Shamshidinov Israiljon Turgunovich 1983-yilda Toshkent davlat universitetining kimyo fakultetini kimyogar-o‘qituvchi ixtisosligi bo‘yicha tugatgan. U 1983-yildan 1986-yilgacha Uchqo‘rg‘on tumanidagi 1-o‘rta maktabda kimyo fani o‘qituvchisi lavozimida ishlagan. 1986-yildan Toshkent politexnika institutining Namangan filialida (1991-yildan Namangan sanoat-texnologiya instituti, 1998-yildan Namangan muhandislik-pedagogika instituti, 2017-yildan Namangan muhandislik-qurilish instituti) kichik ilmiy xodim, ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishlagan va 2018-yildan boshlab “Kimyoviy texnologiya” kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda. 1994-yilda nomzodlik dissertatsiyasini, 2017-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining qaroriga muvofiq, 1998-yilda dotsent va 2019-yilda professor ilmiy unvonlarini olgan. 2011-yilda “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” va 2017-yilda “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonlari hamda 2020-yilda “Sog‘lom turmush” medali bilan taqdirlangan.
2015 va 2020-yillarda ko‘p yillik samarali mehnatlari, viloyatda ilm-fan va taʼlim-tarbiya sohalarini rivojlantirish, yoshlarga zamon talablari darajasida bilim berish va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni kamol toptirishda jonbozlik ko‘rsatgani munosabati bilan Namangan viloyati hokimining Faxriy yorliqlari bilan mukofotlangan. I.T. Shamshidinov 315 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar, shu jumladan 16 ta ixtiro uchun patentlar, 5 ta monografiya va kimyoviy texnologiya yo‘nalishining ixtisoslik fanlaridan 10 ta o‘quv adabiyoti muallifi hisoblanadi. Chop etilgan 6 ta darslik, 1 ta elektron darslik hamda 3 ta o‘quv qo‘llanmalar turkumi Respublikamizning kimyoviy texnologiya sohasidagi oliy taʼlim muassasalari va kasb-hunar kollejlarida o‘quv jarayoni samaradorligini oshirishda salmoqli hissa qo‘shmoqda. Yaratilgan darslik va o‘quv qo‘llanmalar turkumi uchun “Isteʼdod” jamg‘armasining “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” tanlovlarida u 2009-yilda II-darajali, 2011-yilda I-darajali va 2015-yilda III-darajali diplomlar bilan taqdirlangan.Uning ilmiy izlanishlari natijalari asosida Tumryuk koni mirabilitidan import o‘rinini bosuvchi mahsulot – oliy navdagi natriy sulfat olish texnologiyasi “Qo‘ng‘irot natriy sulfat” sho‘ba korxonasida tatbiq etilgan (mazkur texnologiya bo‘yicha umumiy qiymati 236 mlrd so‘mdan ziyod bo‘lgan 230 ming tonna import o‘rinini bosuvchi natriy sulfat mahsuloti ishlab chiqarilgan). Olmaliq «Ammofos-Maksam» AJda fosforitlardan qo‘shaloq superfosfat turidagi yangi o‘g‘it – «Superammofosfat» ishlab chiqarish texnologiyasi sinovdan o‘tkazilgan va o‘g‘itning 1000 tonna sanoat namunasi ishlab chiqarilgan hamda agrokimyoviy tajribadan o‘tkazilgan (mazkur texnologiyani quvvati 136000 tonna bo‘lgan fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarish korxonasiga tatbiq etish natijasida iqtisodiy samaradorligi yiliga 40 milliard so‘mni tashkil etadi).
U Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi bir necha amaliy va innovatsion loyihalarga hamda yetakchi korxonalar buyurtmalari bo‘yicha o‘ndan ortiq xo‘jalik shartnomalarini bajarishda ilmiy rahbarlik qilgan. Angren kaolinlaridan import o‘rinini bosuvchi koagulyant – alyuminiy sulfat ishlab chiqarish texnologiyasini sanoatga tatbiq etish maqsadida “Qo‘qon superfosfat zavodi” AJda tajriba-sinov ishlari o‘tkazilgan hamda yangi texnologiyani ishlab chiqarishga joriy etish uchun korxona tomonidan qabul qilingan. Mazkur texnologiya bo‘yicha quvvati yiliga 25000 tonna mahsulot ishlab chiqarish liniyasi uchun mahsulot narxi 2,5-3-marta arzonlashadi hamda yiliga 5 milliard so‘mdan ziyod iqtisodiy samaraga erishiladi. Suvda to‘la eriydigan, ekologik xavfsiz monoammoniyfosfat hamda yomg‘ir chuvalchangi biogumusidan suyuq bioorganomineral o‘g‘it olish texnologiyalarini yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida suvda to‘la eriydigan monoammoniyfosfat olish texnologiyasi «Ifoda agro kimyo himoya» MCHJda amaliyotga joriy etilgan, bu esa tomchilab sug‘orish uchun NPK-o‘g‘itlar va suyuq bioorganomineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish uchun Markaziy Qizilqum fosforitlaridan monoammoniyfosfat va qo‘shimchalardan tozalangan ekstraksion fosfat kislota olish imkonini bergan. Shuningdek, yomg‘ir chuvalchangi biogumusini suyuq bioorganomineral o‘g‘itlarga qayta ishlash texnologiyasi «Uychi sohibkor agro export» MCHJda amaliyotga joriy etilgan bo‘lib, natijada yomg‘ir chuvalchangi biogumusidan tomchilab sug‘orish, gidroponika va ildizdan tashqari oziqlantirish talablariga javob beradigan, tarkibida o‘simliklarni o‘stiruvchi va rivojlantiruvchi ekologik xavfsiz stimulyatori bo‘lgan yuqori samarador suyuq bioorganomineral o‘g‘itlar olish imkoniyati yaratilgan.
I.T.Shamshidinovning past navli xomashyolardan foydalangan holda iqtisodiy jihatdan samarador, import o‘rinini bosuvchi mahsulotlar olish texnologiyalari bo‘yicha bir qator ixtirolari sanoat ishlab chiqarishiga tatbiq etilganligi sababli «Kaolinni alyuminiy sulfatga qayta ishlash usuli (Patent № IAP 05574 UZ)» nomli ixtiroga patenti «Best IP-2019» tanlovida, «Natriy sulfatni olish usuli (Patent № IAP 05794 UZ)» nomli ixtiroga patenti «Best IP-2021» tanlovida, «Ammoniy fosfatlarini olish usuli (Patent № IAP 06263 UZ)» nomli ixtiroga patenti «Best IP-2022» tanlovida “Eng yaxshi ixtiro” nominatsiyasi bo‘yicha uch marta I-darajali diplomlar bilan taqdirlangan. I.T.Shamshidinov – tajribali pedagog. U darslarni yuqori saviyada va pedagogik texnologiyaning interfaol strategiyalarini qo‘llab hamda axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda olib boradi. Uning shogirdlari va talabalari turli ilmiy-ijodiy tanlovlarda g‘olib bo‘lgan. Jumladan, “Intellektual yoshlar – vatanimiz kelajagi” nomli iqtidorli talabalar, magistrlar, doktorantlar va yosh olimlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi maqolasi” tanlovida doktorant B.A. Mamurov faxrli I-o‘rinni egallagan, «O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi» III-Respublika tanlovida doktorant g.q. Qodirova “Eng yaxshi ixtiro” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topilgan, «XXI asr – intellektual avlod asri» shiori ostida o‘tkazilgan hududiy (Farg‘ona vodiysi miqyosidagi) anjumanning texnika fanlari yo‘nalishida mustaqil izlanuvchi Z.N. Mamadjanov va 2 nafar talaba 1-o‘rinni egallagan hamda Respublika miqyosida o‘tkazilgan anjumanda III-darajali diplom bilan taqdirlangan.
I.T.Shamshidinov tashabbusi bilan institutda kimyoviy texnologiya sohasida bakalavr va magistrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan, mazkur soha bo‘yicha doktorantura ochilgan bo‘lib, so‘nggi yillarda 10 dan ortiq fan doktori hamda 25 dan ortiq fan nomzodi va falsafa doktorlari tayyorlangan. Uning bevosita ilmiy rahbarligida 1 nafar fan doktori (DSs) va 4 nafar falsafa doktori (PhD) yetishib chiqqan. Respublikamizdagi bir qator ilmiy darajalar beruvchi (O‘zR FA UNKI, NamMTI va UrDU) Ilmiy Kengashlar aʼzosi hisoblanadi.