Navbahor Shokirovna Umarova – O‘zbekiston Respublikasida psixologiya fanining zamonaviy taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan yetuk olima, psixologiya fanlari doktori (DSc), professor, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Amaliy psixologiya kafedrasi mudiri. U ijtimoiy psixologiya, iqtisodiy psixologiya, oila psixologiyasi, inklyuziv ta'lim psixologiyasi, bolalar psixologiyasi, sport psixologiyasi hamda zamonaviy psixologik xizmat tizimini rivojlantirish yo‘nalishlarida olib borayotgan fundamental va amaliy tadqiqotlari bilan mamlakatimiz ilmiy jamoatchiligi orasida keng e'tirof etilgan. Ilm-fan va oliy ta'limni rivojlantirish, xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy psixologiya ilmiy maktabini shakllantirish hamda yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash borasidagi samarali faoliyati xalqaro miqyosda ham munosib e'tirof etilgan. Jumladan, Qozog‘iston Respublikasining L.N. Gumilyov nomidagi Yevrosiyo milliy universiteti tomonidan universitetlararo ilmiy-ta'limiy hamkorlikni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun Tashakkurnoma bilan taqdirlangan. Shuningdek, Italiya Respublikasining Trento universiteti tomonidan O‘zbekiston va Italiya oliy ta'lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni mustahkamlash, akademik almashinuv va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishdagi xizmatlari e'tirof etilib, "Certificate of Friendship and Esteem" ("Do‘stlik va yuksak ehtirom sertifikati") bilan taqdirlangan. Bundan tashqari, ilmiy-pedagogik va tashkilotchilik faoliyati davomida respublika va xalqaro tashkilotlarning bir qator Faxriy yorliqlari va tashakkurnomalariga sazovor bo‘lgan. Navbahor Umarova 1978-yil 28-martda Samarqand viloyatining Xatirchi tumanida tug‘ilgan. Yoshligidanoq ilm-fan va ta'limga bo‘lgan qiziqishi uning kelajakdagi kasbiy faoliyatini belgilab berdi. 1994-yilda Qashqadaryo viloyati, Nishon tumanidagi 5-son umumta'lim maktabini tamomlagach, 1995-yilda Qarshi davlat universitetining "Psixologiya" ta'lim yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilindi va 1999-yilda bakalavr darajasini oldi. Ilmiy izlanishlarini davom ettirib, 2007–2009-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomladi. Shundan so‘ng Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 19.00.05 – "Ijtimoiy psixologiya va etnopsixologiya" ixtisosligi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bordi. Mehnat faoliyatini 1999-yilda Qashqadaryo viloyatidagi umumta'lim maktabida psixolog va o‘qituvchi sifatida boshladi. Mehnat faoliyatini 1999-yilda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi Z.Diyor nomli 17-son umumta'lim maktabida o‘qituvchi sifatida boshladi. 2003–2008-yillarda Toshkent menejment va texnologiyalar kollejida "Oila psixologiyasi" fanidan dars berdi. 2008-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi Chilonzor akademik litseyida psixolog sifatida faoliyat yuritdi. 2014–2021-yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining Pedagogika va psixologiya kafedrasida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent hamda kafedra mudiri vazifasini bajaruvchi lavozimlarida samarali faoliyat olib bordi. 2021-yildan Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetida faoliyat boshladi. 2022-yildan buyon Amaliy psixologiya kafedrasi mudiri sifatida faoliyat yuritib, kafedraning ilmiy salohiyatini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va zamonaviy ilmiy maktabni shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Navbahor Shokirovna Umarovaning ilmiy faoliyati izchil taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan bo‘lib, uning ilmiy salohiyati va ilmiy-pedagogik mahorati bosqichma-bosqich yuksalib borgan. 2020-yilda “Shaxs iqtisodiy ijtimoiylashuviga ta’sir etuvchi ijtimoiy-psixologik omillar” mavzusidagi psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qilib, psixologiya fanining iqtisodiy psixologiya, pul psixologiyasi kabi dolzarb yo‘nalishlarida olib borgan tadqiqotlari bilan ilmiy jamoatchilik e'tiborini qozondi. Ilmiy izlanishlari, pedagogik mahorati hamda oliy ta'lim tizimini rivojlantirishdagi samarali faoliyati e'tirof etilib, 2021-yilda unga dotsent ilmiy unvoni berildi. Ilmiy faoliyatini yanada yuksak bosqichga olib chiqib, 2022-yilda "Iqtisodiy ijtimoiylashuvning hududiy va gender xususiyatlari" mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va psixologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasiga sazovor bo‘ldi. Mazkur fundamental tadqiqot iqtisodiy psixologiya va ijtimoiy psixologiya fanlari rivojiga qo‘shilgan muhim ilmiy hissa sifatida e'tirof etildi. Ilm-fan va ta'lim rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi, zamonaviy psixologiya ilmiy maktabini shakllantirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish hamda yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashdagi samarali faoliyati inobatga olinib, 2024-yilda unga professor ilmiy unvoni berildi. Professor N.Sh. Umarovaning ilmiy izlanishlari ijtimoiy psixologiya, iqtisodiy psixologiya, gender psixologiyasi, bolalar psixologiyasi, sport psixologiyasi, inklyuziv ta'lim psixologiyasi, oila psixologiyasi, psixologik reabilitatsiya hamda sun'iy intellektning inson