Olim

MURADOV RUSTAM MURADOVICH

Texnika fanlari doktori, professor

   Rustam Muradov Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutini 1976-yilda imtiyozli diplom bilan tugatgach, paxtani dastlabki ishlash kafedrasi qoshidagi ilmiy-tadqiqot laboratoriyasiga ishga qabul qilindi. Paxtani dastlabki ishlash kafedrasi qoshidagi aspiranturaga o‘qishga kirdi. 1980- yilda aspiranturani tugatib, shu kafedrada assistent lavozimida ishlay boshladi. 1982-yilda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining ixtisoslashgan kengashida «Paxtani tashishda uni havodan ajratib olish jarayonini tadqiq etish» mavzusidagi dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilib, texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. Institut rektori tavsiyasiga ko‘ra 1984-yilda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Namangan filialiga ishga yuborildi va bu oliygohda texnikaviy mexanika kafedrasi assistenti, katta o‘qituvchisi, 1985-1995 -yillarda kafedra mudiri lavozimlarida ishladi. 1995 - yildan institutda ilmiy bo‘lim boshlig‘i, 2000-yildan 2017-yilgacha ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimida ishladi. 2017- yildan hozirga vaqtga qadar Namangan muhandislik-texnologiya institutining “Tabiiy tolalarni dastlabki ishlash texnologiyasi” kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda.



   R.Muradov 1988-yilda Oliy attestatsiya komissiyasi qarori bilan «Paxtani dastlabki ishlash» mutaxassisligi bo‘yicha dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘ldi. Olib borgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari bo‘yicha 10 ta monografiya, 400 dan ortiq ilmiy maqolasi Respublika va xorijiy jurnallarda chop etildi. Shundan 52 tasi mualliflik guvohnomasi va 28 tasi patentlardan iborat bo‘lib, ulardan bir nechtasi paxta tozalash korxonalarida yuqori samara berib ishlamoqda. 2004- yilda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti qoshidagi Ixtisoslashgan kengashda «Paxtani dastlabki texnologiyasida tashish jarayonining samaradorligini oshirish asoslari» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. R.Muradov ko‘p yillardan buyon paxta tozalash va to‘qimachilik sanoati uchun mutaxassislar, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘yicha sermahsul faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Uning rahbarligida 1 nafar texnika fanlari doktori DSc ilmiy darajasini, 12 nafar shogirdlari esa texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori PhD ilmiy darajasini oldi. Hozirda 7 nafar tayanch doktorant, 5 nafar mustaqil izlanuvchilarning ilmiy-tadqiqot ishlariga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda. Uning rahbarligida 2 nafar talaba Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan. Bugungi kunda Namangan muhandislik-texnologiya instituti huzuridagi PhD.03/30.12.2019.T.66.01 raqamli ilmiy kengashning raisi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. U 2 marta Respublika ixtirochi va ratsionalizatorlar s’ezdlari ishtirokchisi. R.Muradov Respublika Fan va texnologiyalar markazining hamda Amerika Qo‘shma Shtatlarining "Evraziya" jamg‘armasining va Yevropa Ittifokining "Ta’sis-Tempus" dasturining halqaro grantlarini bajarishda rahbarlik qilgan. 2001-yilda “Texnologiya yo‘nalishi bitiruvchi talabalarini iqtisodiy bilimlarini oshirish” mavzusidagi grant bo‘yicha “Iqtisodiy bilimlar asosi” nomli o‘quv qo‘llanmasi chop qilindi. U «Paxtani dastlabki ishlash» va «Patentshunoslik, letsenziyalash va sertifikatlashtirish» fanlaridan talabalarga bilim berib kelmoqda. Bu borada 20 dan ortiq o‘quv-uslubiy qo‘llanma yaratgan. Unga 2008-yili Oliy attestatsiya komissiyasi qarori bilan «To‘qimachilik xom ashyolariga dastlabki ishlov berish» mutaxassisligi bo‘yicha professor ilmiy unvoni berildi. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida” gi Qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablaridan kelib chiqib institut o‘quv jarayoniga axborot texnologiyalarini jalb etishda doimo faollik ko‘rsatmoqda. Ayni kunda uning boshchiligida yirik korxonalar bilan ilmiy tekshirish loyihalar bo‘yicha hamkorlik shartnomalari tuzilgan bo‘lib, ular institutning ilmiy salohiyati hamda moddiy texnika bazasini kuchaytirishga qaratilgan. R.Muradov 1998- yilda institut to‘g‘risida “Ma’lumotnoma”, 2000 - yilda esa “Muqaddas dargoh” nomli institut hayoti aks ettirilgan kitoblarni tayyorlashda faol ishtirok etdi.



   2010 -yildan Rustamjon Muradov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish Qo‘mitasining Namangan viloyati hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar trensferi markaziga ijrochi direktor etib tayinlanganidan keyin, viloyat miqyosida bir qator salmoqli ishlarni amalga oshirishga erishdi. Jumladan, viloyat korxonalaridagi mavjud bo‘lgan muammolar aniqlanib, Davlat granti loyihalarini shu asosda shakllantirish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, viloyatga chetdan kirib kelayotgan eksport mahsulotlarini respublikamizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan almashtirish borasida ham diqqatga sazovor ishlar amalga oshirilmoqda. U fan-texnika sohasida sobiq ittifoq yoshlar tashkiloti mukofoti sovrindori, “Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi”ning kumush medali sovrindori, ixtirochilar va ratsionalizatorlar harakati a’lochisi nishoni sohibidir. R.Muradov mustaqilligimizning 10 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga ko‘ra «Shuhrat» medali bilan mukofotlangan. Respublikamizning ilm-fan rivojidagi qo‘shgan hissalarini 2022- yil munosib taqdirlash maqsadida Rustam Muradov “Amir Temur” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.