Olim

YUSUPBEKOV NODIRBEK RUSTAMBEKOVICH

Texnika fanlari doktori, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, fan arbobi

Nodirbek Rustambekovich Yusupbekov – kimyoviy texnologiyalarning nazariy asoslari, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish va boshqarish sohasida atoqli olim, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti «Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish» kafedrasi professori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, fan va texnika sohasida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, texnika fanlari doktori, «O‘zbekiston Respublikasining Mustaqilligiga 25 yil» va «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishonlari, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi. «Kimyo texnologiyasi, analitik va ilmiy asbobsozlik hamda kimyoviy texnologiya jarayonlari va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish» ilmiy maktabi asoschisi.



Ilmiy maktab yo‘nalishlari:




  • kimyoviy ishlab chiqarishning samarali jarayonlari va qurilmalari;

  • murakkab texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish va optimallashtirish;

  • nazorat-o‘lchash asboblarini yaratish va tadqiq etish.



Hozirgi kunda sun’iy intellekt yo‘nalishida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.



Ilmiy maktab asoschisining qisqacha faoliyati. Yusupbekov Nodirbek Rustambekovich 1940 yil 7 yanvarda Toshkent shahrida o‘zbek ziyolilari oilasida tavallud topdi. Otasi – Yusupbekov Rustambek (Rustambek-domla), 1907 yilda o‘zbek tilini o‘rganish uslubiyatini yaratgan hamda «Ta’limi avval» alifbosi va «Ta’limi soniy» o‘qish kitoblarini yozgan pedagog. Onasi Yusupova Habiba – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi, qahramon ona, 45 yil boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan va yuksak davlat mukofoti – Lenin ordeniga sazovor bo‘lgan birinchi o‘zbek ayollaridandir.



N.R.Yusupbekov oilali, uch farzand, yettita nabira va yettiti evarasi bor. Turmush o‘rtog‘i – Yusupbekova Charos Nabiyevna – texnika fanlari nomzodi, dotsent.



N.R.Yusupbekov 1957 yilda Toshkent shahridagi 46-sonli o‘rta maktabni tamomlab, Toshkent politexnika institutining Kimyo-texnologiya fakultetiga o‘qishga kirdi va 1962 yilda muhandis-texnolog mutaxassisligini oldi.



Talabalik yillaridayoq talabalar ilmiy jamiyati ishlarida faol qatnashdi, 1961-1963 yillarda u institut talabalar kasaba uyushmasini, 1970-1973 yllarda esa O‘zbekiston yosh olimlar uyushmasini boshqardi.



1962 yildan ToshPI «Fizikaviy kimyo» kafedrasining assistenti, 1963 yildan 1965 yilgacha esa «Kimyo texnologiyasining jarayonlari va apparatlari» kafedrasining aspiranti, 1966 yildan 2013 yilgacha «Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish» kafedrasi mudiri lavozimlarida faoliyat olib bordi.



N.R.Yusupbekov 1966 yilda nomzodlik dissertatsiyasini, 1971 yilda esa O‘zbekistonda birinchi bo‘lib, texnika fanlari sohasidagi eng yosh olim sifatida kimyoviy kibernetika sohasida o‘zining doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.



1967 yilda unga dotsent ilmiy unvoni, 1973 yilda esa professor ilmiy unvoni berildi.



1980-1986 yillarda ToshPI «Avtomatlashtirilgan boshqarish tizimlari» fakulteti dekani.



1989 yilda yangi tashkil etilgan Toshkent mashinasozlik institutiga rektor etib tayinlanadi.



Toshkent shahridagi ikkita OTMlarni qayta tashkil etish natijasida 1991 yilda N.R.Yusupbekov Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti rektori etib tayinlandi.



1992 yilda N.R.Yusupbekov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan yangi tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika bo‘yicha Davlat Qo‘mitasiga rais etib tayinlandi.



1994 yilda N.R.Yusupbekov Hukumat qaroriga ko‘ra O‘zbekiston kimyo sanoati korxonalari Assotsiatsiyasi «O‘zkimyosanoat» boshqaruvi Raisi lavozimiga tasdiqlandi.



2001 yildan 2003 yilgacha Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori lavozimida ishladi.



