Mubin Vohidovning hech kimnikiga oʻxshamaydigan bolalik yillari Zarafshonning ingichka irmoqlari iz qoldirgan ajib qishloqlarning birida kechdi. Romitan tumanidagi serhimmat inson Choriquliboy koʻprigidan uncha uzoq boʻlmagan, avval "Ustalar", "Shukur hoji", "Arabasozon" nomlari bilan yuritilgan, hozirda “Ustalar” deb rasmiy nom olgan qishloqning atrofidagi mahallalar ahli Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, mirishkor dehqon Moʻmin ota hamda dongdor pillakor Sharofat Moʻminova ismlarini haligacha faxr bilan tilga olishadi. Mehnatkash bu oilaning 9 nafar farzandi singari Mubinjoni ham boshqacharoq chiqdi. Kechasi bilan sham shuʻlasida kitob oʻqib chiqadigan, tong yorishmay dalaga borib, kun botganda uyga qaytadigan, oʻt terib mol boqishdan, barg kesib pilla yetishtirishdan zavqlanib yuradigan bu chayir yigit otasini sanoqsiz savollarga tutadigan odat chiqardi: "Ota, qishloqdagi uylarni kimlar quradi, jurnallarda surati keltirilgan koʻp qavatli chiroyli uylarni-chi, biz ham oʻshanday uylarda yashaymizmi...?". Moʻmin otaning koʻrgani urush, bilgani betinim ogʻir mehnat emasmi, oʻgʻlining dabdurustdan bergan savollari uni shoshirib qoʻyar, shunday boʻlsada oʻgʻlining qalbida uygʻongan bokira orzularini payqab, uning murgʻak tasavvurini toʻldirishga harakat qilardi. Bir kun ota-bola qishloq ustalari yoniga borishdi. Ota oʻgʻliga yuzlanib: "- Sen soʻragan odamlar shular bolam, binolarni shular qurishadi. Koʻryapsanmi imorat qilish qanchalik qiyin... Biroq savobli ham. Agar oʻzing orzu qilgan hunarni egallasang kam boʻlmaysan, oʻgʻlim" - deb, qishloq ustalariga oʻgʻlini shogirdlikka berdi. Endi yosh Mubinning yumushlari yana bittaga ortdi. U dala va uy ishlaridan ortib, qishloqdagi ustalar bilan goh yogʻoch tashir, goh tesha urar, goh gʻisht tashib, devor terar, goh suvoq qilardi.
Kuni boʻyi dam dalada, dam binolar barpo etayotgan ustalarga yordamlashib charchagan oʻgʻlining tunda sham shuʻlasida dars tayyorlab oʻtirganini koʻrgan Sharofat aya esa, "Bolam koʻp oʻqib, miyasi aynimasaydi, koʻr boʻlmasaydi," degan xavotir ichra yashardi. Mubin esa qishloqdoshlari qurayotgan imoratlarga qarab zavqlanar, oʻqiyotgan kitoblari yordamida tasavvuri kengayib oʻzini oʻylantirayotgan binokorlik savollari javobini topayotganidan koʻngli taskin topardi. Binokorlik sir-asrorlarini chuqur oʻrganish, kelgusida chiroyli binolar barpo etishni endi maqsad qilib qoʻygan yigit oliy dargohga oʻqishga kirishni orzu qildi. Oilaning moddiy sharoitlaridan kelib chiqib, uzoqqa bormadi. Kirish imtihonlarida olgan aʻlo baholari bilan Toshkent politexnika institutining Buxorodagi kechki fakultetida “Sanoat va fuqaro qurilishi” mutaxassisligi boʻyicha talaba boʻldi. Biroq ikkinchi kursni bitkazib, harbiy xizmatga chaqirilgach, olgan bilimlari sayoz ekanligi, orzusidagi kasbni chuqur egallashi, haqiqiy meʻmor va taniqli binokor boʻlib yetishish maqsadida bilimlarini kengaytirish va chuqurlashtirish lozimligini tushunib yetdi. Buxorodagi kechki fakultetda yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlar taqchilligi sabab, chuqur oʻzlashtira olmagan fanlarini armiyada mustaqil oʻqib oʻzlashtirdi, rus tilida erkin soʻzlashishni oʻrgandi va bexato yozadigan boʻldi. Havasini uygʻotgan baland-baland chiroyli binolarning yaratilishi borasidagi maxsus bilimlarni oʻzlashtirish, taniqli quruvchi, haqiqiy meʻmor boʻlish maqsadi unda paydo boʻldi. Oʻz yigitlik burchini ado qilib, harbiy xizmatdan qaytgach, yana Toshkent Politexnika institutining Buxoro kechki fakultetiga oʻqishni ikkinchi kursdan boshlab davom ettirdi. Xizmatda boʻlganligi sababli, darslarga qatnasha olmagan, lekin mustaqil ravishda tayyorlangan Mubin Vohidov qishki sessiya imtihonlarini topshirayotgan yoshlar orasida koʻzga tashlanib, professor-oʻqituvchilarning diqqatini tortdi. Matematika va fizika fanlari boʻyicha imtihonlarda olgan biletlarga tayyorgarlik koʻrmasdan, oʻtirmay toʻgʻridan-toʻgʻri javob bera olgan hozirjavob yigit, guruh murabbiysi, dotsent Yunus Usmonovning nazariga tushdi. Aynan shu inson bilan boʻlib oʻtgan mazkur uchrashuv Mubinning taqdiriga, uning oʻziga xos ilmiy salohiyatiga yangi sahifa ochdi. Kunduzi qurilishda ishlab, kechki oʻqiydigan talabasidagi tirishqoqligini payqagan olim Mubin Vohidovga, yozgi mehnat taʻtili davrida ilm bilan shugʻullanishni maslahat berdi. Har qaysi talabaga ham nasib etavermaydigan bunday omadning qadrini yaxshi anglagan Mubin, talabalar ilmiy jamiyatiga aʻzo boʻlib, maqolalar tayyorladi. Ustozi tavsiyasi bilan boshlab qoʻygan ilmiy ishi yuzasidan institut ilmiy konferensiyasida maʻruza qilib, professor-oʻqituvchilar eʻtiborini tortdi. Va nihoyat, 1973-yilning iyul oyida yoshligida orzu qilgan Politexnika institutining Toshkentdagi "Sanoat va fuqaro qurilishi" fakultetini kunduzgi boʻlimiga katta qiyinchiliklar bilan oʻqishini koʻchirishga erishdi. Oʻz maqsadi sari intilishni, boshlagan ishini yarim yoʻlda qoldirmasdan oxirigacha etkazib qoʻyishni bolalikdan oʻrgangan yigit uchun musofirlikning qattiq nonini yeb kun koʻrish ham oson kechmadi. U talabalar kontingenti kvotasidan ortiqcha qabul qilinganligi sababli besh oy davomida stipendiya olmadi. "...Stipendiyasiz oʻqib, tirikchilik uchun tirishgan yillarim, hayotimdagi eng katta saboq maktabi boʻldi. Oilamizning moddiy ahvolini yaxshi bilganim uchun uydan pul soʻramaslikka, qiyinchiliklar haqida otam va onamga bildirmaslikka harakat qilardim. Har oyning yakshanba kunlari ertalab soat 7 dan, kech soat 8 gacha odamlarning eshigida tomorqa ishlarini bajarardim. Kimdir binosini taʻmirlatar, yana kimdir tandir uchun oʻtin tayyorlatardi. Garchand uyquga toʻymasamda, toʻyib ovqat yemasamda, ayrim tengdoshlarimga oʻxshab bashang kiyina olmasamda, yaxshi oʻqishga, hamisha birinchilar qatorida boʻlishga intildim. Imtihon paytlari kursdoshlarimning mendan daftar soʻrab turishlari, zimdan menga havas bilan qarashlaridan koʻnglim taskin topardi. Shunda uzoqdagi onamning munis siymosini, mendan rozi boʻlib boqayotgan mamnun koʻzlarini koʻrganday boʻlardim..."
