R.X.Saydaxhmedov 1961-yilda Toshkent viloyati, Toshkent tumanida tug’ilgan. Millati – o’zbek. Oliy ma'lumotli. Saydaxmedov R.X. o‘rta maktabni bitirgandan keyingi o‘qish va ishlari aviatsiya sohasi bilan bog‘liq. U avval Xarkov oliy aviatsiya harbiy injenerlar bilim yurtida, keyinchalik Toshkent politexnika institutining samolyotsozlik fakultetida tahsil oldi. Aviatsiyaga, ilmga qiziqishi Xarkov shahrida o‘qib yurganlarida boshlandi. Talabalik davrida samolyot dvigatellarining turbina lopatkalarini sovutish muammolari bilan shug‘ullandi. Ko‘p marotaba parvoz qilishga mo‘ljallangan kosmik apparat kuch qurilmalarining yangi konstruktsiyalarini yaratish bo‘yicha ish olib bordi.
R. X. Saydaxmedov mehnat faoliyatini 1986-yilda Toshkent politexnika institutining samolyotsozlik fakulteti, «Mexanik ishlov berish texnologiyasi» kafedrasida laboratoriya mudiri lavozimida boshladi. Ish faoliyati mobaynida u nafaqat ilmiy ish bilan shugullanib qolmay, balkim kafedra texnik bazasini zamonaviy asbob-uskuna, dastgohlar bilan ta'minlashga katta hissa qo‘shdi. Chunonchi, 1986-1988 yillar mobaynida «Mexanik ishlov berish texnologiyasi» kafedrasiga Rossiyadan zamonaviy dastur bilan boshqariladigan dastgohlar, robototexnik komplekslar olib kelib o’rnatdi. Ularni ishga soldi va o’quv hamda ilmiy jarayonda qo’lladi. Ushbu dastgohlarni o’quv - uslubiy ta'minlashda dasturlar yaratishda ishtirok etdi. Shu davrda R.X.Saydaxmedov ishtirokida dastur bilan boshqariladigan dastgohlar ilmiy-o‘quv laboratoriyasi barpo etildi. Dastgohlarning dastur bilan boshqaruv qurilmasi bo‘yicha stajirovkada bo‘lib, BOSCH va boshqa Rossiyada yaratilgan tizimlarni o‘rgandi.
1988-yildan assistent lavozimida ishlay boshladi. Bir nechta fanlardan yangi laboratoriya ishlari yaratdi. 1989-1991 yillar mobaynida u Moskva aviatsiya institutida (MAI) tadqiqotchi-stajer lavozimida ishladi. 1991 yilda esa shu institutga aspiranturaga kirdi. R.X.Saydaxmedov «Metallar texnologiyasi» kafedrasida (MAI) ion-plazma texnologiyasi laboratoriyasini yaratishda faol ishtirok etdi. Shu sohada o‘zining «Razrabotka ionno-plazmennyx pokrytiy na osnove nitridov titana, vanadiya i xroma dlya rejushego instrumenta» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiya ishini tayyorladi va muddatidan avval muvaffaqiyatli himoya qildi. R.X.Saydaxmedov nomzodlik dissertatsiyasi himoyasidan so‘ng dotsent, «Uchish apparat detallarini ishlab chiqarish texnologiyasi» kafedrasi mudiri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi. Toshkent davlat aviatsiya instituti qoshida himoyalovchi qoplamalar olishga mo‘ljallangan laboratoriyani tashkil qildi. Uni kerakli qurilma, asbob-uskunalar bilan jihozladi. Ushbu laboratoriyada aspirantlar, magistrantlar, talabalar ilmiy ish olib borishdi, o‘quv jarayonida qo‘llanildi.
