Bahriddin Ahmedovich Usmonov 1975-yil 26-dekabrda Farg‘ona viloyati Beshariq tumanining Chorbog‘to‘rongi qishlog‘ida tug‘ilgan. 1992-yilda shu tumandagi 6-sonli o‘rta umumta'lim maktabini imtiyozli shahodatnoma bilan tugatib, Farg‘ona davlat universitetida o‘tkazilgan olimpiada g‘olibi sifatida Tarix fakultetiga tanlovsiz o‘qishga qabul qilingan. Universitetda tahsil olish chog‘ida u a'lochi va faol jamoatchi talaba sifatida tanildi. Uning o‘quvchilik va talabalik yillarida yozgan qator she'rlari hamda maqolalari tuman va viloyat matbuotida chop etilgan. 1997-yilda tarixchi talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan respublika olimpiadasining g‘olibi bo‘ldi. Shu yili universitetni imtiyozli diplom bilan tamomladi. B. A. Usmonov o‘z mehnat faoliyatini 1997-yilda Farg‘ona davlat universiteti qoshidagi 11-sonli litsey-internatda tarix fani o‘qituvchisi lavozimidan boshlagan. 1999–2001-yillarda Farg‘ona davlat universiteti qoshidagi kunduzgi aspiranturada tahsil olgan. U tarix fanlari doktori, professor A. Ahmedov rahbarligida ilmiy tadqiqot olib bordi va 2004-yil 23-sentyabrda O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti huzuridagi Ixtisoslashgan kengashda “XVIII–XX asrlar Rossiya tarixshunosligida Amir Temur hayoti va davlatchilik faoliyatining yoritilishi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. B. A. Usmonov 2002-yildan Farg‘ona davlat universitetining Vatan tarixi kafedrasida pedagogik faoliyatini davom ettirdi. 2005–2008-yillarda Tarix fakulteti dekani o‘rinbosari hamda shu yillar oralig‘ida o‘rindoshlik asosida “FarDU: Ilmiy xabarlar” jurnalida mas'ul kotib vazifasida ishladi. 2008–2009-yillarda Tarix kafedrasi mudiri, 2009–2012-yillarda Tarix fakulteti dekani, 2012–2013-yillarda Farg‘ona politexnika institutida ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha prorektor, 2013–2016-yillarda Farg‘ona viloyati Madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig‘i, 2016–2018-yillarda Farg‘ona davlat universiteti Tarix kafedrasi katta o‘qituvchisi, 2018–2022-yillarda Farg‘ona davlat universiteti O‘zbekiston tarixi kafedrasi dotsenti, 2022–2024-yillarda O‘zbekiston tarixi kafedrasi professori, 2024–2025-yillarda O‘zbekiston tarixi kafedrasi mudiri lavozimlarida faoliyat olib bordi. Hozirgi kunda esa O‘zbekiston tarixi kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda. B. A. Usmonov kafedra mudiri va fakultet dekani lavozimlarida ishlagan davrda fakultetda 10 dan ortiq nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilindi. Uning tashabbusi bilan har ikki yilda “Farg‘ona vodiysi tarixi yangi tadqiqotlarda” mavzusida an'anaviy respublika ilmiy-nazariy anjumanini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. 2009–2012-yillarda shu mavzuda o‘tkazilgan konferensiyalar bevosita B. A. Usmonovning rahbarligida o‘tdi.
