Zikrillaev Nurullo Fatxullaevich 1958-yil 16-iyunda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. 1968-yili 23-son o‘rta maktabga o‘qishga kirib, 1975-yili muvaffaqiyatli tamomlagan. Shu yili Toshkent davlat universitetining “Fizika” fakultetiga o‘qishga kirib, “Radiofizika” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qigan. 1980-yili O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida, professor M. Bedilov rahbarligida diplom himoyasi bilan o‘qishni tugatgan. 1980-yil 1-oktyabrda Toshkent davlat universiteti “Fizika” fakultetining “Yarimo‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi” ilmiy muammolar laboratoriyasida muhandis lavozimida mehnat va ilmiy faoliyatini boshlagan. 1982-yildan 1984-yilgacha Toshkent davlat universitetining “Yarimo‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi” kafedrasida kunduzgi bo‘lim aspiranturasida ilmiy tadqiqot ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, professor Muhammad Kabir Bahodirxonov rahbarligida boshlagan. 1985–1988-yillari shu kafedrada kichik ilmiy xodim lavozimida ishlagan. 1989-yildan Toshkent politexnika institutida ilmiy xodim, 1990-yildan assistent, 1992-yildan katta o‘qituvchi, 1993-yildan 2001-yilgacha dotsent lavozimida ishlagan. 2002–2005-yillarda Toshkent davlat texnika universitetining “Fizika” kafedrasida mudirlik lavozimida hamda ish joyini saqlagan holda Toshkent davlat texnika universitetida Ilmiy kotib lavozimida ishlagan. 2005-yili universitetda akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash bo‘yicha prorektor, 2005-yil 15-sentyabrdan universitetning “Elektronika va avtomatika” fakultetida dekan lavozimida ishlab, 2009-yilning mart oyidan boshlab akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash bo‘yicha prorektor lavozimiga qaytarilgan. 2018-yildan “Raqamli elektronika va mikroelektronika” kafedrasida professor, shu bilan birga universitet Ilmiy kotibi lavozimlarida ishlab kelmoqda. 1989-yil 15-mayda Moskva radiotexnika va elektronika institutining maxsus Ixtisoslashtirilgan Kengashida 01.04.10 – “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi” mutaxassisligi bo‘yicha “Marganets atomlari bilan legirlangan kremniydagi past chastotali avtotebranishlar” mavzusida fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasi uchun dissertatsiya himoya qilgan (FM № 036863, 1989-yil 18-oktyabr). 2002-yil 3-iyulda Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining “Fizika-texnika” institutining maxsus Ixtisoslashtirilgan Kengashida 01.04.10 – “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi” mutaxassisligi bo‘yicha “O‘takompensatsiyalangan kremniyda avtotebranish jarayonlari” mavzusida fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qilgan (04 FM № 003620, 2002-yil 26-dekabr). N. F. Zikrillaev fizikaviy elektronika va yarimo‘tkazgichlar fizikasi sohasida yetuk olim hisoblanib, yarimo‘tkazgichlar fizikasida yangi istiqbolli yo‘nalish hisoblangan, muvozanatdan chiqarilgan yarimo‘tkazgich materiallarda avtotebranishlarning termodinamik shart-sharoitlarini o‘rganish hamda samaradorligi yuqori quyosh elementlarini birikmali kirishma atomlari mavjud kremniy asosida yaratish bo‘yicha fundamental nazariy ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan. Olingan natijalar asosida yarimo‘tkazgich materiallarda, xususan, kremniyda kuzatilgan avtotebranishlar asosida qattiq jismli generatorlarni yaratish hamda ularni texnikaning telekommunikatsiya, tibbiyot, elektronika va boshqa sohalarda keng qo‘llash imkoniyatlari ko‘rsatib berilgan. U mutaxassisligi bo‘yicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ixtisoslashtirilgan Kengashlarda ko‘plab dissertatsiya ishlariga opponentlik qilgan. 1991–1993-yillarda Toshkent davlat texnika universitetida faoliyat ko‘rsatgan “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi” mutaxassisligi bo‘yicha ixtisoslashgan Kengash a’zosi bo‘lgan. Bugungi kunda N. F. Zikrillaev 300 dan ortiq ilmiy va uslubiy maqolalarning muallifi. 80 dan ziyod ilmiy maqolalari xorijiy mamlakatlarning nufuzli jurnallarida chop etilgan. Uning muallifligida 5 ta ilmiy monografiya, 10 ta darslik va o‘quv qo‘llanmalari chop etilgan. Shuningdek, 2 ta ixtiroga mualliflik guvohnomasi va 4 ta ixtiroga patent olgan. Olingan ilmiy natijalari asosida yaratilgan “Harorat datchigi” qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining haroratini o‘lchash va nazorat qilishda samarali foydalanilmoqda. Uning rahbarligida 2 nafar fan doktori, 10 nafar fan nomzodi hamda 30 dan ortiq magistrlik dissertatsiyalari himoya qilingan. Hozirda 5 nafar tayanch ilmiy xodimlar va mustaqil tadqiqotchilarning falsafa doktori hamda 3 nafar fan doktori dissertatsiya ishlariga ilmiy rahbarlik qilmoqda. Bugungi kunga qadar N. F. Zikrillaev 2 ta fundamental, 2 ta amaliy ilmiy loyihalarga rahbarlik qilgan hamda ko‘plab ilmiy loyihalarni bajarishda ishtirok etgan. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan UZWATER-TEMPUS loyihasi doirasida Toshkent davlat texnika universiteti tomonidan koordinator sifatida faoliyat yuritgan. N. F. Zikrillaev O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining matematika, fizika va mexanika yo‘nalishida doimiy ekspert sifatida ishtirok etadi, 2021–2022-yillar davomida shu yo‘nalishning ilmiy-texnik Kengashiga raislik qilgan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/2025.27.12.FM/T.01.06 ilmiy kengash a’zosi, shuningdek, Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/2025.28.11.FM.02.02 ilmiy kengash raisi. N. F. Zikrillaev – tanilgan olim va tashkilotchi, tajribali pedagog, yuksak insoniy fazilatli ustoz, o‘zining 44 yildan oshiq serqirra mehnat faoliyati davomida yarimo‘tkazgichlar fizikasi sohasini hamda oliy ta’limni rivojlantirishda yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda astoydil mehnat qilmoqda. Ibratli oila boshlig‘i, 5 nafar farzandini (3 o‘g‘il, 2 qiz) va 17 nafar nabirasini turmush o‘rtog‘i Zikrillaeva (Nishonova) Surayyo Mahkamovna bilan birgalikda tarbiyalab kelmoqda.