Olim

BAXODIRXANOV MUXAMMAD KABIR SAYIDXONOVICH

Fizika-matematika fanlari doktori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi

Baxodirxanov Muxammad Kabir Sayidxonovich 1942-yil 17-avgustda tavallud topdi. 1959-1965 yillar Toshkent davlat universitetining “Fizika” fakultetini “Yarimo‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi” mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oldi. 1965-yili universitetni muvaffaqiyatli tugatganidan so‘ng, Leningrad shahridagi Ioffe nomidagi Fizika-texnika institutida “Yarim o‘tkazgichlar fizikasi” sohasida yetuk olim Boris Iosifovich Boltaks rahbarligida nomzodlik dissertatsiyasini bajarib, 1971-yili himoya qildi. 1982-yil doktorlik dissertatsiyasini SSSR FAning Leningrad shahridagi Fizika texnika institutda himoya qildi.



1971-yildan Toshkent davlat universitetining “Yarimo‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi” kafedrasida pedagogik va ilmiy faoliyatini boshlagan M.Baxodirxanov, qisqa vaqtda tajribali, mohir ustoz sifatida tanildi hamda Toshkent shahrida “Yarimo‘tkazgich materiallarda diffuzion jarayonlar” ilmiy maktabga asos soldi.



1985-yildan Toshkent politexnika institutida “Fizikaviy elektronika” kafedrasi mudiri sifatida faoliyat boshlagan Muxammad Kabir Baxodirxanov fizika sohasida yangi yo‘nalish hisoblangan “Kirishma atomlar bilan kompensatsiyalangan kremniy materialining elektrofizik, fotoelektrik, optik va galvanomagnit xususiyatlarini o‘rganish” bo‘yicha ilmiy maktabini yaratdi. Maktabning birinchi tadqiqotchilari o‘z navbatida soha bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishdilar va respublikamizning Andijon, Samarqand, Nukus, Qarshi, Namangan shaharlaridagi oliy ta’lim muassasalarida ilmiy yo‘nalishining davomchilari sifatida o‘zlarining ilmiy maktablarini yaratdilar.



Muxammad Kabir Baxodirxanov yarimo‘tkazgich materiallarda kirishma atomlarning nanoklasterlarini hosil qilishning diffuzion texnologiyasini kashf qildi. Olingan nanoklasterli kremniy materialda tashqi ta’sirlarga bog‘liq yangi fizik hodisalar kuzatildi va ular asosida ko‘pfunksiyali fizik kattaliklarni o‘lchovchi datchiklarni yasash imkoniyatini asoslab berdi. Bundan tashqari yarimo‘tkazgich kremniy hajmida binar nanoklasterlarni shakllantirish bilan materialning fundamental parametrlarini o‘zgartirish mumkinligini ilmiy asosladi hamda Quyosh elementlarining samaradorligini oshirishda yangi turdagi material olish imkoniyatini ko‘rsatib berdi.



Muxammad Kabir Baxodirxanovning rahbarligida yarimo‘tkazgichlar fizikasida yangi ilmiy yo‘nalish bo‘lgan, o‘takompensatsiyalangan kremniy materialining elektrofizik va fotoelektrik xususiyatlari hamda ularni elektronika sanoatida qo‘llash imkoniyatlarini ochib berishda 10 dan ortiq fan doktori va 40 dan ortiq fan nomzodlari dissertatsiyalarini himoya qildilar. Muxammad Kabir Baxodirxanov chet el olimlari tomonidan tan olingan o‘z ilmiy yo‘nalishini yaratdi va yuksak ilmiy yutuqlarga erishdi. Uning kamtarona mehnatlari respublika rahbariyati tomonidan yuksak baholanib, 1992-yilda fan va texnika sohasida Beruniy nomidagi Davlat mukofoti, shuningdek, Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasi 1992-yil “Mustaqillik ko‘krak nishoni”, 2020-yil “Do‘stlik” ordeni, 2021-yil “Mehnat faxriysi” ko’krak nishoni, O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalarining Faxriy yorliqlari hamda ko‘plab diplomlari bilan rag‘batlantirildi.



Baxodirxanov Muxammad Kabir, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi, 2003-yilda Xitoy Xalq Respublikasining Sin-Szyan davlat universiteti va 2012-yilda Qoraqolpog‘iston Respublikasi Nukus davlat universitetining faxriy professori hamda 2017-yili O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademikligiga saylandi.



Muxammad Kabir Baxodirxanov 1985-yildan 2021-yilgacha Toshkent davlat texnika universitetining “Raqamli elektronika va mikroelektronika” kafedrasida pedagogik va ilmiy faoliyatini olib bordi. 1991-1992 yillar oralig‘ida Toshkent davlat texnika universitetining ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori, 1996-yildan 2003-yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya qo‘mitasi raisining birinchi muovini lavozimida faoliyat olib bordi. 2004-yildan 2012-yilgacha Toshkent davlat texnika universiteti “Elektronika va mikroelektronika” kafedrasi mudiri lavozimida ishladi.



Muxammad Kabir Baxodirxanov 10 dan ortiq ilmiy monografiya, 16 ta darslik, 300 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi va 20 ga yaqin ixtirolariga patentlik guvohnomalarini olgan.



Muxammad Kabir Baxodirxanov Toshkent davlat texnika universitetining “Raqamli elektronika va mikroelektronika” kafedrasida bakalavrlar va magistrantlarga elektronika sohasi bo‘yicha dars berishi bilan birga, kafedrada bajarilgan xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy loyihalarga hamda tayanch doktorantlar va fan doktorlariga ilmiy rahbar bo‘lgan.



Oilali, 3 o‘g‘il 1 qizi bor. M.K.Baxodirxonov rahbarligida 8 ta fan doktori va 30 ta fan nomzodi tayyorlangan.



Baxodirxanov Muxammad Kabir Sayidxonovich yorqin xotirasi do‘stlari, shogirdlari va farzandlari qalbida bir umr saqlanib qoladi. Ustoz yaratgan ilmiy maktabning nufuzi ortib, shogirdlarini jahonshumul ilmiy yutuqlarga erishishlariga tilakdoshmiz.