Kamolov Ixtiyor Ramazonovich 1967-yil 16-noyabrda Navoiy viloyati Qiziltepa tumani Sovungaron qishlog`ida tug`ilgan. 1992-yilda Samarqand davlat universiteti «Fizika» fakultetini tamomlab, fizika o`qituvchisi ixtisosligini olgan. Umumiy ish staji – 37 yil. 1985-1992-yillarda Samarqand davlat universiteti talabasi, 1985-1987-yillarda harbiy xizmatchi, 1992-1999-yillarda Navoiy davlat Konchilik instituti Fizika kafedrasi laboratoriya mudir, 1999-2004-yillarda Ixtisoslashgan Texnika kolleji o‘quv ishlari direktor muovini, 2004-2006-yillarda avoiy davlat pedagogika instituti Umumiy fizika kafedrasi o‘qituvchisi, 2006-2008-yillarda shu kafedra katta o‘qituvchisi, 2008-2012-yillarda kafedra dotsenti, 2019 yildan buyon shu kafedra professori. I.R.Kamolov o`zining samarali mehnat faoliyati davomida 2008, 2009-yillarda O`zbekiston Respublikasi «Xalq ta'limi a'lochisi» ko`krak nishoni bilan hamda bir necha marta fakultet, institut, viloyat hokimligi va vazirlik tomonidan «Faxriy yorliq» lar bilan taqdirlangan. I.R.Kamolov prof. B.F.Izbosarov bilan hammualliflikda 2006 yilda Elektromagnetizm o‘quv qo‘llanmasi, 2007 yilda Umumiy fizikadan laboratoriya ishlari o‘quv qo‘llanmasi, 2009 yilda Mexanika darsligi, 2010 yilda Molekulyar fizika darsligi, 2014 yilda B.F.Izbosarov va M.Mamadazimov bilan hammualliflikda Astronomiya o‘quv qo‘llanmasi, 2019 yilda Mexanika, Molekulyar fizika va Elektrognetizm darslimklari qozoq tilida, 2021 yilda Astronomiyadan laboratoriya ishlari rus tilida o‘quv qo‘llanmalari chop ettirgan. O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus vazirligi tomonidan nashr etilgan Mexanika va Molekulyar fizika darsliklari «Yilning eng yaxshi darsligi va o`quv adabiyoti muallifi» Respublika tanlovida sovrinli o`rin bilan taqdirlangan.
I.R.Kamolov «Umumiy astronomiya», «Sharq astronomiyasi», «Astrofizika» fanlaridan talabalarga chuqur bilim berib, ularning ilmiy dunyoqarashini rivojlantirish bilan bir qatorda, kafedraning yosh o`qituvchilariga ham ustoz sifatida uslubiy yordam berib, ilm-fanga yo`l-yo`riq ko`rsatib kelmoqda. I.R.Kamolov rahbarligida 2 nafar dotsent (B.T.Bisenova va S.S.Kanatbayev), 14 nafar Respublika fan olimpiadasi g‘olibi, 9 nafar M.Ulug‘bek, A.Navoiy va I.Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sovrindorlari, 1 nafar Prezident stipendiyasi sovrindori (D.I.Kamolova) va 1 nafar Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari (G.I.Sayfullayeva) tayyorlangan. U talabalarga bilim berish bilan birga ularning ma'naviyati va ilmiy dunyoqarashini shakllantirish, milliy g‘oyani talabalar ongiga singdirish uchun xizmat qilib kelmoqda.
I.R.Kamolov Respublika miqyosida o`tkazilayotgan ilmiy-amaliy konferentsiyalarda o`zining ilmiy-uslubiy maqolalari, ma'ruzalari bilan ishtirok etib kelmoqda va 2022 yilda Astronomiya fani o‘qitish muammolari bo‘yicha Respublika konferensiyasini tashkil etdi. Institut miqyosida o`tkaziladigan an'anaviy ilmiy-nazariy konferentsiyalarda o`zining sermazmun va qiziqarli ma'ruzalari bilan ishtirok etadi. Shuningdek, u talabalarni ham ilmiy-nazariy konferentsiyalarga jalb etib, ularning ma'ruzalariga ilmiy rahbarlik qiladi. I.R.Kamolov 100 ga yaqin ilmiy, o`quv-uslubiy maqola va tezis hamda qo`llanmalar muallifi. Namunali oila sohibi, 2 nafar farzandning otasi.