Vaisova Gulzebo Baxramovna 1992-yil 19-noyabrda Xorazm viloyati Urganch shahrida tug‘ilgan. 1998–2007-yillari – Urganch shahridagi Hamid Olimjon nomidagi 6-umumta’lim maktabini tugatgan. 2007–2010-yillarda Toshkent shahridagi Qizil Yarimoy jamiyatiga qarashli Tibbiyot bilim yurtini tamomlagan. 2011–2015-yillari O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya-tuproqshunoslik fakulteti biologiya yo‘nalishini tamomlagan. 2015–2017-yillari O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya-tuproqshunoslik fakulteti biologiya mutaxassisligi bo‘yicha magistraturani tamomlagan. 2017–2019-yillarda Toshkent Farmatsevtika institutida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 2019–2021-yillarda O‘zbekiston Milliy universiteti 03.00.05 – Botanika ixtisosligi bo‘yicha tayanch doktoranturada tahsil olgan. Tayanch doktoranturasini bitirib, 2024-yilda “O‘zbekistonda Capparis spinosa L.ning biologiyasi va fitotsenologiyasi” mavzusi bo‘yicha PhD himoyasini qilgan. Ilmiy tadqiqot ishlari davomida 20 dan ortiq ilmiy maqolalar chop qilgan. Hozirgi kunda dorivor va biologik faol moddalarni o‘zida mujassam etgan o‘simliklarni ilmiy asosda o‘rganish hamda ularni samarali ko‘paytirish biotexnologiya fanining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Dunyo miqyosida ekologik toza, tabiiy dorivor xomashyoga bo‘lgan ehtiyojning ortib borishi o‘simlik resurslaridan oqilona foydalanishni taqozo etmoqda. Shu jihatdan Capparis spinosa L. (kovul, kavar) o‘simligi yuqori farmakologik va iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lib, u tarkibida biologik faol birikmalar — flavonoidlar, alkaloidlar, fenol birikmalar, vitaminlar va mineral moddalarni saqlaydi. Ushbu o‘simlik xalq tabobati va zamonaviy tibbiyotda yallig‘lanishga qarshi, antioksidant, antibakterial vosita sifatida keng qo‘llaniladi. Biroq Capparis spinosa o‘simligining tabiiy sharoitda ko‘payishi sekin kechadi, urug‘larining unuvchanligi past bo‘lib, ko‘chat yetishtirishda qator muammolar mavjud. Shu sababli ushbu o‘simlikni in vitro sharoitda ko‘paytirish, to‘qima madaniyati asosida sog‘lom va sifatli ko‘chatlar olish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Mazkur tadqiqot ishi Capparis spinosa o‘simligining biologik xususiyatlari, kimyoviy tarkibi hamda uni in vitro yo‘li bilan ko‘paytirish usullarini o‘rganishga bag‘ishlangan bo‘lib, ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. Dala amaliyoti. Capparis spinosa bilan boshlangan yo‘l... Bu surat — 7 yil avval, O‘zbekiston dalalarida Capparis spinosa o‘simligini o‘rganishni endigina boshlagan davrimdan xotira. O‘sha paytlar men hali juda yosh edim, ilmga chanqoq, yuragimda katta orzular bor edi. Eng muhimi — homilador edim. Ilmiy izlanishlar, dala amaliyotlari, issiq-sovuq, mashaqqatli kunlar... Bularning barchasi bilan birga ona bo‘lish mas’uliyati ham yelkamda edi. Bugun esa Allohga shukr — 3 nafar farzandning onasiman. Bu yo‘l oson bo‘lmadi, lekin har bir mashaqqat meni yanada kuchli qildi. Capparis spinosa — mening hayotimdagi shunchaki o‘simlik emas. U mening ilmiy yo‘lim, sabrim, mehnatim va ishonchim timsoli. Bugun faxr bilan ayta olamanki, bu o‘simlikni O‘zbekistonda ilmiy jihatdan o‘rganib, izlanish olib borgan kam sonli (hatto yagona) olimalardan biri bo‘ldim. Bu surat — faqat o‘tmish emas. Bu — boshlangan yo‘l, taslim bo‘lmaslik va orzular sari qat’iy qadamlarning isboti.