Mubin Vohidovning fandagi yangiliklarga nisbatan qiziqish va intilishlarini payqagan Toshkentlik ustozi “Sanoat va fuqaro binolari meʻmorchiligi” kafedrasi mudiri, oʻshanda texnika fanlari nomzodi, dotsent, keyinchalik fan doktori, professor Xusniddin Nuretdinov, bir kuni uni yoniga chaqirib, ilmini rivojlantirishi va bu yoʻlda unga koʻmak berishini aytdi. Aspiranti Qahramon Mahmudovga (Rossiyadagi oʻzbekistonlik milliarder Iskandar Mahmudovning otasi) tajribalar oʻtkazib, uning ilmiy izlanishlariga yordam qilishni maslahat berdi. Shundan soʻng talabada oʻqish bilan ilmiy faoliyatni birgalikda olib borish amaliyoti boshlandi. Ochiq osmon ostida binolarning turli xil rangda pardozlangan xonalarida tabiiy yorugʻlikning tarqalish qonuniyatlarini oʻrganishga doir eksperimentlar oʻtkazdi. Natijalar Qahramon aka bilan birga tahlil qilindi, ilmiy maqolalar tayyorlandi. Endi uning talabalik yillarida bajargan ilmiy-tadqiqot ishlarining natijalariga oid maʻruzalari nafaqat Oʻzbekiston, Toshkent miqyosidagi ilmiy konferensiyalarda, balki Kiev, Baku singari binokorlik ilmi rivojlangan yirik shaharlar oliy dargohlarida oʻtkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar kun tartibiga qoʻyiladigan boʻldi. Oʻqishni imtiyozli diplom bilan tugallagach, uning taqdiri yana ona yurti Buxoro bilan bogʻlandi. Vazirlikning maxsus yoʻllanmasi bilan Toshkent politexnika institutining Buxoro filialiga ishga yuborildi. 1978-yili esa mamlakat poytaxti Moskvadagi “Beton va temir-beton ilmiy-tadqiqot instituti”ning aspiranturasiga “Beton va temir-beton nazariyasi va texnologiyasi” ihtisosligi boʻyicha oʻqishga qabul qilindi. Shu yili mazkur oliy ilmgohda atigi 5 ta maqsadli oʻrin ajratilgandi. 27 nafar daʻvogarlar orasidan shu beshtalikka kirishning oʻzi amri mahol edi. Mubin Vohidovning oʻqib oʻrganganlari va ish faoliyati davrida orttirgan tajribasi, qolaversa, tanlagan mutaxassisligiga nisbatan qatʻiyatli qarori barcha toʻsiqlarni yengib, aspirant boʻlish baxtiga yetkazdi. Nomzodlik dissertatsiyasini tayyorlashda jahondagi taniqli olim, SSSR Davlat mukofotining laureati, texnika fanlari doktori, professor Mironov Sergey Andreyevich unga rahbarlik, texnika fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim, taniqli olim Malinskiy Yevgeniy Naumovich maslahatchilik qildi. Ilmiy ishini bajarishga tirishqoqlik bilan kirishgan aspirant 1982-yilning 1-aprelida institutning ihtisoslashgan kengashida “Quruq issiq iqlim sharoitida betonning issiqqa chidamliligi va uni aniqlovchi omillar” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Keyingi koʻp yillik ilmiy faoliyati davomida belgilagan ilmiy rejalarini amalga oshira borib, 1995-yilning 9-iyunida Toshkent Arxitektura-qurilish institutining bir martalik ihtisoslashgan kengashida olimning doktorlik ilmiy darajasi uchun tayyorlagan dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilindi. Texnika fanlari sohasida binokorlik boʻyicha yana bir yangilik “Quruq issiq iqlimli hududlarda betonning issiq-sovuqqa chidamlilik asoslari” yuzaga keldi. Bu ilmiy ish mamlakatimizning mustaqillik davridagi binokorlik sohasida birinchi doktorlik dissertatsiyasi ekanligi bilan ajralib turadi. Ilmiy-pedagogik faoliyati munosib deb topilib, Mubin Vohidovga Oʻzbekiston Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan 1997-yilda “Qurilish materiallari va ashyolari” ihtisosligi boʻyicha, 2025-yilda esa “Qurilish konstruksiyalari, bino va inshootlar” ihtisosligi boʻyicha 2-marta professor ilmiy unvoni berildi. Uning ilmiy izlanishlari natijasida fanda yangi mezon, yangi bir oʻlcham paydo boʻldi. Shu yangilik asosida, temir-beton konstruksiyalarining mustahkamligini, Oʻzbekiston va uning atrofidagi mamlakatlar hududlari iqlimiga chidamliligini oshirish imkoniyatini beradigan, material va energiya resurslarini tejaydigan samarali yechimlar ishlab chiqildiki, ular binolarni loyihalashda, qurilish amaliyotida, rekonstruksiya va mukammal taʻmirlash ishlarida tatbiq qilindi va foydalanilmoqda. Respublikamizning koʻplab viloyatlari va shaharlarida rekonstruksiya qilish va mukammal taʻmirlash ishlari uchun moʻljallangan minglab binolar va inshootlar, muhim qurilish obyektlarining texnik holati zabardast olim tomonidan oʻrganilib, tahlil qilindi. Ularni zamonaviylashtirish va seysmik xavfsizligini taʻminlash boʻyicha xulosalar qilinib, tavsiyalar ishlab chiqildi. Mubin Vohidovning olimlik salohiyati bilan insoniylik hislati oʻrtasida uzviy oʻxshashlik borday nazarimizda. Bu ning boshlagan ishini oʻzgalar taqdiri bilan bogʻlay olish qobiliyatida koʻproq namoyon boʻladi. U biror bino yoki inshootning texnik holatiga xulosa berayotib, avvalo, shu yerda yashayotgan yoki ishlayotgan odamlar qismatini koʻra oladi. Ularning qarashlari bilan hisoblashadi... 2010-yil 5-noyabrda Buxoro shahrida joylashgan Buxoro viloyatidagi harbiy chaqiruv punkti binosini texnik holatini baholashga chaqirilganda, u imoratni yiqitib, qayta qurish xulosasini berdi. Olim xavotirlandi. Oʻsha zahoti Rahmatullo aka rahbarlik qilayotgan Vobkentdagi xoʻjalik hisobidagi qurilish korxonasi binokorlarini yoniga borib, ogohlantirdi. Kechasi hushyor boʻlishlarini, bino ichida uxlamasliklarini uqtirdi. Taxmini toʻgʻri boʻlib chiqdi. Yarim tunda bino oʻz-oʻzidan qulab tushdi. Oʻz vaqtida qabul qilingan qaror natijasida 13 inson hayoti saqlab qolindi. Keyingi yillarda olim Buxoroda barpo etilgan va hozirgacha saqlanib qolgan I va II Uygʻonish davrining monumental noyob arxitekturaviy yodgorliklaridan Ismoil Somoniy maqbarasi, Minorai Kalon, Abdulazizxon va Gʻoziyon madrasalari, Magʻoki attori masjidi, Abduxoliq Gʻijduvoniy maqbarasi va boshqa obidalar arxitekturaviy yechimlari, konstruktiv tizimlari va gʻisht terish uchun ishlatilgan ashyolarini obdon tahlil qilish hamda ularni asl holatiga keltirish muammolarining yechimi bilan ham shugʻullanmoqda. Ushbu tadqiqotlar natijalari boʻyicha shogirdlari texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori dissertatsiyasini himoya qildi. Arxitekturaviy yodgorliklardagi tadqiqotlar natijasida 4 monografiya, xalqaro va respublika miqyosida 50 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etildi. Ilmiy-pedagogik faoliyatda nafaqat Buxoro davlat texnika universiteti (BDTU) talabalariga, shuningdek Termiz davlat universitetining ilmiy-pedagogik kadrlarga katta ehtiyoj sezgan Arxitektura va qurilish fakulteti talabalariga ham mutaxassislik fanlaridan taʻlim berishda amaliy koʻmak berdi. Zabardast olim mamlakatimiz taraqqiyoti uchun jamoatchilik ishlaridan ham oʻzini ayamaydigan jonkuyar inson. Mubin Vohidov Toshkent arxitektura-qurilish universiteti DSc. 26/30.12.2019. T.11.01 raqamli Qurilish materiallari, qurilish konstruksiyalari, binolar va inshootlar ilmiy kengashi, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura – qurilish universiteti huzuridagi texnika fanlari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi PhD.26/26.01.2023.T.109.02 raqamli ilmiy kengashi, Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.10/2025.27.12.t.01.01 raqamli ilmiy kengashi, BDTU huzuridagi ilmiy daraja beruvchi DSc. 03/2025.27.12 FM/T. 16.02 raqamli ilmiy kengashi aʻzosi. BDTUda tashkil etilgan “Tabiiy fanlar, mehanika va qurilish”, keyinchalik “Texnika fanlari” ihtisosliklari boʻyicha texnika fanlari ilmiy seminar raisi sifatida binokorlik rivoji uchun doim faol. BDTUda nashrdan chiqadigan “Fan va texnologiyalar taraqqiyoti” ilmiy-texnikaviy jurnalda tahririyat hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʻlim vazirligi Muvofiqlashtiruvchi kengashining aʻzosi sifatida meʻmorchilik, gidrotexnik mutaxassislarni bilim sifatini yaxshilash, binokorlik ilmining sofligini saqlash va rivojini taʻminlashda doim kamarbasta. 2022-2025-yillar Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsiya vazirligining “Arxitektura, qurilish, dizayn va shaharsozlik” fanlari ilmiy-texnika kengashi aʻzosi sifatida ham faoliyat koʻrsatdi. “Ustozlarim olimlikning yuki ogʻir boʻladi deyishsa, hayron boʻlardim. Men ana shu yuk salmogʻini yurtimdan uzoqda, oilam, ota-onam va yaqinlarim mehridan yiroqda teranroq anglab yetdim. Va yana shuni tushundimki, insonning oʻz oldiga qoʻygan maqsadlari zamirida el-yurt manfaati yotsa, uning masʻuliyati yuz chandon ogʻirroq boʻlarkan. Sen bir oʻzing uchun emas, minglarning orzu-maqsadlari roʻyobi uchun ham mehnati qilayotganlarni, nimanidir yaratayotganlarni tushuna boshlaganing sari u seni taqdiring, qolaversa butun hayoting mazmuniga aylanib qolarkan..." Professor Mubin Vohidov butun ilmiy faoliyatini hayoti bilan bir butun koʻra olgan ana shunday donishmand, qomusiy olim. U yaratgan va ayni kunda izlanishlar olib borayotgan ilmiy ishlanmalari Yurtimiz obodligi, odamlarning farovon turmush tarzi, oddiy hayotiy zaruriyatlari bilan bogʻliq. Abu Ali Ibn Sino, Xoja Ali Romitani, Xoja Mahmud Boboyi Samosiylar singari ulugʻ zotlar yurtdoshi Mubin Vohid Romitani... Bolalikdan osmonoʻpar chiroyli binolar qurishni orzu qilgan oddiy qishloq yigiti... Onasining qoʻllari bilan tikilgan, bolaligining bir parchasi boʻlgan maktab papkasini haligacha asrab yurishni oʻziga sharaf bilgan kamtar olim... Mubin Vohid Romitani 350 ga yaqin ilmiy maqolalar, 11 ta darslik, 19 ta oʻquv va ilmiy-ommabop qoʻllanma, 13 ta monografiya, 6 ta risola, 3 ta mualliflik guvohnomasi va ixtirochilik patentlari, 3 ta qurilish meʻyorlari va qoidalari hammuallifi. Ushbu kitoblar ichidan 2010-yilda nashr etilgan va 3 kitobdan iborat “Meʻmorchilik” darsligi oliy taʻlim muassasalari uchun umumkasbiy fanlar bloki boʻyicha yaratilgan oʻquv adabiyotlarining yangi avlodi sifatida “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi-2012” Respublika tanlovida gʻolib deb topilgan va I darajali diplom hamda pul mukofoti bilan taqdirlangan. Meʻmorchilikning mamlakatimiz hayotida oʻziga xos oʻrni bor. U avvalo soha mutaxassislarini tayyorlashga katta eʻtibor berishni taqazo etadi. Bu masalada oʻquv adabiyotlarini yaratishning oʻrni alohida. Ilgari mamlakatimizda Binolar va inshootlar qurilishi yoʻnalishida taʻlim olgan oliy taʻlim muassasalari talabalari, magistrantlari uchun arxitektura fani boʻyicha davlat tilida unga teng keladigan darslik yaratilmagan. Qurilish yoʻnalishi