Olim

XIMMATALIYEV DOʻSTNAZAR OMONOVICH

Pedagogika fanlari doktori, professor

   Ximmataliyev Do‘stnazar Omonovich 1969-yil 11-mart kuni Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida tug‘ilgan. 1986-yil o‘rta maktabni, 1993-yili – Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakultetini tamomlagan. 1993-yildan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Pedagogika va o‘qitish uslubiyati” kafedrasi laboratoriya mudiri sifatida mehnat faoliyatini boshlagan. 1998-2009 yillari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti qoshidagi Yunusobod Аkademik litseyida direktor o‘rinbosari, o‘qituvchi, YoChT rahbari, bo‘lim boshlig‘i, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, 2009-2011 yillarda Toshkent viloyati hokimligi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasida yetakchi mutaxassis, sektor mudiri, “Ta’lim-tarbiya jarayonlarini tashkil etish” bo‘limi boshlig‘i, 2011-2021 yillarda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti (2017 yil 24 maydan TIQXMMI)da dotsent v.b., kafedra mudiri, professor v.b. lavozimlarida ishladi. 2021 yil 6 sentyabrdan boshlab Chirchiq davlat pedagogika universiteti “Pedagogika” kafedrasi professori lavozimida ilmiy-pedagogik faoliyat olib bormoqda. 2003 yil 12 dekabrda 13.00.08 – Kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha pedagogika fanlari bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.



   2014–2016 yillarda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti  “Pedagogika, psixologiya va o‘qitish metodikasi” kafedrasida doktorantura bo‘yicha katta ilmiy xodim-izlanuvchi sifatida “Kasbiy faoliyatga tayyorgarlikni diagnostika qilishda pedagogik va texnik bilimlar integratsiyasi” mavzusida pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy tadqiqot ishlari olib bordi va 2018 yili doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Hozir “Kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi” ixtisosligida professor ilmiy unvoniga ega. Professor D.O.Ximmataliev hozirgi zamon pedagogikasining muhim yo‘nalishlaridan bo‘lgan kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi masalalari bilan ko‘p yillardan buyon faol shug‘ullanib kelayotgan, mamlakatimiz va bir qator chet el olimlari bilan ilmiy hamkorlik olib borayotgan yetuk mutaxasis-olim sifatida tanilgan. Uning ilmiy ishlari mamlakatimiz va chet ellarda–АQSh, Аngliya, Аvstriya, Germaniya, Hindiston, Rossiya, Ukraina kabi davlatlar nufuzli ilmiy nashrlarida chop etilgan.



   Hozirgi kunda professor D.O.Ximmataliev Pedagogik innovatsiyalar, professional ta’lim boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.Ped.48.01 raqamli, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.04.2021.Ped.82.03 raqamli ilmiy kengashlar a’zosi, Ilmiy darajalar beruvchi ushbu ilmiy kengashlar qoshidagi ilmiy seminarlar a’zosi, Rossiya va Respublika miqyosidagi ilmiy jurnallar tahririyatida faol ishtirok etmoqda. Professor D.O.Ximmatalievning ohirgi 5 yillik faoliyati davomida 5 ta (yakka hamda hammualliflikda) monografiya, hammualliflikda 1 ta darslik va 6 ta o‘quv qo‘llanma tayyorlandi, 30 dan ortiq ilmiy maqola va materiallari Scopus va boshqa nufuzli xalqaro bazalardagi ilmiy jurnallar hamda xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar to‘plamlarida chop etildi. 2022-yilning 10-noyabr kuni D.O.Ximmataliyev Turon Fanlar Akademiyasi akademigi unvoniga sazovor bo‘ldi. Professor D.O.Ximmataliev 30 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida koʼplab bakalavr, magistr va ilmiy darajali kadrlar tayyorlashga oʼz hissasini qoʼshib kelmoqda. Uning shogirdlari bugungi kunda oliy, oʼrta maxsus va xalq taʼlimida, davlat va jamoat boshqaruvning turli boʼgʼinlarida mehnat qilmoqdalar.