B. A. Usmonov 2013–2016-yillarda Farg‘ona viloyati hokimligi Madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig‘i vazifasida xizmat qildi. Uning bu yerdagi faoliyati Farg‘ona shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan bir davrda kechdi. Islom Karimov nomidagi San'at saroyi, Farg‘ona viloyati qo‘g‘irchoq teatri binosi, Suv sporti saroyi, "Istiqlol" o‘yingohi kabi obyektlarning qurilib ishga tushirilishida, Farg‘ona viloyati rus drama teatri binosi, Farg‘ona shahar markaziy madaniyat uyi binosi va "Delfin" suv sporti maktabi binosining kapital ta'mirlanishi hamda zamonaviy talablar asosida jihozlanishida faol ishtirok etdi. Shuningdek, 2013–2014-yillar davomida viloyatdagi 20 ta madaniyat va aholi dam olish markazi to‘liq ta'mirdan chiqarildi. 2020-yilda tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan “Amir Temur va Temuriylar davrida Farg‘ona vodiysining siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti” mavzusidagi dissertatsiya ishini akademik Dilorom Yusupova ilmiy maslahatchiligida O‘zR FA Tarix instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi kengashda muvaffaqiyatli himoya qildi. 2021-yildan Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/2025.27.12.Tar.10.01 (avvalgi PhD.03/31.03.2021.Tar.05.05) raqamli ilmiy kengashda raislik qilib kelmoqda. Mazkur Ilmiy kengashda uning raisligi davrida 80 ga yaqin dissertatsiya himoyasi o‘tkazildi. Shuningdek, 2020-yildan boshlab Andijon davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/31.12.2020.Tar.60.01 raqamli ilmiy kengash a’zosi sifatida ham faoliyat olib bormoqda. Farg‘ona davlat universitetida o‘rta asrlar davri bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlarga olim katta hissa qo‘shib kelmoqda. Ayniqsa, “Farg‘ona temurshunoslik maktabi”ning vujudga kelishi bevosita B. Usmonov nomi bilan bog‘liq. Hozirgi kunda uning rahbarligida 20 ga yaqin shogirdlari o‘z tadqiqotlarini olib bormoqdalar. Jumladan, ular orasida bugungi kungacha Laylo Begimqulova “XV asr boshlarida Movarounnahrda hokimiyat uchun kurash: kuchlar nisbati va natijalar tahlili”, Abdurashid Nishonov “Shayboniylar davrida Farg‘ona vodiysidagi siyosiy jarayonlar”, Azizbek Musayev “Ashtarxoniylar davrida Farg‘ona vodiysida yuz bergan siyosiy jarayonlar tahlili”, Nodirbek Isroilov “Fransuz tarixshunosligida Amir Temur hayoti va davlatchilik faoliyatining o‘rganilishi”, Ozodaxon Abdunosirova “Temuriylar davri madaniy hayotida sulola vakillarining tutgan o‘rni”, Adhambek Xakimov “XIV asrning 60-yillarida Movarounnahrda hokimiyat uchun kurash”, Elbek Abdullayev “Amir Temur boshqaruvi davrida Markaziy Erondagi siyosiy jarayonlar”, Xumoyun Mamajonov “Turkiya Respublikasi tarixshunosligida Amir Temur hayoti va davlatchilik faoliyatining yoritilishi (1923–2023-yillar)”, Doniyor Nizomitdinov “Nemis tarixshunosligida Amir Temur hayoti va davlatchilik faoliyatining o‘rganilishi”, Jovhar Museybzoda “O‘zbekiston va Ozarbayjon Respublikalarining xalqaro tashkilotlardagi faoliyat vektorlari va ularning qiyosiy tahlili” mavzusida tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) hamda Saidanvarbek Yuldashev “Arab tilli manbalarda Farg‘ona vodiysining tarixiy geografiyasi (IX–XIII asrlar arab geograflari asarlari asosida)” mavzusida tarix fanlari doktori (DSc) tadqiqotlarini muvaffaqiyatli yakunladilar. Joriy yilda esa shogirdlaridan 6 nafari ilmiy-tadqiqot ishlarini yakunlash arafasida turibdi.
Uning "Rossiya tarixshunosligida Amir Temur siymosi" (2011), “Farg‘ona vodiysi Amir Temur va temuriylar davrida” (2019), “Movarounnahrda siyosiy elita tarkibining o‘zgarib borishi va unga ta’sir etgan omillar (XIV asr o‘rtalari – XV asr boshlari)” (2022), “Temur va temuriylar davrida unvonlar tizimi” (2022), “Amir Temurning siyosiy faoliyati va yurishlari” (hammuallif Islom Jeminey, 2024), “Letopis Tyurkskoy sivilizatsii” (xalqaro monografiya, mualliflar jamoasi, 2025) nomli monografiyalari e’lon qilingan.
«Amir Temurning siyosiy faoliyati va harbiy yurishlari» asari qozog‘istonlik yirik manbashunos olim Islom Jeminey bilan birgalikda yozilgan bo‘lib, unda Sohibqiron siyosiy faoliyatining asosiy bosqichlari va harbiy yurishlari tarixiy manbalar, jumladan, Sharafuddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asari asosida tahlil etilgan. Turkiy xalqlar tarixiga bag‘ishlangan yirik xalqaro nashrlardan biri hisoblanadigan “Letopis Tyurkskoy sivilizatsii” monografiyasining temuriylar davri tarixiga bag‘ishlangan qismi ham B. Usmonov tomonidan yozilgan. Ko‘p jildlik yirik fundamental tadqiqot hisoblangan «Farg‘ona tarixi» monografiyasining ikkinchi va uchinchi jildlari tarkibiga kirgan Chig‘atoy ulusi, Amir Temur va temuriylar davri tarixiga oid qismlar uning muallifligida tayyorlangan. Shuningdek, B. Usmonov 100 dan ortiq ilmiy maqola va tezis muallifidir.
