Olim

JUMAYEV MAMANAZAR IRGASHEVICH

Pedagogika fanlari nomzodi, professor

   Mamanazar Jumayev 1960-yil 29-dekabrda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi Poshxurt(Poshshai Xurd ‒ kichik poshsholik ma’nosida) qishlog‘ida ziyoli oilasida tavallud topdi. Mamanazar mansub bo‘lgan Juma buvalar (buva xalq ichida Juma lashkar laqabi bilan mashhur bo‘lgan) avlodi qishloqdagi soni ko‘p, salmog‘i mo‘l xonadonlardan bo‘lgan. Bo‘lg‘usi olimning padari buzrukvori  Ergash  Jumayev boshlang‘ich ta’lim va matematika muallimi bo‘lib, qishloqdagi o‘rta maktabda qirq yil davomida tinimsiz mehnat qildi va yosh avlodga ta’lim-tarbiya berdi, minglab qishloq yoshlarining  mustaqil hayotga uchirma bo‘lishida munosib hissa qo‘shdi. Ergash ota o‘zi ham jufti haloli Zuhra aya bilan 9 nafar farzand ‒ yetti qiz va 2 o‘g‘ilni tarbiyalab voyaga yetkazdi, barchasini oliy ma’lumotli pedagog qilib, ziyokorlar safini boyitdi. Bugungi kunda Jumayev va Jumayevalar (garchi boshqa ism-shariflar bilan bo‘lsa-da) avlodi padarlari ishini sharaf bilan davom ettirmoqdalar.



   Mamanazar 1967-yilda qishloqdagi 33-sonli o‘rta maktabga bordi. Oilada ancha erka o‘sgan, zum(rasha),aytganini qildirishga o‘rgangan bola bo‘lsa-da (Rais nomi ham shundan),  yosh Mamanazar maktabda tirishqoqlik bilan o‘qidi. Biroq maktabni bitirganidan keyin oliy o‘quv yurtiga kirish yo‘lidagi dastlabki urinishlari besamar ketib(sho‘rolar davri...), tumandagi qurilish trestida, Rossiyaning sobiq Gorkiy shahrida bir necha yil mehnat qildi, til o‘rgandi, zuvalasi pishdi. 1980-yili yana Termiz davlat pedagogika institutining fizika-matematika fakultetiga hujjat topshirdi va imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘qishga qabul qilindi. Bo‘lg‘usi olim oliygohda astoydil o‘qidi, talabalar o‘rtasida institut, viloyat, respublika miqyosida o‘tkaziladigan fan olimpiadalari, sport, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol qatnashdi, talabalar ilmiy jamiyati raisi bo‘lib, jamoada obro‘ orttirdi. 1984-yilda oliygohni imtiyozli bitirib, Sherobodga qaytgan yosh muallim tumandagi 33-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida matematika fani o‘qituvchisi bo‘lib faoliyat boshladi. Shu bilan birga, yosh pedagogning o‘z fani va kasbiga bo‘lgan qiziqishi bir zum bo‘lsa-da tark etmadi, aksincha, yangi-yangi izlanishlar sari undadi. Natijada Mamanazar 1989-yilda poytaxtga kelib, faoliyatini nufuzli oliy ta’lim maskanlaridan biri Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining Boshlang‘ich ta’lim metodikasi kafedrasida o‘qituvchi sifatida davom ettirdi. Mazkur sanadan e’tiboran domlaning hayot faoliyati ushbu oliy dargoh bilan chambarchas bog‘landi:




  • 1996-1997 yillarda ‒ institut stajyor-tadqiqotchisi bo‘ldi;

  • TDPUning “Amaliy psixologiya” mutaxassisligini tugatdi;

  • 2002-yilda Oliy attestasiya komissiyasi tomonidan dosent ilmiy unvoni berildi;

  • 2002-2006-yillarda ‒ Gumanitar fakultetlar matematika kefedrasi dotsenti bo‘lib faoliyat yuritdi.



   “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi – 2005” respublika tanlovida o‘zining 1-sinflar uchun “Matematika” darsligi (16-nashri) bilan qatnashib g‘olib bo‘lgan. OTMlar uchun “Matematika o‘qitish metodikasi” darsligi (2-nashri) bilan “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi – 2007” respublika tanlovida ishtirok etib, Oliy va o‘rta maxsus, Xalq ta’limi vazirliklari hamda respublika “Iste’dod” jamg‘armasining I darajali diplomi bilan taqdirlandi. Tajribali metodist-olim M.Jumayev  Oliy o‘quv yurtlari uchun  “Oliy matematika”, “Matematika o‘qitish metodikasi”,  “Elementar matematik tasavvurlarni shakllantirish metodikasi” darsliklari;  “Matematika o‘qitish metodikasidan praktikum”, “Matematika o‘qitish metodikasidan laboratoriya  mashg‘ulotlari” o‘quv qo‘llanmalari, shuningdek,  pedagogik yo’nalishdagi kasb-hunar kollejlari uchun “Matematika o‘qitish metodikasi”, “Bolalarda boshlang‘ich matematik tushunchalarni  rivojtirish nazariyasi va metodikasi” o‘quv qo‘llanmalari; 2 ta monografiya va respublikamizda  o‘zbek, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman, qoraqalpoq tillarida o‘qitiladigan umumta’lim maktablarining  1-sinfi uchun “Matematika” darsligi, “Matematika daftari”, “O‘qituvchi kitobi” singari 10 dan ortiq darslik va o‘quv qo‘llanmalar muallifidir.