazidagi Oʻzbekiston Qahramoni Qudrat Suyunov haykali — 1974-y. 5. Samarqand shahridagi Registon maydonini obodonlashtirish va yer sathini pasaytirish — 1975–1976-yy. 6. Samarqand shahridagi “Kashshoflar uyi” (meʼmor V. Chergadze bilan hammualliflikda) — 1976-y. 7. Samarqand shahridagi A va B mikrorayonlarining II navbati loyihasi (meʼmor R. Usmanayev bilan hammualliflikda) — 1977-y. 8. Samarqand shahridagi 36 ming aholiga moʻljallangan Sari-Tepa turar joy tumanining batafsil rejalashtirish loyihasi (meʼmor A. Aleksandrovich va Sh. G. Sadikova bilan hammualliflikda) — 1978-y. 9. Samarqand shahridagi 56 ming aholiga moʻljallangan Choʻponota turar joy tumanining batafsil rejalashtirish loyihasi (meʼmor J. Malibekov bilan hammualliflikda) — 1979-y. 10. Samarqand shahrining tarixiy hududini rekonstruksiya qilish loyihasi — 1978–1980-yy. 11. Samarqand shahridagi “Geofizika” turar joy bino majmualari — 1981–1982-yy. 12. Samarqand shahrini batafsil rejalashtirish loyihasi (meʼmor A. Aleksandrovich bilan hammualliflikda) — 1982-y. 13. Samarqand shahrining Bosh rejasi (hammuallif) — 1983–1986-yy. 14. Samarqand shahridagi Toshkent koʻchasini rekonstruksiya qilish (meʼmorlar A. Atuchin, A. Redvkin, A. Ammanov bilan hammualliflikda) — 1984–1989-yy. 15. Samarqand shahridagi GUM (Markaziy universal doʻkon) binosi (meʼmor L. Komissar bilan hammualliflikda) — 1987–1989-yy. 16. Samarqand shahridagi “Geologlar shaharchasi”dagi eksperimental turar joy bino majmualari — 1989-y. 17. Samarqand shahri temir yoʻl vokzali (meʼmor V. Batiryov bilan hammualliflikda) — 1989–1992-yy. 18. “Sogʻdiyona” savdo markazi (meʼmor M. Shaydayev bilan hammualliflikda) — 1990–1991-yy. 19. Yoshlar uyi va kuylaydigan favvoralar (meʼmor Sergo Sutyagin bilan hammualliflikda) — 1992–1993-yy. 20. Navoiy shahridagi Amir Temur bogʻi — 1992-y. 21. “Firuza gumbazlar” (meʼmor Vil Muratov bilan hammualliflikda) — 1993–1994-yy. 22. Samarqand shahridagi “Kümush rasta” loyihasi — 1994–1995-yy. 23. Qoʻqon shahridagi Xudoyorxon saroyi qoshidagi Chorbogʻ — 1995–1996-yy. 24. Qoʻqon va Fargʻona shaharlaridagi “50 let Oktyabrya” (hozirgi Abu Tayyib Xoʻqandiy) koʻchasida joylashgan 5 ta eksperimental koʻp qavatli turar joy binosi — 1995–1997-yy. 25. Samarqand shahri Shohruh Mirzo koʻchasidagi Markaziy bank Samarqand viloyati boshqarmasi binosining ikkinchi navbati — 1997–1998-yy. 26. Qozogʻistonning Shimkent shahri Al-Farobiy nomidagi markaziy maydon zangdor soati (kurant) — 1998-y. 27. Qozogʻistonning Turkiston shahridagi Ziyoratchilar markazi — 1999–2000-yy. 28. Turkiston shahridagi Ziyoratchilar markazi tarkibidagi 50 oʻringa moʻljallangan masjid — 2001-y. 29. Shimkent shahridagi Moldabekova Ingliz madaniyat markazi — 2001–2002-yy. 30. Shimkent shahri qalʼasini (Sitadel) tiklash, jumladan, oʻlkashunoslik muzeyi va “Osiyo dauisi” ochiq teatri — 2002-y. 31. Qozogʻiston–Kuvayt