Olim

MAMATQOSIMOV MIRZASULTON ABDURAYIMOVICH

Texnika fanlari doktori, professor

   Mamatqosimov Mirzasulton Abduraimovich 1967-yil Jizzax viloyatining Zomin tumanida o‘qituvchi oilasida tavallud topgan. 1991 yilda Toshkent Davlat Universiteti fizika fakultetini yadro fizikasi va kosmik nurlar kafedrasini “fizik” mutaxassisligi bo‘yicha tugallagan. 1992-1995 yillar davomida O‘z.Res.FA “Fizika- Quyosh” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi  Fizika-texnika instituti aspiranturasida o‘qish jarayonida Quyosh qurilmalari optik energetik ko‘rsatkichlarini oshirishga oid yangi usullar ishlab chiqish bilan shug‘ullangan. 1995 yil iyun oyidan  O‘z.Res.FA “Fizika-Quyosh” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi Maxsus konstruktorlik texnologik byurosiga muhandis lavozimiga ishga kiradi. Quyosh qurilmalari ko‘zgularini yustirovka qilishning yangi “kamera-obeskur” usulini ishlab chiqdi va amaliyotda joriy etdi.



   Mamatqosimov Mirzasulton Abduraimovich 1999 yilda “Yuqori temperaturali Quyosh qurilmalari ko‘zgularini yustirovka va nazorat qilish usullarini ishlab chiqish” mavzusida 05.14.08 “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ular asosidagi qurilmalar” mutaxassisligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Keyingi yillarda Mamatqosimov Mirzasulton Abduraimovich yuqori quvvatli va kichik quvvatli Quyosh qurilmalarini ishlab chiqish va tayyorlash ustida izlanishlar olib borib, 1,5 kVt quvvatli Kichik Quyosh Sandonlarini yaratishda faol ishtirok etdi. Bunday qurilmalar Misr Arab Respublikasi va Hindiston Ilmiy Markazlariga eksport qilindi. Keltirilgan ilmiy izlanishlarni olib borishda Mamatqosimov Mirzasulton Abduraimovich qayta tiklanuvchi energiya manbalari, chunonchi Quyosh energiyasidan foydalanishga katta ahamiyat bergan. So‘nggi yillarda amalga oshirgan ilmiy-texnik ishlanmalari asosan quyosh energiyasidan foydalanishga asoslangan bo‘lib, mujassamlangan quyosh energiyasi yordamida elektr energiyasi va vodorod olish texnologiyalarini yaratishga qaratilgan edi.



   Mamatqosimov Mirzasulton Abduraimovich shu kunga qadar 80 dan ortiq ilmiy maqola va maʼruzalar, tezislarini Respublika va Xorij jurnallarida chop etgan. Mamatqosimov Mirzasulton Abduraimovich 2017 yilda “Katta Quyosh pechi va boshqa energetik qurilmlar samaradorligini oshirish uchun ularning ko‘zguli mujassamlashtiruvchi tizimlarini optimizatsiyalash” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Universitetni 1991-yilda bitirib to 2021-yil 27-aprel (vafot etgan kuni) ga qadar butun umrini O‘zR FA “Fizika-Quyosh” IICHB Materialshunoslik institutiga bag‘ishlagan olimlardan biri bo‘lib qoldi. O‘z kasbiga sadoqat va matonat bilan 30 yil xizmat qilganligining isbotini institut hududida yaqqol guvohi bo‘lishingiz mumkin. U yaratgan metod asosida konsentrator qurilmasida joylashgan 10 700 dona ko‘zgularni qisqa vaqt ichida yustirovka qilish haligacha qo‘llaniladi. Institut ko‘rgazma poligonida joylashgan fatsetali ko‘zguli mujassamlashtiruvchi qurilmalar, gelio maydoni yuqorisida joylashgan 10x10 m fatsetali qurilma, shamol va quyosh energiyasida ishlovchi tungi shaxar chirog‘i va 10 kvt quvvat ishlab chiqarishga mo‘ljallangan quyosh fotoelektrik stansiyasi ham aynan Mamatqosimov Mirzasulton Abduraimovich ilmiy ishlarining amaliy mahsuli sifatida qad rostlab turibti.



   O‘zining 30 yillik mehnat faoliyati davomida Institut nomidan qator xalqaro konferensiyalarda ishtirok etgan. Jumladan Janubiy Koreya, Xitoy xalq respublikasi, Xindiston, Misr, Mongoliya, Qozog‘tston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Ukraina, Rossiya Federatsiyasi, Belarusiya, Latviya, Moldoviya, Polsha, Avstriya, Italiya, Chexiya kabi mamlakatlarda institut nomidan konferensiyalarda qatnashib xalqaro aloqalarni o‘rnatgan. Mehnat faoliyati davomida O‘zR FA “Fizika-Quyosh” Materialshunoslik instituti miqyosida eng birinchi kandidatlik dissertatsiyasini yoqlagan. Doktorlik dissertatsiyasini yoqlaganda ham shu natija qaytarildi yaʼni institut tarixida eng birinchi doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan fan arbobi sifatida qoldi. Olimning qisqa biroq mazmunli hayotiga havas qilsa arziydi. O‘z yo‘lidan bir dam chekinmagan, butun umrini ilmga baxshida etgan va eng asosiysi ortidan ilmga chanqoq shogirdlar va farzandlar tarbiyalay olgan inson sifatida barchamizning yodimizda qoladi.