Olim

TUXLIYEV NURISLOM

Iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzosi (akademik), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi

Nurislom Tuxliyev 1947-yil 6-mayda Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. 1965-yili oʻrta maktabni tamomlab, Samarqand davlat universitetining Tarix fakultetiga talabalikka qabul qilingan. 1969-yili Samarqand davlat pedagogika institutida “Siyosiy iqtisod” (hozirgi “Iqtisodiyot nazariyasi”) fani oʻqituvchisi sifatida mehnat faoliyatini boshlagan. 1970–1973-yillarda Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) davlat universitetining Iqtisodiyot fakulteti “Siyosiy iqtisod” kafedrasining kunduzgi taʼlim aspiranturasida tahsil olgan. 1973-yilda “Siyosiy iqtisod” ixtisosligi boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, Samarqand davlat pedagogika institutida oʻqituvchilik faoliyatini davom ettirgan. 1974-yildan Samarqand viloyat partiya komiteti propaganda va agitatsiya boʻlimi lektori, lektorlar guruhi rahbari, boʻlim mudiri oʻrinbosari vazifalarida ishlagan. 1979-yili Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti propaganda va agitatsiya boʻlimi instruktori lavozimiga ishga oʻtkazilgan. 1984–1989-yillarda Oʻzkompartiya Markaziy Komiteti fan va oʻquv yurtlari boʻlimi mudiri oʻrinbosari hamda mudiri lavozimlarida ishlagan. 1986-yilda Oʻzbekiston Oliy Soveti deputati (Andijon viloyati Jalaquduq tumanidan) va Oʻzkompartiya Markaziy Komiteti aʼzoligiga nomzod etib saylangan. 1989-yili “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti direktori–bosh muharriri lavozimiga oʻtkazilgan. U nashriyotga rahbarlik qilgan 25 yil davomida koʻp jildli universal “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”, “Toshkent”, “Bolalar”, “Xotin-qizlar” ensiklopediyalari, 4 jildli Imom Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-sahih” hadislar toʻplami (oʻzbek tiliga birinchi marta oʻgirilib), 5 jildli Oʻzbek tilining izohli lugʻati, ikki jildli Ruscha-oʻzbekcha lugʻat kabi oʻnlab fundamental nashrlar amalga oshirilgan. Hozirgi kunda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professori, “Islom ensiklopediyasi” boʻlimi mudiri, Vikipediya guruhi rahbari vazifasida ishlaydi. Shuningdek, 1989–2009-yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida oʻrindoshlik asosida kafedra mudiri, 2009–2024-yillarda professor lavozimida mehnat qilgan. 1983-yili doktorlik dissertatsiyasini “Siyosiy iqtisod” ixtisosligi boʻyicha himoya qilgan. 1993-yilda “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti” ixtisosligi boʻyicha professor unvonini olgan. 3 nafar fan doktori va 28 nafar fan nomzodiga ilmiy rahbarlik qilgan. 40 dan ortiq monografiya, oʻquv qoʻllanmasi, darslik va boshqa kitoblar muallifi. Ular orasida “Osiyo va bozor” (1992), “Bozorga oʻtishning mashaqqatli yoʻli” (1999), “Oʻzbekiston Respublikasi” (oʻzbek, rus, ingliz tillarida), “Oʻzbekiston iqtisodiyoti” (2018), “Oʻzbek modeli: taraqqiyot tamoyillari” (2014), “Osiyo taraqqiyot modeli” (2015), “Oʻzbekiston iqtisodiyoti anatomiyasi” (2019), “Moya strana” (2012), “Mintaqaviy iqtisodiy integratsiya: rivojlanish qonuniyatlari, xususiyatlari” (2020), “Jahon iqtisodiyoti rivojlanishida yangi trendlar” (2021) kabi kitoblar, iqtisodiyot va turizm boʻyicha 15 ta darslik va oʻquv qoʻllanmalari bor. 300 dan ortiq ilmiy, ilmiy-publitsistik maqolalari turli toʻplam va jurnallarda chop etilgan. Professor N. Tuxliyev Oʻzbekiston iqtisodiyotini innovatsion negizga koʻchirish ilmiy maktabini rivojlantirmoqda. Shu maqsadda milliy iqtisodiyot tarkibini takomillashtirish va yalpi ichki mahsulotning oʻsishi