boʻyicha taʻlim oladigan talabalarimiz xalqimiz milliy meʻmorchiligining oʻziga xos jihatlari deyarli aks ettirilmagan Rossiyada rus tilida yozilgan oʻquv adabiyotlaridan foydalanishga harakat qilardi. Biroq, bu holat koʻzlangan maqsadga erishishga imkoniyat bermasdi. Mamlakatimiz tanlovida gʻolib deb topilib, I darajali diplom berilgan “Meʻmorchilik” nomli 3 kitobdan tashkil topgan darsliklar ana shu va boshqa koʻplab jihatlari bilan katta ahamiyat kasb etadi. Oʻquv adabiyotlarining yangi avlodi zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalar asosida yaratilishni, tarbiyaviy ahamiyati yoritilganligini, hozirgi zamon texnika, fan va taraqqiyotiga mos kelishini, mazmunini kengroq bayon etilganligini, talabalarning mustaqil ishlashlari uchun materiallar keltirilishlik, yangi materiallar bilan toʻldirilganlikni, milliy ruhda yozilganlikni, milliy gʻoyalar keltirilganlik, fanlararo bogʻliqliklar yoritilganlikni, boshqa oliy oʻquv yurtlari, shu jumladan xorijiy adabiyotlar bilan qiyosiy tahlil qilinganlikni, yangi adabiyotlardan foydalanilganlikni, mustaqil ishlash uchun yetarlicha materiallar keltirilganlikni, statistik maʻlumotlardan keraklicha foydalanilganlikni, ilmiy ishlari natijalaridan foydalanilganlikni talab etadi. Yuqorida bayon etilgan mezonlar asosida yaratilgan va tanlovning birinchi pogʻonasi gʻolibi deb topilgan “Meʻmorchilik” nomli darsliklari Oliy taʻlimning “Binolar va inshootlar qurilishi” va hamda boshqa bakalavriat taʻlim yoʻnalishilari talabalari hamda magistrantlar uchun moʻljallangan. Darslikning “Meʻmorchilik tarixi” deb nomlangan dastlabki kitobi ikki qismdan iborat boʻlib, unda ibtidoiy jamoa davridan boshlab, bugungi kungacha boʻlgan meʻmorchilikning qisqacha rivoji yoritilgan. Dunyo xalqlarini hayratga solib kelayotgan milliy meʻmorchiligimiz namunalari, ularning oʻziga xos jihatlari aks ettirilgan. Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz singari shaharlarning meʻmorchilik tarixi, mustaqillik yillaridagi Oʻzbekiston milliy arxitekturasi, uning jadal rivoji, meʻmorchilik muhitlari dizayni, binokorlikda bezakni ishlatishning tarixiy taraqqiyotiga alohida eʻtibor berilgan. Texnika fanlari nomzodi, professor Shamsiddin Mirzayev bilan birgalikda tayyorlagan “Fuqarolik binolari” deb nomlangan darslikning ikkinchi kitobi toʻrt boʻlimdan iborat boʻlib, ularda fuqarolik binolarini loyihalash asoslari, turar-joy binolari, fuqarolik binolarining konstruksiyalari va jamoat binolari hamda oʻziga xos yirik oʻlchamli konstruksiyalari yoritib berilgan. Yakka mualliflikda tayyorlagan “Sanoat binolari” deb nomlangan uchinchi kitobda sanoat binolarini loyihalash asoslari, ularni konstruksiyalash qoidalari va tartiblari yoritilgan. Bino va inshootlarning turlari, ularni loyihalash, bosh rejalarini tuzish, konstruksiyalar yechimlari ishlab chiqish tamoyillari, ularning temir-beton va metall karkaslari toʻgʻrisida muhim maʻlumotlar keltirilgan. Mubin Vohidov oʻz faoliyatida soha olimlari, mutaxassislari, professor-oʻqituvchilar bilan hamkorlik qilishga, shogirdlari bilan hamjihatlikda ishlashga katta eʻtibor beradigan sermahsul olim. Toshkentlik va samarqandlik taniqli olimlar bilan hamkorlikda tayyorlagan “Zamonaviy qurilish materiallari, buyumlari va texnologiyalari” kitobi Toshkent shahrida Arxitektura qurilish integratsiya va innovatsiya markazida 2014-yilda bosmadan chiqqan. 