Axtam Tursunov 1954-yil 1-dekabrda Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida tug‘ilgan. 1971-yilda 45-o‘rta maktabni oltin medal bilan, 1976-yilda esa Toshkent davlat universitetining Yuridik fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Axtam Salomovich Tursunov nomzodlik dissertatsiyasini 1982-yilda Moskva davlat universiteti huzuridagi Ixtisoslashgan kengashda “Организационно-правовые вопросы деятельности органов юстиции по правовому воспитанию населения: По материалам Узбекской ССР” mavzusida “12.00.02 — Davlat huquqi va boshqaruvi. Sovet qurilishi. Ma’muriy huquq. Moliyaviy huquq” ixtisosligi bo‘yicha himoya qilgan (Diplom: YuR №002019, Moskva shahri, 1982-yil 8-sentabr). Doktorlik dissertatsiyasini 2002-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi (hozirgi Davlat boshqaruvi akademiyasi) huzuridagi Ixtisoslashgan kengashda “Конституционные основы внешней политики Республики Узбекистан” mavzusida “12.00.02 — Konstitutsiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliyaviy huquq” ixtisosligi bo‘yicha himoya qilgan (Diplom: 04 №002272, Toshkent shahri, 2003-yil 22-may). 1989-yilda Axtam Salomovichga Jinoyat-huquqiy fanlar kafedrasi bo‘yicha dotsent ilmiy unvoni berilgan (Diplom: DK №011472, Moskva shahri, 1989-yil 26-aprel). A.S. Tursunovga 2019-yil 31-mayda Konstitutsiyaviy huquq, ma’muriy huquq, moliya va bojxona huquqi ixtisosligi bo‘yicha professor ilmiy unvoni berilgan (Diplom: 05 №003140). Olimning umumiy ish staji 57 yilni, shundan ilmiy va pedagogik ish staji 33 yilni tashkil etadi. Tursunov Axtam Salomovich Samarqand jamoa xo‘jaligi kutubxonasi mudiri (1969–1971-yillar), Toshkent davlat universiteti talabasi (1971–1976-yillar), Qarshi davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi va Toshkent davlat universitetining Yuridik fakulteti stajyor-tadqiqotchisi (1976–1978-yillar), Moskva davlat universiteti Yuridik fakulteti aspiranti (1978–1982-yillar), Samarqand davlat universiteti Yuridik fakulteti assistenti, katta o‘qituvchisi, dekan o‘rinbosari (1982–1988-yillar), Toshkent davlat universiteti Yuridik fakulteti dotsenti, Toshkent davlat yuridik institutining fakultet dekani (1989–1993-yillar), O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Huquqiy siyosatni muvofiqlashtirish va xalqaro huquqiy aloqalar boshqarmasi boshlig‘i (1993–1995-yillar), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni yetakchi konsultanti (1995–1997-yillar), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti direktori, Oliy Majlis Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi, Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari (1997–2015-yillar), “O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti” agentligi Avtomobillarda tashuvlar xavfsizligini ta’minlashni nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari (2017–2018-yillar) lavozimlarida xizmat olib borgan. 1993-yilda unga “Birinchi darajali adliya maslahatchisi” — polkovnik unvoni berilgan. A.S. Tursunov 1994-yildan 2015-yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va keyingi ikki chaqiriq Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan. Ya’ni, 20 yil davomida mamlakatimiz qonunchilik tizimini mustahkamlashga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan. A.S. Tursunov 40 ga yaqin xorijiy mamlakatda (Rossiya Federatsiyasi, AQSh, Xitoy Xalq Respublikasi, Buyuk Britaniya, Germaniya Federativ Respublikasi, Italiya, Shvetsiya, Shveytsariya, Avstriya, Belgiya, Vengriya, Polsha, Ruminiya, Hindiston, Misr Arab Respublikasi, Turkiya va boshqalar) bo‘lib o‘tgan xalqaro simpozium, konferensiya va boshqa anjumanlarda ma’ruzalari bilan ishtirok etgan. Axtam Salomovich Tursunov 1997-yildan 2013-yilgacha dastlab “Vatan taraqqiyoti”, “Fidokorlar” milliy-demokratik partiyasi, keyinchalik “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining rahbari bo‘lgan. Ya’ni, 16 yil davomida mamlakatimizda ko‘ppartiyaviylik tizimining vujudga kelishi va shakllanishida jonbozlik ko‘rsatgan. 2018-yil mart oyidan hozirgi kunga qadar IIV Akademiyasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi kafedrasi boshlig‘i, keyinchalik kafedra professori lavozimlarida xizmat qilib kelmoqda. A.S. Tursunov O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasining 2018–2026-yillarga mo‘ljallangan istiqbolli dasturida ko‘zda tutilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarb masalalari” va “Huquqbuzarliklar profilaktikasini takomillashtirish” mavzularidagi ilmiy-tadqiqot ishlari doirasida fundamental ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirmoqda. U tomonidan tayyorlangan darslik, o‘quv qo‘llanma, ilmiy maqola va tezislardan o‘quv jarayonida foydalanilmoqda. A.S. Tursunov tomonidan 500 ga yaqin monografiya, darslik, o‘quv hamda uslubiy qo‘llanmalar, qonunlarga ilmiy sharhlar va maqolalar mamlakatimizda, Rossiya Federatsiyasi, AQSh, GFR, Avstriya, Qozog‘iston, Xitoy