oʻrtasidagi bogʻliqlikning ekonometrik modelini ishlab chiqish, ekonometrik model asosida iqtisodiyotning yaqin va oʻrta muddatlarga moʻljallangan rivojlanishining asosiy parametrlarini aniqlash, milliy iqtisodiyot tarkibi va aholi daromadlari oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikning empirik va ekonometrik tahlili, innovatsion jarayonlarning borishini monitoring qilish va ularning iqtisodiyotga taʼsirini baholash ustida olib borilayotgan tadqiqotlarga ilmiy rahbarlik qilmoqda. Uning bevosita ishtiroki va rahbarligida “Turizmda zamonaviy tendensiyalar: ekonometrik va empirik tahlil” (T., 2024, 182 b.), “Turizmda raqamlashtirish” (T., 2024, 176 b.), “Oʻzbekistonda islom kapital bozorini shakllantirishning ilmiy-nazariy asoslari” (T., 2026, 196 b.) monografiyalari hamda “Dolzarb muammolar va yechimlar” (T., 2024, 180 b.) maqolalar toʻplami, “Turizm: nazariya va amaliyot” darsligi (T., 2026, 328 b.) chop etildi. N. Tuxliyevning ilmiy faoliyati Oʻzbekiston iqtisodiyotini innovatsion asosda rivojlantirish ilmiy maktabi bilan yaqindan bogʻliq. Uning tashabbusi bilan hali 90-yillarda “Oʻzbekiston iqtisodiyoti” yangi oʻquv kursi ishlab chiqilib, oʻquv jarayoniga tatbiq etildi. Darslik, oʻquv reja va dasturlari yaratilib, iqtisodiyot yoʻnalishidagi respublikamiz oliy oʻquv yurtlarida foydalanib kelinmoqda. Keyingi yillarda u milliy iqtisodiyotning muhim segmenti hisoblangan umumiy, jumladan, ziyorat turizmini rivojlantirish muammolari bilan shugʻullanib kelmoqda. Uning rahbarligida bu sohada bir qancha fundamental va amaliy tadqiqotlar oʻtkazildi. Oʻndan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi, Oʻzbekistonda birinchi marta noyob “E-ziyoratturizm” elektron integral platformasi yaratilib, undan nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlarda ham foydalanilmoqda. Turli yillarda “Fan va turmush”, “Muloqot”, “Jamiyat va iqtisodiyot”, “Tafakkur”, “Islom tafakkuri” jurnallari tahrir hayʼatlari aʼzosi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining iqtisodiyot fani boʻyicha ekspertlar guruhi aʼzosi sifatida faoliyat olib borgan. Hozirgi vaqtda Respublika atamashunoslik kengashi, “Oʻzbekteleraadiokompaniya” jamoatchilik kengashi aʼzosi va “Oʻzbekiston–Gretsiya” doʻstlik jamiyati boshqaruvi aʼzosidir. 2022-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan. 1997-yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni berilgan. U “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi aʼlochisi” (2001). 2023-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzosi (akademik) etib saylangan. Choson (Janubiy Koreya, 1993), Vashington (AQSH, 1992), Kolumbiya (Nyu-York, AQSH, 1992), San-Diyego (AQSH, 1995), Tokio (Yaponiya, 1999), Oulu (Finlyandiya, 1995) universitetlarida Oʻzbekiston, Markaziy Osiyo, jahon iqtisodiyoti rivojlanishi muammolari toʻgʻrisida ilmiy maʼruzalar qilgan. 30 dan ortiq ilmiy maqolalari chet el jurnallari va ilmiy toʻplamlarida nashr etilgan. U esse va publitsistika janrlarida ham ijod qiladi. Turli yillarda uning “Qalbimga yaqin odamlar” (2011), “Ildizlarim” (2013), “Qishloqdoshlarim” (2015), “Kutish” (2015), “Togʻu toshlar, dashtu biyobonlarda” (2015), “Umr lahzasi” (2021) nomli esse kitoblari eʼlon qilingan. N. Tuxliyev Oʻzbekiston Milliy universiteti (08.00.01 – Iqtisodiyot nazariyasi va 08.00.12 – Mintaqaviy iqtisodiyot) hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti (bir martalik 08.00.04 – Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti) huzuridagi iqtisodiyot fanlari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi ixtisoslashgan ilmiy kengashlar aʼzosidir.