2016-yilda oʻzbekistonlik yirik olimlar bilan hamkorlikda tayyorlangan “Innovatsionniye materialy i texnologii v stroitelstve” nomli monografiya ilmiy tadqiqotchilar, talabalar va magistrantlar, soha mutaxassislari uchun moʻljallangan. 2017-yilda uning mamlakatimiz va Olmoniyalik yirik olimlar bilan hamkorlikda yaratgan “Zilzilabardoshlik va qurilish materiallari” nomli oʻquv qoʻllanmasi bosmadan chiqib, oliy taʻlim oʻquv yurti talabalari, tadqiqotchilar va keng ommadagi kitobxonlarga taqdim etildi. Zilzila jarayonida odamlarning xavfsizligini taʻminlash va bino-inshootlarning bus-butunligini saqlashda ushbu kitobning ahamiyati beqiyosdir. Oʻquv adabiyotlari qatoriga juda muhim hisoblangan Sanoat binolari arxitekturasi (2021), Fuqaro binolari arxitekturasi (2022), Bino va inshootlar konstruksiyalari (2023), Sanoat binolarini loyihalash (2024), Bino va inshootlar zilzilabardoshligi (2025) nomli darsliklarni koʻrsatib oʻtish joiz. Oliy taʻlim tizimidagi samarali ilmiy-pedagogik faoliyati natijasi boʻyicha 2024-yilda “Oliy taʻlim aʻlochisi” koʻkrak nishoni bilan mukofotlandi. 50 yil vaqt davomida ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shugʻullanayotgan sermahsul olim Mubin Vohidovning qadimiy va hamisha navqiron, milliy va jahon meʻmorchiligining noyob va nodir meʻmoriy obidalari joylashgan Buxoro shahriga mehri boʻlakcha. 2020-yilda olimning shogirdi Inʻomjon Tojiyev bilan birgalikda tayyorlagan “Buxoro shahridagi arxitekturaviy yodgorliklar gʻisht terimining qurilish qorishmalari” hamda “Buxoro shahridagi arxitekturaviy yodgorliklarni restauratsiya qilish uchun modifikatsiyalangan qurilish qorishmalari” nomli monografiyalari nashr etilib, kitobxonlarga havola etildi. Buxoro shahridagi bebaho arxitekturaviy yodgorliklarni saqlash va asliga oʻxshatib taʻmirlash orqali ularni kelajak avlodlarga yetkazishda ushbu monografiyalarning oʻz oʻrni bor. 75 yillik yubileyi arafasida taniqli olimning boʻlajak arxitektorlar va muhandis-quruvchilarga moʻljallangan Qurilish konstruksiyalari (2026) deb nomlangan zamonaviy darsligi talabalar, soha mutaxassislari va professor-oʻqituvchilarga taqdim etildi. Unda binokorlikning anʻanaviy yechimlari, keyingi yillarda mamlakatimiz siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, maʻnaviy hayotida roʻy bergan ijobiy oʻzgarishlarni aks ettiruvchi binokorlikning oʻziga xos jihatlari, amaliyotga kirib kelgan yangi materiallar va texnologiyalar, sanoat qurilishining yangi loyihaviy yechimlari, kompyuterlarning loyihalash va konstruksiyalash sohasidagi keng imkoniyatlarini oʻzida jo etgan yangicha yondashuvlar bayon etilgan. Serqirra olim Mubin Vohidov binolar va inshootlar qurilishi, ularning mustahkamligi va zilzilabardoshliligi boʻyicha ilmiy tahlillarga asoslangan texnik xulosa tayyorlash va tavsiyalar ishlab chiqishga qodir taniqli ekspert hamdir... Ilmida sobit, hayotda kurashuvchan, oʻzgalar havasini keltiradigan oilasi baxti, farzandlari, nabiralari kamolini qalbida ardoqlab yashayotgan bahtiyor inson... Buxoro davlat texnika universitetida 25 yildan ziyod kafedra mudiri lavozimida mehnat qilgan, texnika fanlari doktori, professor, koʻplab shogirdlarning ustozi... Joriy 2026-yilning 3-avgustida texnika fanlari doktori, 2 karra professor, oliy taʻlim aʻlochisi Mubin Vohidovning tavallud topganiga 75 yil, mehnat faoliyatiga 60 yil, ilmiy-pedagogik faoliyati va oilaviy hayotiga 50 yil toʻladi.