B. Usmonov hayot yo‘lining katta qismini pedagogik faoliyat tashkil etadi. U oliy o‘quv yurti talabalari uchun tayyorlangan "Tarixshunoslik" (2010), "Amir Temur davlati (siyosiy va harbiy tarix masalalari)" (2016), "“Amir Temur davlati” mavzusini o‘qitishda zamonaviy pedagogik texnologiyalarning o‘rni" (2017) o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari hamda “O‘zbekistonning tarixiy jug‘rofiyasi” (2021), “O‘zbekiston tarixi: Amir Temur va temuriylar davri siyosiy tarixi” (2024), “Farg‘ona vodiysining Amir Temur va temuriylar davri tarixi” (2024) nomli o‘quv qo‘llanmalari muallifidir. B. A. Usmonov uzoq yillar davomida Amir Temur va temuriylar tarixini o‘rganish, bu boradagi tadqiqotlarni rivojlantirish va sohadagi yangiliklarni ilmiy jamoatchilikka yetkazishda jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda. Olim Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston va Xitoy davlatlarida o‘tkazilgan qator xalqaro anjumanlarda faol ishtirok etgan.
Xususan, Anqara Hoji Bayram Valiy universiteti tomonidan 2022-yil 6–8-oktabr kunlari tashkil etilgan “Xalqaro Ipak yo‘li simpoziumi: O‘tmishdan kelajakka”, 2023-yilda Qozog‘istonning Atirau shahrida o‘tkazilgan Sulton Boybarsning 800 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada, 2025-yil 14–17-sentyabr kunlari Rossiyaning Barnaul shahrida o‘tkazilgan “Slavyan-turkiy dunyo Katta Oltoy hududida: tarix va zamonaviylik” (“Славяно-тюркский мир на пространстве Большого Алтая: история и современность”) mavzusidagi turkologlar konferensiyasida hamda Turkiya Respublikasining Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK Parti) Turk davlatlari bilan aloqalar bo‘yicha raisligi koordinatsiyasida, TÜRKSOY, O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi va Anqara Ijtimoiy fanlar universiteti hamkorligida Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan 2026-yil 27–30-aprel kunlari Anqarada tashkil etilgan “Turkiya – O‘zbekiston munosabatlari” nomli simpoziumda o‘z ma’ruzalari bilan faol qatnashgan.
B. Usmonov tashabbusi hamda tashkilotchiligi bilan uning bosh muharrirligida Farg‘ona davlat universiteti O‘zbekiston tarixi kafedrasida “Amir Temur jahon tarixida” nomli respublika va “O‘zbekiston tarixining dolzarb muammolari” nomli xalqaro konferensiyalar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Ilmiy mahoratni takomillashtirish va xalqaro tajriba almashish maqsadida 2025-yilning kuzida nufuzli Rossiya xalqlar doʻstligi universitetida (RUDN) malaka oshirdi. Mazkur xizmat safari davomida Rossiya tarixshunoslik maktabi vakillari bilan ilmiy muloqotga kirishib, kelgusidagi qoʻshma tadqiqotlar va hamkorlik loyihalari uchun mustahkam poydevor yaratdi.
B. A. Usmonov Farg‘ona davlat universiteti “FarDU: Ilmiy xabarlar” jurnalining tahrir hay’ati a’zosi hisoblanadi. U o‘z ilmiy faoliyatini ijtimoiy tarmoqlarda ham faol yoritib boradi. Jumladan, “YouTube” platformasida Sohibqiron va Temuriylar tarixi bo‘yicha 30 dan ortiq video materiallari e’lon qilingan. Shuningdek, u “O‘zbekiston tarixi” teleradiokanali hamda YouTube’dagi “Fikrat” tahliliy ko‘rsatuvida soha eksperti sifatida muntazam ishtirok etib kelmoqda. Yosh avlodni tarbiyalash, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash borasidagi samarali faoliyati uchun Farg‘ona viloyati hokimligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan. Shuningdek, olim O‘zbekiston MTRK tomonidan o‘tkazilgan “Tarix e’tirofi – 2025” tanlovi g‘olibi bo‘lgan. 2024-yilda esa Xalqaro Amir Temur jamoat fondining “Amir Temur” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan. Professor B. A. Usmonov — taniqli olim, tajribali tashkilotchi, yuqori ilmiy salohiyatga ega pedagog va yuksak insoniy fazilatlarga ega ustozdir. U o‘zining serqirra faoliyati bilan O‘zbekiston o‘rta asrlar tarixi tadqiqiga hamda oliy ta’lim sifatini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.