Olim

EGAMBERDIYEVA TURG‘UNOY AXMEDJANOVNA

Pedagogika fanlari doktori, professor

   Egamberdiyeva Turg‘unoy Axmedjanovna 1942-yil 1-avgust kuni Marg‘ilon shahrida tavallud topgan. U 1963-1967-yillarda Farg‘ona pedagogika institutining pedagogika va boshlang‘ich ta’lim metodikasi fakultetida tahsil olgan. 1970-1972-yillarda Moskva shahar oliy partiya maktabida “Xalqaro munosabatlar” fakultetida tahsil oldi. 1990-1992-yillarda Farg‘ona davlat pedagogika instituti pedagogika va boshlang‘ich ta’lim fakulteti dekani, katta o‘qituvchisi, 1992-1997-yillarda Farg‘ona davlat universitetining tarbiyaviy ishlar (1996-yildan ma’naviy-ma’rifiy ishlar) bo‘yicha birinchi prorektori, 1997-2007-yillarda jahon tarixi kafedrasi dotsenti lavozimlarida ishladi. 2007-yildan beri tarix kafedrasi professori sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.



   Egamberdiyeva Turg‘unoy Axmedjanovna 1988-yilda "O‘zbekiston Respublikasi qishloqlarining madaniy rivojlanish muammolari" (1970-1980-yillar) mavzusidagi tadqiqot ishini nihoyasiga yetkazib, tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini olishga muvaffaq bo‘ldi. 2006-yilda “O‘zbekiston Respublikasi ma’naviy hayotida ayollar faolligini oshirishning ijtimoiy-pedagogik asoslari” mavzusidagi doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. U o‘zining ilmga ishtiyoqi, izlanuvchanligini namoyish etib, respublika va xorijiy ilmiy-amaliy anjumanlarda, vaqtli matbuotlarda ilmiy maqolalari, televideniyeda chiqishlari bilan ishtirok etib kelmoqda. Turg‘unoy Egamberdiyeva fan, ta’lim, axborot texnologiyalari, madaniyat yo‘nalishlarida Germaniya, Finlyandiya, Yugoslaviya, Hindiston, Xitoy, Afgoniston, Ukraina, Belorussiya, Tatariston, Qozog‘iston, Ozarbayjon mamlakatlariga uyushtirilgan xizmat safarlarida guruh rahbari sifatida ishtirok etgan. U FarDU qoshidagi Gender tengligi tadqiqotlar markazi rahbari sifatida ham ham faoliyat olib bormoqda. Turg‘unoy Ahmedjonovna Egamberdiyeva o‘zining fidoiyligi, shijoati, talabchan ustoz ekanligi va tashkilotchilik qobiliyati bilan respublika, viloyat hamda jamoa orasida katta hurmatga sazovor. Universitet va viloyat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib kelmoqda.