1992 yilda Xalqaro oliy maktab fanlar va Xalqaro muhandislik akademiyalari akademigi, 1994 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi, 2000 yilda esa haqiqiy a’zosi (akademigi) etib saylandi.



Umumiy mehnat staji 60 yil, 2004 yildan 2013 yilgacha «Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish» kafedrasi mudiri lavozimi faoliyat olib borgan, 2013 yildan hozirga qadar mazkur kafedrada professor lavozimida ishlab kelmoqda.



Asosiy yutuqlar. 1980 yilda N.R.Yusupbekovga «O‘zbekiston respublikasida xizmat ko‘rsatgan Fan arbobi» unvoni berilgan,



1983 yilda N.R.Yusupbekov va u rahbarlik qilayotgan olim va mutaxassislar jamoasiga avtomatlashtirilgan boshqarish sistemalaridan foydalanib, o‘simliklarni himoya qiluvchi kimyoviy vositalarni ishlab chiqarish bo‘yicha unifikatsiyalashgan texnologik komplekslarni yaratganligi va amaliyotga tadbiq etganliklari uchun fan va texnika sohasida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat mukofoti berildi.



1999 yilda sanoat rivojiga qo‘shgan hissasi uchun Do‘stlik ordeni bilan mukofotlangan. 2004 yilda atoqli ixtirochi sifatida Butun jahon Intellektual mulk Tashkilotining oltin medali bilan 2016 yilda esa «O‘zbekiston Respublikasining Mustaqilligiga 25 yil» ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi. 2017 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan. 2021 yilda «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.



N.R.Yusupbekov 19 ta monografiya, 20 ta darslik va o‘quv qo‘llanmalar, 190 ta ixtiro va 600 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifidir. Uning rahbarligida 110 dan ortiq olimlar tayyorlangan bo‘lib, shulardan 25 nafari fan doktorlaridir. Uning oliy ta’lim muassasalari uchun o‘zbek tilida yaratgan darsliklari 1983, 1998, 2004, 2011, 2014 yillarda yilning eng yaxshi darsliklari deb tan olingan.



Ilmiy faoliyat.



N.R.Yusupbekov rahbarligida 2002 yilda «Kimyo va kimyoviy texnologiya» respublika ilmiy-texnikaviy jurnali, 2005 yilda esa «Kimyoviy texnologiya. Nazorat va boshqaruv» xalqaro ilmiy-texnikaviy jurnali tashkil etildi va shu kungacha samarali boshqarib kelinmoqda. U «Rossiya Federatsiyasi OTM lari Xabarnomasi. Asbobsozlik», «Energetika va informatika muammolari», «Technical science and Innovation» jurnallari tahririyatlari jamoalari a’zosi hisoblanadi.



Akademik N.R.Yusupbekov ijodiy g‘oyalar bilan mashg‘ul va o‘ziga xos energiya bilan fan, oliy maktab va milliy iqtisodiyotimizning sanoat sohalari rivoji uchun samarali mehnat qilmoqda.



N.R.Yusupbekov rahbarligida O‘zbekistonda kimyoviy ishlab chiqarishning samarali jarayonlari, texnologik jarayonlar parametrlarining nazorat asboblarini ishlab chiqish hamda murakkab texnologik jarayonlarni boshqarish tizimlarini takomillashtirish nazariyasi va amaliyoti sohalarida ilmiy maktab yaratildi va rivojlantirilmoqda.



Akademik N.R.Yusupbekov O‘zbekistonda «Sanoatni avtomatlashtirish uchun intellektual tizimlar» (World Conference on Intelligent Systems for Industrial Automation – WCIS) Butunjahon ilmiy anjumanlarining qator ilmiy Forumlarini tashkil etishda tashabbuskorlik ko‘rsatdi. Ushbu anjumanlar doirasida sun’iy intellekt, noaniq to‘plamlar, sun’iy neyron tarmoqlari nazariyalari sohasidagi muammolar va ularni yechish usullari muntazam ravishda muhokama etib kelinmoqda. Undan tashqari 2005 yildan hozirgi vaqtgacha yilda bir marta o‘tkaziladigan «International Conference on Theory and Application of Fuzzy Systems and Soft Computing – ICAFS» Butunjahon ilmiy anjumani tahririyati jamoasining domiy a’zosi hisoblanadi.