Muhsin Xudoyberdiyevich Teshayev 1961-yil 5-fevralda Buxoro viloyatining Kogon tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1983-yilda Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) “Amaliy matematika va mexanika” fakultetini tamomlagandan so‘ng Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutida assistent sifatida boshlagan. 1987-yili Toshkent davlat universitetining “Amaliy matematika va mexanika” fakulteti aspiranturasiga o‘qishga kirgan. 1993-yilda “Servobog‘lanishli murakkab mexanik sistemalar dinamikasida izlanishlar” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 1991–1994-yillarda Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti “Mexanika” kafedrasi muhandis-dasturchisi, katta o‘qituvchisi, dotsenti, 1995–1997-yillarda ushbu institutning “Mashinashunoslik” kafedrasida dotsent, 1994–2019-yillarda Buxoro muhandislik-texnologiya instituti “Oliy matematika” kafedrasi dotsenti, 2019–2020-yillarda esa mazkur kafedra professori lavozimida ishlagan. 2020-yildan hozirgi vaqtgacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan V. I. Romanovskiy nomidagi Matematika institutining Buxoro tarkibiy bo‘linmasi bosh ilmiy xodimi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Umumiy mehnat staji — 43 yil. Muhsin Xudoyberdiyevich Teshayev 2019-yilda “Qattiq jismlardan tashkil topgan dissipativ mexanik sistemaning tebranishlari nazariyasi va hisoblash usullarini rivojlantirish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2012-yilda uning hammualliflikda “Oliy matematika qisqa kursi” nomli o‘quv qo‘llanmasi (500 nusxada), 2023-yilda esa “Nazariy mexanika” nomli darsligi chop etilgan. Professor M. X. Teshayevning 300 ga yaqin ilmiy maqolasi, o‘quv qo‘llanma va darsliklari hamda 15 ta monografiyasi (shulardan 12 tasi Germaniyada, 1 tasi Buyuk Britaniyada, 2 tasi O‘zbekistonda) nashr etilgan. U 11 ta nomzodlik (PhD) dissertatsiyasiga ilmiy rahbarlik va 1 ta fan doktori (DSc) dissertatsiyasiga ilmiy maslahatchi bo‘lgan. M. X. Teshayev mamlakatimiz ilm-fani va ta’limining yetuk olimi hamda tashkilotchilaridan biridir. 2025-yilda unga professor ilmiy unvoni berilgan. M.X.Teshaev tashabbuslari bilan 2021 yilda Buxoro davlat texnika universitetida mexanikaning ikkita mutaxasisligi (01.02.01-Nazariy mexanika va 01.02.04-Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi) bo’yicha ixtisoslashgan ilmiy kengash tashkil qilindi, 2 ixtisoslik bo‘yicha doktorantura ochishga erishildi va zamon talablariga javob beradigan kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Bu ilmiy kengashda oxirgi 5 yilda 3 ta fan doktori (DSc) va 40 dan ortiq falsafa doktorlari (PhD) o’z dissertatsiya ishlarini himoya qildilar. Davlat ilmiy-texnika dasturlarida bajariladigan fundamental loyihalar bo‘yicha 5 ta davlat grantlari olishga erishildi. U 15 dan ortiq xalqaro, 20 ga yaqin ilmiy-nazariy konferensiyalar ishtirokchisi. Xalqaro ilmiy anjumanlarda dunyoning 21 davlatidan mashhur mexanik olimlar, shu sohaning mutaxassislari qatnashib, chuqur ilmiy ma’ruzalar qilinib, muhim yechimlarga erishildi. M.X.Teshaev raxnomoligida Buxoro davlat texnika universiteti va boshqa oliy o’quv yurtlari olimlari quyidagi yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordilar. Jumladan: – Qattiq va deformatsiyalanuvchan jismlardan tashkil topgan dissipative mexanik sistemalarning tebranishlari. Bu ishlarda dissipative bir jinsli bo’lmagan qurilmalarda tebranish amplitudasini bir necha barobarga kamaytirish mumkinligi ko’rsatib berildi. Bu ilmiy yo‘nalish bo‘yicha 5 ta falsafa doktorlik (PhD) va 1 ta doktorlik (DSc) dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilindi. 3 monografiya va 1 ta o‘quv qo‘llanma chop etildi; – Yetarlicha uzun plastinkasimon yoki qobiqsimon qurilmalarda xos va garmonik to’lqinlar tarqalishi. Bu qurilmalar uchun parametrlarni tanlash hisobiga energiyani boshqarish imkoniyati mabjudligi ko’rsatib berildi. Bu yo‘nalishda 1 ta doktorlik va 3 ta falsafa doktorlik (PhD) ishlari himoya qilindi, 2 ta monografiya chop qilindi;
2004–2022-yillarda “Mexanikaning dolzarb muammolari” mavzusida 5 marotaba xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Ushbu konferensiyalar Toshkent shahri va viloyatlarda O‘zR FA Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Mazkur nufuzli anjumanlarda M. X. Teshayev o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan faol qatnashib, muhim ijobiy xulosalar taqdim etdi. M.X. Teshayev professor A.G. Azizov tomonidan taklif etilgan servobog‘lanish kuchlari strukturasini aniqlashning konstruktiv usulini rivojlantirib, servobog‘lanishlarni elektromexanik kuchlar yordamida amalga oshirish usulini ishlab chiqdi. Ushbu yondashuvlar asosida vibrohimoya obyektlarini tebranishlardan faol himoyalashning samarali usullari yaratildi.