universitetining oʻquv korpusi — 2002-y. 32. Shimkent shahri Jangildin koʻchasidagi Pedagogika institutining oʻquv korpusi — 2002–2003-yy. 33. “Mega Center Shymkent” savdo-koʻngilochar markazi — 2003–2004-yy. 34. Janubiy Qozogʻiston viloyatining Chilla-Qoʻrgʻon qishlogʻidagi 100 oʻringa moʻljallangan masjid — 2004-y. 35. Janubiy Qozogʻiston viloyatidagi Qashqa-Suv va Toldibuloq qishloqlarida 100 oʻringa moʻljallangan masjid — 2005-y. 36. Shardara suv omboridagi “NIMEX” korporatsiyasining “Oltin plyaj” dam olish zonasi — 2005-y. 37. “NIMEX” korporatsiyasining Divayev koʻchasi 9-uyda joylashgan maʼmuriy binosini rekonstruksiya qilish — 2006-y. 38. Sayram tarixiy markazini rekonstruksiya qilish — 2005–2007-yy. 39. Olmaota viloyatining Oqbuloq qishlogʻidagi masjid — 2007-y. 40. Sayram qishlogʻidagi Ibrohim ota va Qorasoch maqbaralarini rekonstruksiya qilish — 2006–2007-yy. 41. Qorqut ota majmuasi markazini rekonstruksiya qilish — 2007–2008-yy. 42. Qiziloʻrda viloyati Boyqoʻngʻir shahridagi 1200 oʻrinli maktab va 280 oʻrinli bolalar bogʻchasi — 2008–2009-yy. 43. Olmaota viloyati Otar qishlogʻida Amerika “Bechtel” kompaniyasi uchun “BSL va tirik inaktivatsiyalangan vaksina” laboratoriyasi binosi — 2009-y. 44. “Otrar” telekompaniyasining studiya binosi — 2010–2012-yy. 45. Shimkent shahridagi “Yevroosiyo banki” filiali — 2010–2012-yy. 46. Qiziloʻrda shahridagi Savdo markazi — 2010–2012-yy. 47. Shimkent shahri Qoʻnayev koʻchasidagi Fitnes markazi — 2012-y. 48. Qoramurt qishlogʻidagi Jonis bobo maqbarasi — 2013–2014-yy. 49. Shimkent shahri “Yuqori” (Verxniy) bozorini rekonstruksiya qilish — 2014–2015-yy. 50. Taroz shahri Xalqaro aeroporti binosi — 2016–2018-yy. 51. “Quyosh” (Solntse) turar joy binosi — 2017–2018-yy. 52. Shimkent shahridagi Flebologiya tibbiyot markazi — 2018–2020-yy. 53. Shimkent shahridagi “Madlen” qandolatchilik fabrikasi — 2019–2021-yy. 54. Qorabuloq qishlogʻidagi Tibbiyot markazi — 2020–2021-yy. 55. Shimkent shahri Turon mikrorayonidagi 9 ta turar joy binosi — 2021–2022-yy. Me’mor N. I. Sadikovning Turkiston shahrining tarixiy hududida 2015–2022-yillarda loyihalashtirilgan hamda oʻz amaliy ijrosini kutayotgan bir qator amalga oshirilmagan loyihalarini taʼkidlab oʻtish joiz: 20 nafar qozoq xonlari Panteoni (2015-y.); “Turkiy xalqlar birligi bogʻi” loyihasi (2017-y.); “Turk dunyosi madaniyat markazi” loyihasi (2022-y.). Nematjon Ismailovich 62 ta ilmiy ish, jumladan, monografiyalar, ilmiy maqolalar va tezislar muallifidir; u ajoyib pedagog – ustoz hamda ijodkor yoshlarni oʻziga jalb etuvchi markazdir. U bugungi kunda ham gʻoyalarga boy, ijodiy faol, koʻplab loyihalarni ishlab chiqmoqda va bunyod etmoqda. Nematjon Sadikov Oʻzbekiston anʼanaviy meʼmorchiligi, Oʻrta Osiyo va jahon zamonaviy meʼmorchiligi rivojlanishi tarixini chuqur oʻrganishga asoslangan meʼmorchilik konsepsiyasini rivojlantirib kelmoqda.