Usarov Jabbor Eshbekovich 1968 yil 20 aprelda Samarqand viloyati Nurota tumanida ziyolilar oilasida tugʻilgan. 1985 yilda Samarqand viloyati Qoʼshrabot tumanidagi oʼrta maktabni bitirib, 1985-1986 yillarda Toshkent davlat universiteti (ToshDU) fizika fakultetiga oʼqishga kirgan. 1988-1993 yillarda ToshDU fizika fakulteti kechki boʼlimida tahsil olgan.Mehnat faoliyatini 1989 yilda Toshkent shahar qurilish boshqarmasida duradgor lavozimidan boshlagan. 1991-1993 yillarda Toshkent irrigatsiya va meloriatsiya institutining fizika kafedrasi lobaranti, 1993-1996 yillarda Samarqand viloyati Qoʼshrabot tumanidagi 34-oʼrta maktabning fizika-matematika fani oʼqituvchisi, 1996-2006 yillar Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti qoshidagi akademik litseyda fizika oʼqituvchisi, 2006-2013 yillarda Toshkent davlat yuridik instituti qoshidagi akademik litseyning oʼquv ishlari boʼyicha direktor oʼrinbosari, 2013-2014 yillarda Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi 3-son akademik litsey direktori, 2014 –2015 yillarda “News-ARENA” gazetasi bosh muharriri lavozimlarida ish yuritib kelgan.2015-2017 yillarda TDPU, katta ilmiy xodim-izlanuvchisi, 2017-2018 yillarda TDPU, fizika kafedrasi oʼqituvchisi, 2018-2019 yillarda TDYuU huzuridagi akademik litseyda boʼlim boshligʼi laavozimlaruda ishlagan. 2019 yil sentyabr oyidan Toshkent viloyati Chirchiq pedagogika instituti Pedagogika fakulteti dekani lavozimida ishlab kelmoqda.
Taʼlim sohasidagi xizmatlari uchun 2001 yilda “Oʼrta maxsus, kasb-hunar taʼlim aʼlochisi”, 2011 yilda “Oʼzbekiston Mustaqilligiga 20 yil”, 2014 yilda “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʼkrak nishonlari bilan taqdirlangan. 2005 yilda “Аkademik litseylarda fizika taʼlimi samaradorligini oshirish jihatlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2001 yilda Janubiy Koreya Respublikasida, 2004 yilda Malayziyada malaka oshirib qaytgan. 2019 yilda “Tayanch va fanga oid kompetentsiyalar asosida taʼlim mazmunini takomillashtirish va oʼquvchilar kompetentligini rivojlantirish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2005 yildan buyon Oʼzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi Respublika taʼlim Markazida “Fizika va astronomiya fanlari” boʼyicha Ilmiy-metodik kengashi shuningdek, 2017 yil qabul qilingan kompetentsiyaviy yondashuvga asoslangan Davlat taʼlim standartini tayyorlash hamda 2021 yilda tayyorlangan Milliy dastur loyihasi boʼyicha ishchi guruh aʼzosi hisoblanadi. 2019 yilda qayta nashr qilingan 8-9 sinf oʼquvchilari uchun fizika darsligi hammuallifi.
J.Usarov tomonidan har bir dars koʼrgazmali va elektron oʼqitish vositalarining didaktik imkoniyatlari hisobga olingan holda, o’quvchilarni mantiqiy fikrlashga undovchi, kompetentsiyaviy yondashuv asosida pedagogik muloqot jarayonida faol qatnashishlarini ta’minlovchi metodikalar ishlab chiqilgan. J.Usarov taʼlim berish jarayonida va iqtidorli yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirishda anʼanaviy ilmiy-amaliy konferentsiyalarda talabalarning faol ishtirokini taʼminlab, ular ilmiy salohiyatini oshirishda oʼz hissasini qoʼshib kelmoqda. Xususan, u rahbarlik qilayotgan Pedagogika fakulteti tashabbusi bilan joriy yilda “Taʼlimdagi innovatsiyalar va islohotlar kontekstida zamonaviy klaster tizimi: muammolar, yondoshuvlar va istiqbollar” mavzusida qator ilmiy-amaliy konferentsiyalarda faol ishtirok etishdi. “Ochiq osmon ostidagi maktab” ijtimoiy loyihasi Respublika miqyosida ommalashtirildi. 2019 yilda Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/30.12.2019.Ped.82.01 raqamli Ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar aʼzosi sifatida, Namangan muhandislik qurilish instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/30.12.2019.T.90.01 raqamli Ilmiy kengash qoshidagi bir martalik himoya kengashi aʼzosi sifatida ishtirok etgan. Chirchiq davlat pedagogika universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.04.2021.Ped.82.03 raqamli Ilmiy kengash raisi sifatidagi faoliyatini ham namunali baholash mumkin. J.E.Usarov tomonidan faoliyati davomida 150 dan ziyod ishlar eʼlon qilgan. 2005 yilda ham mualliflikda Аkademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun yaratilgan Fizika, 2-kitob, “Elektrodinamika. Elektromagnit tebranishlar” hamda 3-kitob “Optika, kvant fizikasi, atom va yadro fizikasi” nomli oʼquv qoʼllanmalari Respublika “Eng yaxshi oʼquv adabiyotlar” tanlovida gʼolib deb topilgan va 2 darajali diplom bilan taqdirlangan.
2022-yilning noyabr oyida J.E.Usarov Turon Fanlar Akademiyasi akademigi unvoniga sazovor bo’ldi. 2023-yilda “Oʼzbekiston Konstitutsiyasiga 30 yil” koʼkrak nishonlari bilan taqdirlangan. J.E.Usarov rahbarligida 1 nafar pedagogika fanlari doktori (DSc) va 5 nafar pedagogika fanlari bo’yicha falsafa doktorlari (PhD) himoya qilishgan bo’lsa, 10 lab shogirdlar bilan ilmiy-tadqiqot ishlari olib bormoqda. J.E.Usarov faoliyat yuritayotgan Chirchiq davlat pedagogika universitetining ustuvor yo’nalishi hisoblangan “Pedagogik ta]lim innovatsion klasteri”ning faol targ’ibotchilaridan hisoblanadi. Uning pedagogik yondashuvi: ta’lim jozibadorligi – uning hayotiy zarurati bilan belgilanadi. Bu esa, o’quvchi harakati va pedagog kompetentligini talab qiladi.