Kadirova Fotima 1956-yil 22-dekabrda Toshkent shahrida tavallud topgan. Uning “Maktabgacha pedagogika”, “Bolalar nutqini rivojlantirish nazariyasi va metodikasi”, “Bolalar bog‘chasida metodik ishlar”, “Bolalarga chet tilini o‘qitish nazariyasi va metodikasi” kabi darsliklari asosida respublikamiz oliy o‘quv yurtlari maktabgacha ta’lim yo‘nalishi talabalari hamda “Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti” hamda xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlar tinglovchilari, pedagogik kollej o‘quvchilari bir necha yillar mobaynida o‘qib kelmoqdalar. Shuningdek, “Maktabgacha yoshdagi bolalarga ikkinchi tilni o‘rgatish metodikasi”, “Maktabgacha pedagogika”, “Maktabgacha yoshdagi bolalarning nutqini o‘stirish” (Kichik, o‘rta, katta, maktabga tayyorlov guruhlari uchun mashg‘ulot ishlanmalari) nomli o‘quv qo‘llanmalarini maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari va boshqa pedagog xodimlari amaliyotda qo‘llamoqda.
1989-yilda Moskva shahrida “O‘zbek bog'chasida bolalarga rus tilida so‘zlashuv nutqini o‘rgatishda didaktik o‘yinlar” mavzusida pedagogika fanlari bo‘yicha nomzodlik dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 1997 yilda pedagogika fani bo‘yicha mamlakatimizda o‘tkazilgan tanlovda “Maktabgacha yoshdagi rusiyzabon bolalarni o‘zbekcha so‘zlashishga o‘rgatish” nomli o‘quv qo‘llanmasi uchun 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2004 yilda esa Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida o‘tkazilgan “Kafedraning yuksak mahoratli o‘qituvchisi” tanlovida g‘olib deb tan olindi. Uning ilmiy-tadqiqot ishlari va ularning natijalari talabalarga ma’ruzalar o‘qish, seminar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish, ularning magistrlik dissertasiyalari ishlariga rahbarlik qilish, tadqiqotchilarning doktorlik dissertasiyalariga ilmiy maslahatlar berish, mazkur institut tinglovchilariga ma’ruzalar o‘qish,seminar, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish yo‘llari bilan joriy qilinmoqda. Olima 2006-yilda pedagogika fanlari bo‘yicha doktorlik dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan davrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ta’sis etilgan “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi”ning pedagogik grantlar dasturida, loyiha rahbari sifatida ishtirok etib, g‘olib deb tan olindi. Shuningdek, “Pedagogik texnologiyalarni qo‘llash asosida maktabgacha yoshdagi bolalar nutqini o‘stirish”, “Fuqarolik jamiyati sharoitida barkamol avlodni ma’naviy yuksaltirishning dolzarb falsafiy va pedagogik muammolari” va boshqa fundamental, innovasiya va amaliy ilmiy loyihalarga rahbarlik qildi.
Fatima Rashidovna 2003-2016 yy. 13.00.01.-Pedagogika nazariyasi va tarixi hamda 13.00.05 – Ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘qitish metodikasi ixtisosligi bo‘yicha pedagogika fanlari doktori va pedagogika fanlari nomzodi dissertasiyalarni himoya qilish bo‘yicha Birlashgan ixtisoslashgan kengashining rais muovini, a’zosi, ilmiy seminar raisining muovini sifatida ishlab keldi. 2017 yildan u 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi, 2019 yildan hozirgi kunga qadar13.00.08 – Maktabgacha ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ilmiy kengashlarning a’zosi, 2021 yildan bugungi kunga qadar Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar raisi sifatida ishlab kelmoqda. F.R.Kadirova olib borgan ilmiy-tadqiqotlarining natijalari chop etilgan 220dan ziyod ishlarida: darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, konsepsiya va monografiyalarda, dasturlar, ilmiy, ilmiy-metodik maqolalarda o‘z ifodasini topgan. Izlanuvchan, tashabbuskor, o‘z kasbiga, ishiga ma’suliyat bilan yondashadigan, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash yo‘lida maktabgacha ta’lim sohasiga munosib hissa qo‘shib, samarali mehnat qilayotgan, salohiyatli pedagog, fidoyi va jonkuyar inson sifatida hamkasblari va aholi o‘rtasida hurmat qozongan.