Olim

MAMADALIMOV ABDUG‘AFUR

Fizika-matematika fanlari doktori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi

A.T.Mamadalimov 1947-yil 1-fevralda Andijon shahrida ishchi oilasida tug‘ilgan. 1964-yil Andijon shahridagi 30-maktabni, 1969- yil Toshkent Davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) fizika fakultetini “Fizikaviy elektronika” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.  A.T.Mamadalimov 1969-1974-yillarda Rossiya FA  A.F. Ioffe nomidagi Fizika-texnika institutida (St.-Peterburg, Rossiya) stajer-tadqiqotchi, so‘ngra aspirant sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Ushbu davrda u tomonidan S, Ni va Zn bilan diffuziyaviy legirlangan kremniy asosida fotosezgir S-diodlar tayyorlash texnologiyasi ishlab chiqildi.



U birinchi bo‘lib kirishmalarni chuqur energetik sathlari (CHS) belgilanmagan ionlanish energiyalariga ega bo‘lishi, ya’ni CHS larning energiyalar energetik tasmada joylashganligini fotosig‘im usullari bilan aniqladi. Zn va Ni bilan legirlangan kremniydan yasalgan fotosezgir S-diodlar va yorug‘lik diodlari asosidagi optron juftlari yasadi, o‘ta tez ishlovchi va radiasiya hamda temperatura ta’siriga chidamli, diodlar, xotirlovchi yarimo‘tkazgich strukturalar yaratdi.



Olingan natijalar asosida A.T.Mamadalimov 1974-yilda “Kremniy va kompensirlangan kremniy asosidagi asboblarda chuqur kirishmaviy sathlarni tadqiq etish” mavzusidagi fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasi uchun dissertasiyani muvaffaqiyatli himoya qildi (St.-Peterburg davlat universiteti, Rossiya).



Keyinchalik, A.T.Mamadalimov O‘zR FA Issiqlik fizikasi Bo‘limi rahbarining o‘rinbosari va laboratoriya mudiri bo‘lgan holda chuqur ilmiy izlanishlarni davom ettirdi va aspirantlarga, doktorantlarga rahbarlik qildi. Ushbu davrda u chuqur sathli markazlar bilan legirlangan kremniyning elektrik, fotoelektrik va teplofizik xossalarining fundamental tadqiqotlarini amalga oshirdi. Ular asosida yuqori sezgir fotoelementlar yaratishning fizik qonuniyatlari aniqladi.



U tomonidan yarimo‘tkazgich kristallaridagi chuqur kirishmaviy sathlarning indusirlangan fotosig‘imiy spektroskopiyasi, past temperaturali fotoelektrik spektroskopiyasi, fotoionlanish kesimlarining spektral bog‘lanishini aniqlash usuli, past  yarimo‘tkazgich materiallarda o‘ta kichik (1010 sm-3 dan kam) konsentrasiyali turli nuqsonlarni aniqlash usullari ishlab chiqildi va amaliyotga qo‘llanildi.



A.T.Mamadalimov 1985-yil R. FA A.F. Ioffe nomidagi Fizika-texnika institutining maxsus kengashida (St.-Peterburg) fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasi uchun “Chuqur energetik sathli kirishmalar bilan legirlangan kremniydagi fotoelektrik hodisalar”  mavzuidagi dissertasiyani muvaffaqiyatli yoqladi.



A.T.Mamadalimov 1986-1991-yillarda O‘zR FA Polimerlar ximiyasi va fizikasi instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari va laboratoriya mudiri lavozimlarida ishladi. Ushbu davrda A.T.Mamadalimov Respublika xalq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va fan uchun zarur bo‘lgan organik polimerlar fizikasi sohasidagi fundamental va amaliy vazifalarni yechishga faol kirishdi.



U tomonidan ilk bor paxta, ipak, o‘rgimchak, rogoza va bambuk tolalarining yarimo‘tkazgichli xossalari namoyon etildi va “Tabiiy yarimo‘tkazgichlar” nomli yangi ilmiy yo‘nalishga asos solindi. Elektronikaning murakkab funksiyalarini bajaruvchi diskret elementlarni yaratish bo‘yicha o‘ziga xos maktab yaratdi.



A.T.Mamadalimov yarimo‘tkazgichlarning teplofizik xossalarini tadqiq etish sohasidagi salmoqli yutuqlarga erishdi. U yarimo‘tkazgichlarni teplofizik va fotoelektrik xossalarning temperaturaviy bog‘lanishini 4,2 – 300 K temperaturalar oralig‘ida o‘lchashga asoslangan, kremniyda chuqur energetik sathlarni buzmasdan aniqlash, identifikasiyalash va tabiatini o‘rganish metodlarini taklif qildi.



A.T.Mamadalimov shogirdlari bilan chuqur sathlar strukturasini fundamental parametrlari - issiqlik fizikasini uning termodinamik xossalari bilan o‘zaro bog‘liqligini yagona nuqtai nazardan ekanligini ko‘rsatdi va kremniydagi elektrik neytral va faol atomlarni kichik konsentrasiyalarini aniqlash va tadqiq qilishning keng imkoniyatlari ko‘rsatildi.



A.T. Mamadalimov O‘zR Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining oliy o‘quv yurtlari Bosh boshqarmasi boshlig‘ining muovini (1994-1996 yy.) va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining ilmiy ishlar va xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori (1996-1998 yy.) lavozimlarida Respublika oliy ta’limi va ilmi rivojiga, kadrlar tayyorlashga o‘zini munosib hissasini qo‘shdi.



Akademik A.T.Mamadalimov Xalqaro biografik markazning faxriy a’zosi (Angliya, Kembridj). Dunyo faniga qo‘shgan ulkan hissasi uchun familiyas va biografiyasi xalqaro faxriy kitobning (Amerika biografiya instituti, AQSH) to‘rtinchi nashriga kiritilgan.



U qator yillar davomida “O‘zbekiston fizika jurnali” va “O‘zMU xabarlari” nomli Respublika ilmiy jurnallari tahrir hay’at a’zosi bo‘lgan. Hozirda “Fizika poluprovodnikov i mikroelektronika” MVSSORUz va Scientific bulletin physical and mathematical research” jurnallarining tahrir hay’ati a’zosi.



A.T.Mamadalimov 1980-yildan boshlab O‘zRFA va O‘zROO‘MT Vazirligining bir qator yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarida doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish bo‘yicha ixtisoslashgan kengashlarning doimiy a’zosi bo‘ldi.



A.T.Mamadalimov tomonidan 3 ta monografiya, 1 ta darslik, 7 ta o‘quv qo‘llanma, 500 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etilgan, 18 ta patent va ixtirolar guvohnomasiga ega. Akademik A.T.Mamadalimov O‘zMU qoshidagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy tadqiqot institutida laboratoriya mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda hamda, dolzarb mavzudagi ilmiy ishlarni bajarishda va yosh olimlarni tayyorlash sohasida faol ishlar olib bormoqda.



Abdug‘afur Mamadalimov yetakchi pedagog, dunyo miqyosdagi yirik olim, iqtidorli fan tashkilotchisi, talabchan va mehribon tarbiyachi, o‘ta kamtarin va pok inson, o‘z ishining fidoyisi, institut va universitet jamoasi o‘rtasida katta hurmatga egadir.