O.Sh.Sarimsakov 1986 yili Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti (TTESI)-ni “To‘qimachilik sanoati mashina va apparatlari” mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli tamomlagach, institutning Namangan filialida kichik ilmiy xodim sifatida mehnat faoliyatini boshlagan. 1988-1991 yillar TTESIda kunduzgi aspiranturada tahsil oldi.1989 yil fan-texnika sohasida Butunittifoq yoshlar tashkiloti mukofoti laureati bo‘ldi. 1993 yil texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi. 1991-1999 yillar Namangan muxandislik-iqtisodiyot institutida assistent, ilmiy kengashi kotibi, “Marketing va buxgalteriya hisobi” kafedrasi dotsenti, Iqtisod fakulteti dekani o‘rinbosari, “Ilmiy va Xalqaro aloqalar bo‘limi” boshlig‘i lavozimlarida ishladi. 2000-yil Respublika “Ustoz” jamg‘armasi granti sovrindori bo‘ldi.
O.Sh.Sarimsakov 2000-2006 yillar Uchqo‘rg‘on shahridagi iqtisodiyot kolleji direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. Kollejda yangi boshqaruv tizimi joriy qildi, 4 ta fakultet, 6 ta fan kafedralari tashkil etdi, ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘ydi, 3 nafar yosh, iqtidorli o‘qituvchilar ilmiy stajirovka va aspiranturaga o‘qishga jo‘natildi. Tuman hokimligi bilan hamkorlikda kollejda “Rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi” tashkil etdi. U 2000-yili Amerika qo‘shma Shtatlarida, 2002-yil esa Germaniyada malaka oshirdi. Kollejda 2002 yil AQShning Merilend universiteti, Toshkent agrar universiteti va Namangan muxandislik-iqtisodiyot instituti olimlari bilan hamkorlikda viloyat fermerlariga maslahat xizmati ko‘rsatuvchi Ekstenshn markazi tashkil etdi. O‘quv yurti uning raxbarligida tumanning ma’naviyat va ma’rifat markaziga aylandi, barcha sohalarda, nafaqat tumanda, balki Viloyat va Respublikada ham o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘ldi. 2005 yil “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi a’lochisi” unvonini oldi.O.Sh.Sarimsakov 2006 yil dekabr oyida Namangan viloyati hokimligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga, 2009 yil 12 oktyabrdan boshqarma boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Boshqarmadagi mehnat faoliyati davomida ta’lim-tarbiya jarayonining ilmiy va o‘quv-uslubiy ta’minotini yaxshilashga katta e’tibor qaratdi. Uning tomonidan 5 ta o‘quv va ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar yaratildi va o‘quv-tarbiyaviy jarayonga joriy etildi. Respublika Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 1 avgustdagi 165-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘qituvchi va muhandis-pedagoglari pedagogik yuklamalarini hisobga olish jurnali” mutaxassislar tomonidan alohida e’tirof etildi va 2009 yildan buyon sohada muvaffaqiyat bilan qo‘llanmoqda.
O.Sh.Sarimsakov 2013 yildan boshlab u Namangan muxandislik texnologiya institutiga ishga qaytdi. Hozirgi kunda u institutning Tabiiy tolalarni dastlabki ishlash kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 2017 yil doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Hozirgacha uning 150 dan ortiq ilmiy va 12 ta o‘quv- uslubiy ishlari, 3 ta monografiyasi chop etilgan. U O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi a’zosi. U o‘zining bilimi, malakasini oshirish, ma’naviy saviyasini, iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatini yuksaltirish ustida qat’iyat va mas’uliyat bilan ishlaydi, izlanuvchan, tashabbuskor, jur’atli, to‘g‘riso‘z, ma’naviyati yetuk, kamtarin, o‘ziga va atrofdagilarga nisbatan talabchan, o‘z hamkasblariga mehribon va g‘amxo‘r do‘st. Oilali, to‘rt farzandi bor.