R.X.Saydaxmedov aviasozlik va kosmik texnika yo’nalishi bo’yicha o’quv standartlari, ish rejalari, dasturlar tuzishda bevosita ishtirok etdi. Kafedraning moddiy-texnik bazasini rivojlantirib, yangi asbob-uskunalar bilan ta'minladi. U mudirlik qilgan ushbu vaqt ichida «Uchish apparatlari detallarini mustahkamlash texnologiyasi» va «Aviatsiya materialshunosligi va metallar texnologiyasi» laboratoriyalari tashkil qilinib, jihozlandi. R.X.Saydaxmedov doktorlik dissertatsiyasini tugatish, hamda aviasozlikning zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish uchun 2000-2002 yillarda Moskva aviatsiya institutida doktoranturada bo‘ldi. Doktoranturaga «Ustoz» jamg‘armasi orqali yuborildi. 2002-yilda «Razrabotka ionno-plazmennyx pokrytiy na osnove nitridov i karbidov perexodnyx metallov s reguliruyemoy stexiometriyey» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini MAI da himoya qildi. 2002-2004 yillar mobaynida magistrantlar markaziga rahbarlik qildi. 2004-2005 yil oralig’ida «Uchish apparatlarini ishlab chiqarish texnologiyasi» kafedrasi mudiri lavozimida ishladi. 2005-2008 yillar davomida Toshkent davlat aviatsiya instituti prorektori, 2008-yilda shu institutning rektori lavozimida ishladi. 2008-2010 yillar mobaynida Toshkent davlat texnika universiteti «Aviasozlik» kafedrasi mudiri, 2010-2011 yillar Toshkent davlat texnika universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida faoliyat olib bordi. Saydaxmedov R.X. 2011-yil Andijon mashinasozlik instituti rektori etib tayinlandi. Bu institutda u mashinasozlik yo`nalishlarini rivojlantirishga katta hissa qo`shdi. U rektor bo’lgan davrda mashinasozlik yo`nalishiga tegishli bakalavriat yo`nalishlari, magistratura mutaxassisliklari me`yoriy hujjatlari yaratildi, mutaxassislik kafedralari, bo’limlar tashkil etildi. Ilm-fan sohasini rivojlantirish borasida ilmiy loyihalar va korxonalar bilan loyiha tadqiqot ishlari olib borildi.
2013-2016 yillar Saydaxmedov R.X. Toshkent davlat texnika universiteti rektori lavozimida ishladi.
2016-2017-yillar ToshDTU «Fan va taraqqiyot» DUK da Bosh ilmiy xodim, 2017-2019-yillar Toshkent davlat texnika universiteti «Materialshunoslik» kafedrasi professori, 2019-2020-yillar Toshkent davlat texnika universiteti «Havo kemalari va jihozlarining texnik ekspluatatsiyasi» kafedrasi professori lavozimida ishladi.
2020-yildan Saydaxmedov R.X. Toshkent davlat transport universiteti Aviatsiya transporti muhandisligi fakulteti «Aviatsiya injiniringi» kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda.
Uning 6 ta monografiya, 10 dan ortiq darslik va o’quv qo‘llanmalari, va 300 ga yaqin maqolalari chet elda va Respublikamizda chop etilgan. Bir qancha xalqaro konferensiya va simpoziumlarda ma'ruzalar bilan ishtirok etgan. Bir necha patent va dasturiy mahsulot muallifi. Saydaxmedov R.X. ko’p yillar mobaynida O’zbekiston va xorijdagi ishlab chiqarish korxonalari va universitetlari bilan loyiha-tadqiqot ishlari olib boradi. Bu orada u 1997-2000-yillar mobaynida AQSh ning «Boeing» kompaniyasi bilan ilmiy ish olib bordi. R.X. Saydaxmedov aviatsiya va materialshunoslik sohasida yetuk mutaxassis, texnika fanlari doktori, professor, uning ijodiy va o‘quv faoliyati aviatsiya, mashinasozlik sohasi bilan chambarchas bog‘liq. U o‘zining o‘quv, ijodiy faoliyatida Xarkov, Moskva o‘quv dargohlarida tahsil oldi. Yirik olimlar bilan muloqot qildi, ilmiy ishlarda unga ustozlik qildilar.
R.X. Saydaxmedov chet ellardagi aviasozlik, nanotexnologiyalar, materiallarni sintez qilishning zamonaviy usullari bilan shug’ullanuvchi chet el tashkilotlari mutaxassislari bilan doimiy aloqada. R. X. Saydaxmedov universitet jamoasi ishlarida faol qatnashadi. R. X. Saydaxmedov mexnatkash, talabchan, tinmay izlanuvchan, jonkuyar rahbar, murabbiy va tashkilotchidir. U kamtarin, to’g’ri so’z, xodimlariga, talabalarga doim g’amxo’r. Hamkasblari o’rtasida hurmatga ega. Vatan oldidagi mehnatlari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yuksak taqdirlandi. U 2000-yil «Shuhrat» medali bilan mukofotlangan.