Salayeva Muxabbat Saburovna 1961-yil 16-mayda xorazm viloyati Urganch shahrida xizmatchi oilasida tavallud topgan. 1968-yilda Urganch shahridagi 6-son Hamid Olimjon nomli umumiy o’rta ta’lim maktabiga qabul qilinib, 1978 - yilda a’lo baholar bilan muvaffaqiyatli tamomlagan va shu yili Qo’qon davlat pedagogika instituti Pedagogika psixologiya fakulteti talabasi bo’lishga muvaffaq bo’lgan. 1982 - yilda institutni muvaffaqiyatli tamomlab, Urganch pedagogika bilim yurtiga pedagogika va psixologiya fanlari o’qituvchisi qilib ishga qabul qilingan. Salayeva Muxabbat Saburovna 1991 yilda Xorazm davlat pedagogika instituti “Pedagogika va psixologiya” kafedrasida o’qituvchi lavozimida pedagogik faoliyatini boshlagan. Ilmiy tadqiqot ishini amalga oshirish maqsadida 1993-yilda Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika instituti maqsadli aspiranturasiga 13.00.01- Pedagogika nazariyasi va tarixi ixtisosligi bo’yicha o’qishga kirib uni 1995- yilda muvaffaqiyatli tamomlagan.
Salayeva Muxabbat Saburovna 1999-yil 26-avgustda O’zbekiston Pedagogika Fanlari Ilmiy–Tadqiqot Institutidagi DK 113.20.01 ixtisoslashgan Kengashida "Muhammad Rizo Ogahiyning ma’rifiy–pedagogik qarashlari" mavzusida 13.00.01 – "Pedagogika nazariyasi va tarixi" ixtisosligi bo’yicha bajarilgan nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2003-2005- yillarda Nizomiy nomli TDPU maqsadli doktoranturasida 13.00.01 – "Pedagogika nazariyasi va tarixi" ixtisosligi bo’yicha tahsil olib, “O’zbek pedagogikasi tarixini davrlashtirishning nazariy pedagogik asoslari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoyaga tayyorlagan. Salayeva Muxabbat Saburovna 2002-yil noyabr oyidan hozirgi kungacha O’zbekiston Respublikasi xotin-qizlar "Olima" uyushmasi Xorazm viloyati bo’limi ijroiya direktori lavozimida ham faoliyat ko’rsatib kelmoqda. Salayeva Muxabbat Saburovna shu kungacha 1ta davlat granti rahbari, 3ta grant ishtirokchisi sifatida faoliyat olib borgan. 2005 yilda Qori Niyoziy nomli O’zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida P-5.24 sonli shartnoma bo’yicha DITD-5 loyihasiga rahbarlik qildi. “Umumiy o’rta ta’lim maktablarida o’quvchilarni tabaqalashtirib o’qitishning ilmiy-pedagogik asoslari” mavzusida loyiha olib borilib, unda o’qituvchilar uchun metodik tavsiyalar, metodik qo’llanmalar nashr qilindi.
Salayeva Muxabbat Saburovna O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNTlari va fuqarolik jamiyatini boshqa institutlarini qo’llab quvvatlash jamoat fondi tomonidan 2013-yil avgust oyida moliyalashtirilgan 2014-may oyigacha davom etgan N-2348 raqamli O’zbekiston Respublikasi davlat grantida "Xorazm viloyatidagi ishsiz yoshlar va ayollarni "Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka" o’qitish orqali yangi ish o’rinlarini tashkil etish va bandlikka erishishga ko’maklashish" loyihasida ishtirok qilgan. 2014 - yilda O’zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasi tomonidan 13.00.01 – "Pedagogika nazariyasi va tarixi" ixtisosligi bo’yicha dotsentlik unvonini olgan. Salayeva Muxabbat Saburovna xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlarda o’zining ilmiy ishlari bilan qatnashib kelmoqda. 1998 yilda Termiz shahrida o’tkazilgan "Zarautsoy-98" nomli Xalqaro simpoziumda "Muhammad Rizo Ogahiyning ilmiy merosi va milliy tarbiya" mavzusidagi, 2012-yil 30-noyabrda Toshkent shahrida o’tkazilgan “Sog’lom oila-sog’lom jamiyat asosi” nomli Xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyada "Ma’naviy - ma’rifiy merosimiz oila mustahkamligining asosi" deb nomlangan ma’ruzalari bilan qatnashgan. 2020-yil iyun oyida Toshkentda O’zMU da “International psychology summit” nomli Xalqaro Sammitda, 2021-yil 5-mayda Samarqand shahrida o’tkazilgan “Педагогические и лингвопсихологические особенности развития, формирования и становления личности врача” nomli xalqaro konferensiyada, 2021-yil may oyida Toshkent shahrida o’tkazilgan “Xorijiy tillarni o‘qitishning dolzarb masalalari: muammolar va yechimlar” nomli xalqaro konferensiyada o’z ma’ruzalari bilan qatnashib tashakkurnoma va diplomlar bilan taqdirlangan.
Salayeva Muxabbat Saburovna 2019 - yil avgust oyida 13.00.01–Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi (pedagogika fanlari) ixtisosligi bo’yicha «O’zbek pedagogikasi tarixini davrlashtirishning nazariy-metodologik asoslarini takomillashtirish» mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Salayeva Muxabbat Saburovna 2021 yildan hozirgi kungacha bo’lgan davrda Urganch davlat universiteti Pedagogika fakulteti “Maktabgacha tahlim metodikasi” kafedrasi professori lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Salayeva Muxabbat Saburovna o’z ixtisosligi bo’yicha Ixtisoslashgan Ilmiy Kengash va ular qoshidagi Ilmiy seminarlarda a’zo sifatida ham qatnashib, dissertatsiyalar muhokamalari va himoyalarida faol qatnashib kelmoqda. Hozirgi kungacha 50 tadan ortiq dissertatsiya va avtoreferatlarga taqrizlar bergan. Salayeva Muxabbat Saburovna o’z ixtisosligi bo’yicha ilmiy maktabni ham shakllantirib, hozirda 1 ta tayanch doktorant va 4ta mustaqil izlanuvchi tadqiqotchilarga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda. Shuningdek shu kungacha talabalarning 40 tadan ortiq bitiruv malakaviy ishlariga va magistrlarning 20 tadan ortiq magistrlik dissertatsiyalariga ham ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda.
Salayeva Muxabbat Saburovna 2021-yildan European Journal of Humanities and Educational Advancements (Европейский журнал гуманитарных наук и достижений в области образования Карризаль-де-Инхенио, Лас-Пальмас, Испания) ISSN (E): 2660-5589 Impact Factor: 7.223 https://scholarzest.com/index.php/ejhea) jurnalining tahririyat guruhi muharriri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Salayeva Muxabbat Saburovna ilmiy faoliyati davomida shu davrgacha 162 ta ilmiy ish e’lon qilgan, shulardan 2ta darslik, 2ta monografiya va 3 ta o’quv qo’llanma, 3 ta uslubiy qo’llanma. 56 ta ilmiy jurnallardagi maqola (chet ellarda 12ta) va 95 ta ilmiy anjumanlardagi maqolalardan iborat, ja’mi 120 bosma toboq hajmida ilmiy-uslubiy ishlarni chop qilishga muvaffaq bo’lgan. 2021-yilda “Umumiy pedagogika” va 2022-yilda “Oila pedagogikasi” nomli darsliklarini Oliy va o’rta-maxsus ta’lim vazirligi Muvofiqlashtiruvchi Kengashi tomonidan tasdiqlangan guvohnomalarini oldi va nashr qildirishga muvaffaq bo’ldi.