Aka-ukalar ota-ona atrofida jambul-jam (1983-yil); chapdan oʻngga birinchi qatorda: Gulbahor kelin, Latofat opam, turmush oʻrtogʻim, onam, Mahkam, otam Nodir nevaralari bilan, Lutfiya; ikkinchi qatorda Nuriddin, Bahriddin, Nasriddin, men va Muhiddin
Rafiqam va Mahkam oʻgʻlim bilan Moskvada (aspirantlik davri, 1980-yil)
Umr yoʻldoshim 55 yoshda (farzandlarim Mahkam, Akbar, men: oldinda nevaram Islom)
Qarindoshlar bilan Romitandagi Boboyi Samosiy ziyoratgohida (2005-yil)
Oʻgʻlim Akbarning yaponiyalik kursdoshlari xonadonimiz mehmonlari
1999-yil 31-mayda Buxoroda tashkil etilgan ilmiy seminar ishtirokchilarining bir guruhi. Chapdan oʻngga: dotsentlar A.P. Poʻlatov va Q.Sh. Sodiqov, prof. K.S. Abdurashidov, dotsent H.R. Roʻziyev, prof. M.T. Toshev, olmoniyalik doktor Shvarc, Buxoro shahar hokimi K.J. Kamolov, men, prof. Verner, prof. Sh.R. Mirzayev va prof. A. Toʻlaganov
2007-yil. Kafedraning bir guruh aʻzolari: chapdan oʻngga – birinchi qatorda: prof. Sh.R. Mirzayev, dotsent H.R. Roʻziyev, men va prof. M.S. Egamberdiyev; ikkinchi qatorda: B. Aslonov, dotsentlar A. Poʻlatov, Q.Sh. Sodiqov, F.B. Usmonov va A.X. Hojiyev
Toshkent temir yoʻl muhandislari instituti professori Muhammadamin aka Tohirov bilan farzandlar qurshovida (Buxoro)
Toshkent temir yoʻl muhandislari instituti; ilmiy kengash aʻzosi sifatida dissertatsiya himoyasida (2009-yil)
TAQU Arxitektura tarixi va nazariyasi kafedrasi mudiri, arxitektura doktori, prof. T.Sh. Mamatmusayev, Xorazm Maʻmun akademiyasi Janubiy Orolboʻyi meʻmoriy yodgorliklarining materiallarini sinash va taʻmirlash laboratoriyasi mudiri, arxitektura doktori G.S. Durdiyeva bilan shogirdim U. Safarovning ilmiy ishlarini muhokama qilish jarayoni (2020)
Buxoro Arlining avariya holatidagi gʻarbiy devorini texnik holatini muhokama qilish jarayoni; chapdan oʻngga: prof. Sh. Nizomov, S. Xodjayev, E. Astanov, Z. Muxiddinov, ... prof. M. Vohidov, prof. R. Almeyev, prof. K. Abdurashidov va T. Boboyev
Toshkent temir yoʻl muhandislari institutida. Chapdan oʻngga: professorlar Anvar Odilxodjayev (rektor), Erkin Qosimov, Muxammadjon Miraxmedov (TAQI rektori) va men (2009-yil)
BMTI 3-oʻquv-laboratoriya korpusini ochilish marosimi; institut jamoasi va taklif qilingan mehmonlar ishtirokida Buxoro viloyat hokimi M.T. Esanov bilan birga qizil lentani kesmoqdaman (21.02.2015)
Shogirdlar bilan ilmiy-ijod jarayonida; chapdan oʻngga: texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori Inʻomjon Tojiyev va dotsent Azizjon Hojiyev
Farzandlarim va nevaralarim bilan Buxoro shahridagi hovlida (30.03.2011-yil); chapdan oʻngga: oldingi qatorda nevaralarim Nazokat, Islom, Ulugʻbek va Qaldirgʻoch, orqadagi qatorda kelinim Guliruxsora, turmush oʻrtogʻim Surayyo, oʻzim va qizim Umida
Mubin Vohidov dissertatsiya ishlarini himoyaga taqdim etish boʻyicha institut ilmiy seminari raisi. Xaitov Bafoning doktorlik dissertatsiyasini muhokamasidan soʻng (2021-yil 23-aprel)