Xalq Respublikasi hamda boshqa davlatlarda chop etilgan. A.S. Tursunov IIV Akademiyasida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” va “Jazoni ijro etish faoliyati” mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv jarayonini metodik jihatdan ta’minlashda faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, uning hammuallifligida 2017/2018, 2018/2019, 2019/2020, 2020/2021, 2021/2022, 2022/2023, 2023/2024, 2024/2025, 2025/2026-o‘quv yillarida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi”, “Ichki ishlar organlari profilaktik faoliyati”, “Profilaktika inspektorining ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritish faoliyati”, “Jazoni ijro etish faoliyati”, “Ichki ishlar organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati” va “Ma’muriy huquq” fanlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy majmualar tayyorlanib, ta’lim jarayonida qo‘llanilmoqda. A.S. Tursunovning norma ijodkorligi faoliyatida 1000 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar normalarini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalari inobatga olingan. A.S. Tursunov ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda va o‘quv-tarbiyaviy ishlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, 2017/2018, 2018/2019, 2019/2020, 2020/2021, 2021/2022, 2022/2023, 2023/2024, 2024/2025, 2025/2026-o‘quv yillarida IIV Akademiyasi kunduzgi ta’lim kursantlari o‘rtasida o‘quv-tarbiyaviy ishlarni tashkil etgan. Kursantlar bilan o‘tkazilgan ma’naviyat va ma’rifat soatlarida “Buyuk kelajagimiz poydevori”, “Adolat — qonun ustuvorligi”, “O‘zbekistonda huquqiy davlat barpo etish”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish”, “Yoshlar terrorizm va ekstremizm tahdidlariga qarshi”, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida giyohvandlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish”, “O‘sib kelayotgan avlodni terrorizm, diniy ekstremizm g‘oyalaridan himoya qilish”, shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati mavzularida muntazam o‘quv mashg‘ulotlari va suhbatlar o‘tkazib kelmoqda. A.S. Tursunov ilmiy rahbarligida 6 nafar yuridik fanlar doktori va 2 nafar yuridik fanlar nomzodi ilmiy darajasini olgan malakali mutaxassislar tayyorlangan. Hozirgi kunda 2 nafar mustaqil izlanuvchi shogirdi yuridik fanlar doktori (DSc) hamda 3 nafar shogirdi yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini olish uchun dissertatsiya ustida ish olib bormoqda. A.S. Tursunov O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida tashkil etilgan Jamoatchilik kengashining tuzilishida faol ishtirok etgan hamda ikki yil davomida uning raisi sifatida faoliyat olib borgan. Axtam Salomovich 2023-yildan boshlab 2025-yilning fevral oyiga qadar ushbu agentlik huzuridagi “Ekspertlik guruhi”ga rahbarlik qilgan. Yuridik fanlar doktori, professor A.S. Tursunov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash a’zosi va ushbu kengash qoshidagi ilmiy seminar raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat olib bordi. 2019-yilning yanvar oyidan hozirgi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash raisi sifatida faol ish olib bormoqda. Kafedra va sikl professor-o‘qituvchilarining 2018 va 2019-yillar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot faoliyati reyting baholash natijalariga ko‘ra Axtam Salomovich Tursunov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. 2023-yil yakunlari bo‘yicha “Eng yaxshi o‘quv qo‘llanma” muallifi sifatida e’tirof etilgan. 2023–2024-yillar yakunida A.S. Tursunovga “Tajribali murabbiy” pedagogik toifasi berildi hamda u “Eng yaxshi ilmiy maktab rahbari” e’tirofiga sazovor bo‘ldi. 2025-yil 1-oktabrda “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni” munosabati bilan IIV Akademiyasida “Eng yaxshi olim” deb e’tirof etilgan. A.S. Tursunov Xalqaro Turon fanlar akademiyasining “Eng ulug‘ ustoz” unvoniga sazovor bo‘lgan, shuningdek, ushbu akademiyaning akademigi ham hisoblanadi. O‘zbekistonda iqtisodiyot va madaniyat rivoji, xalq farovonligi yuksalishi, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash hamda Vatanimiz obro‘-e’tiborini oshirishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun Axtam Salomovich Tursunov davlat va idoralararo mukofotlar bilan taqdirlangan. Jumladan, u 2001-yilda “Mehnat shuhrati”, 2006-yilda “Do‘stlik” ordenlari, shuningdek, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 10, 15 va 20 yillik yubiley medallari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 va 30 yillik nishonlari, “Adliya a’lochisi”, Ichki ishlar vazirligining “Alochi xizmatlari uchun” hamda “Ichki ishlar organlariga ko‘makdoshi”, IIV Akademiyasining 25 yilligi, IIVning 30 yilligi va “Tajribali murabbiy” esdalik hamda ko‘krak nishonlari bilan mukofotlangan. U, shuningdek, I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi hisoblanadi.