psixologiyasiga ta'siri kabi dolzarb yo‘nalishlarni qamrab oladi. Uning ilmiy faoliyati davomida 100 dan ortiq ilmiy va o‘quv-uslubiy ishlar, jumladan monografiyalar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, uslubiy tavsiyalar hamda respublika va xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar nashr etilgan. Ilmiy ishlari iqtisodiy psixologiya va ijtimoiy psixologiyaning nazariy-metodologik asoslarini rivojlantirish, psixologik xizmat tizimini takomillashtirish hamda ta'lim amaliyotiga zamonaviy psixologik yondashuvlarni joriy etishga bag‘ishlangan. Professor N.Sh. Umarova O‘zbekiston psixologiya fanining xalqaro maydondagi integratsiyasini rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda. Uning tashabbusi bilan Italiyaning Trento universiteti, Qozog‘istonning L.N. Gumilyov nomidagi Yevrosiyo milliy universiteti, Amerika Psixologiya Assotsiatsiyasi (APA) hamda boshqa nufuzli xorijiy oliy ta'lim va ilmiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Uning ishtirokida professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, xalqaro grantlar, yozgi maktablar, akademik mobillik dasturlari, seminar va treninglar hamda qo‘shma ta'lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Professor Navbahor Shokirovna Umarova ilmiy faoliyati davomida respublika miqyosidagi davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida amalga oshirilgan qator fundamental va amaliy ilmiy loyihalarning faol ishtirokchisi sifatida samarali faoliyat olib borgan. Xususan, 2006–2008-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajarilgan A-3-175-sonli "O‘zbekistonda ma'muriy boshqaruv organlari rahbarlarining lavozimga loyiqligini baholash va tavsiya etish texnologiyasini takomillashtirishning ijtimoiy-psixologik asoslari" mavzusidagi amaliy loyihada ilmiy xodim sifatida ishtirok etgan. Mazkur loyiha boshqaruv psixologiyasi, kadrlar salohiyatini baholash va rahbarlik kompetensiyalarini takomillashtirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqishga xizmat qilgan. Shuningdek, 2009–2011-yillarda Respublika "Oila" ilmiy-amaliy markazida Davlat ilmiy-texnika dasturlarining ITD-3 yo‘nalishi doirasida amalga oshirilgan 3-001-sonli "O‘zbekistonda oila shajarasi va oilaviy merosning shaxs professional o‘sishiga ta'sirini o‘rganish" mavzusidagi amaliy loyihada ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritgan. 2006-yildan buyon davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan fundamental va amaliy grantlarning faol ishtirokchisi hisoblanadi. U "Mahalla va oila" ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan "Turli tipdagi oilalarda ota obrazi haqidagi psixologik tahlil" hamda "Oila ma'naviy muhitini mustahkamlashda rashkning o‘rni" mavzularidagi ilmiy loyihalar ijrochilaridan biri bo‘lgan. Ushbu tadqiqot natijalari oila psixologiyasi, kasbiy shakllanish, avlodlararo qadriyatlar uzviyligi hamda shaxsning professional rivojlanishida oilaviy omillarning psixologik ta'sirini ilmiy jihatdan asoslashga xizmat qilgan. Mazkur ilmiy loyihalarda to‘plangan tajriba professor N.Sh. Umarovaning keyingi ilmiy izlanishlari, xususan iqtisodiy psixologiya, ijtimoiy psixologiya, oila psixologiyasi va shaxs ijtimoiylashuvi sohalaridagi fundamental tadqiqotlari uchun mustahkam ilmiy-metodologik asos bo‘lib xizmat qildi. Professor Navbahor Umarova yosh olimlarni tayyorlash va zamonaviy psixologiya ilmiy maktabini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratadi. Uning ilmiy rahbarligida o‘nlab bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan. Jumladan, 5A610501 – Sport faoliyati (sport turlari bo‘yicha) mutaxassisligi magistranti, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi Jahon va Osiyo chempioni Keldiyorova Diyora Baxtiyor qizi aynan N.Umarova rahbarligida "Dzyudochilarning irodaviy sifatlarini rivojlantirishning psixologik shartlari" mavzusidagi magistrlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Mazkur tadqiqot sport psixologiyasi yo‘nalishida sportchilarning irodaviy sifatlarini shakllantirish va musobaqa faoliyatida psixologik tayyorgarlikni takomillashtirishning ilmiy-amaliy asoslarini ishlab chiqishga bag‘ishlangan. Professor N.Sh. Umarova ilmiy menejment, ta'lim sifatini ta'minlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish sohalarida tajribali tashkilotchi sifatida tanilgan. Uning rahbarligida Amaliy psixologiya kafedrasining ilmiy salohiyati sezilarli darajada oshdi, ilmiy nashrlar sifati yaxshilandi, xalqaro hamkorlik kengaydi va yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimi yaratildi. Professor Navbahor Shokirovna Umarova ilmiy faoliyati davomida iqtisodiy psixologiya, ijtimoiy psixologiya va amaliy psixologiya yo‘nalishlarining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shdi. Uning ilmiy ishlari ta'lim, sport, sog‘liqni saqlash, oila va ijtimoiy himoya tizimlarida psixologik xizmatni takomillashtirishga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda professor N.Sh. Umarova O‘zbekiston psixologiya fanining yetakchi vakillaridan biri sifatida ilm-fan va ta'lim integratsiyasini ta'minlash, xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash hamda zamonaviy psixologiya ilmiy maktabini rivojlantirish yo‘lida samarali faoliyat olib bormoqda.