Jumanazarov Umurzoq Abdurazzoqovich 1956-yili 2 mayda Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida (hozirgi Jizzax viloyatining Baxmal tumani) Loyqa qishlog‘ida ishchi-xizmatchi oilasida tug‘ildi. Dastlabki ma’lumotni №36-o‘rta maktabda (1963-1973), so‘ngra S.Ayniy nomidagi Samarqand davlat pedagogika institutida (1973-1977) tahsil oldi. U.A.Jumanazarov S.Ayniy nomidagi Samarqand davlat pedagogika institutida o‘zining ilmiy-pedagogik faoliyatini 1977 yildan boshlagan, so‘ngra O‘z R FA Alisher Navoiy nomidagi (sobiq A.S.Pushkin) Til va adabiyot institutining folklor bo‘limida laborant va ilmiy xodim vazifalarida ishladi (1978-1984). U.A.Jumanazarov 1984-yildan hozirgi vaqtgacha Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika institutida katta o‘qituvchi, dotsent, professor, boshlang‘ich ta’lim uslubiyati fakultetining dekani o‘rinbosari, boshlang‘ich ta’lim metodikasi, boshlang‘ich ta’lim til va adabiyoti, boshlang‘ich ta’lim nazariyasi va amaliyoti kafedralarining mudiri, o‘zbek tili va adabiyoti fakulteti dekani lavozimlarda ishladi. Hozirgi kunda boshlang‘ich ta’lim nazariyasi va amaliyoti kafedrasi professori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bulung‘ur dostonchilik maktabining epik an’analari gullab-yashnagan hududda tug‘ilib, xalq ijodiyotiga mehr qo‘yib ulg‘aygan. U.A.Jumanazarov O‘zbekiston fan arbobi, yirik folklorshunos olim, akademik T.Mirzaev ilmiy rahbarligi va maslahatchiligida “O‘zbek xalq tarixiy qo‘shiqlari (spesifikasi, tasnifi va poetikasi)” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini 26 yoshida (1982), “O‘zbek tarixiy folklorining janrlari sostavi va ularning g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari” mavzuidagi doktorlik dissertatsiyasini 35 yoshida himoya qildi (1991). O‘zining folklorshunoslik sohasidagi izchil tadqiqotlarini oliy ta’limdagi faoliyati bilan qo‘shib olib borgan olim 1986-yilda dotsentlik, 1993-yilda professorlik ilmiy unvonlarini olishga muvaffaq bo‘ldi.
Iste’dodli folklorshunos olim sifatida tanilgan U.A.Jumanazarov hozirga qadar 16 ta monografiya, 21 ta o‘quv qo‘llanma, 26 ta uslubiy qo‘llanma va 350 dan ortiq ilmiy va ilmiy-nazariy, uslubiy hamda ommabop maqolalarini e’lon qilganganligi ham uning g‘oyatda mehnatkash va sermahsul ijodkor ekanligidan dalolat beradi. U o‘zbek folklorida tarixiy qo‘shiq janrining genezisi, struktural tiplari va tasnifi, xalq baxshilari repertuariga ta’siri, g‘oyaviy-estetik vazifa badiiyatini o‘rganishga doir fundamental tadqiqotlari bilan hayotiy voqelik va tarixiy haqiqatning xalq ijodiyotida poetik aks etishini yoritishga katta hissa qo‘shdi. Olimning “Jangovar yillar poeziyasi” (1988), “Da’vatkor xalq she’riyati” (1988), “Jasorat va sadoqat talqini” (1989), “O‘zbek xalq tarixiy qo‘shiqlari” (rus tilida, 1989), “Qo‘shiq: tarix va ijod” (2007), “Tarix va xalq ijodiyoti badiiyati” (2007) kabi ilmiy monografiyalarida o‘zbek xalq tarixiy qo‘shiqlarining janriy tabiati, voqelikni badiiy aks ettirish tarzi va poetikasi masalalari atroflicha tahlil qilingan. Olim qadimgi turkiy yozma manbalardagi folklor materiallarini qiyosiy tadqiq etish asnosida tarixiy qo‘shiq janrining shakllanishi va badiiy evolyusiyasi jarayonlarini belgilashga ham munosib hissa qo‘shgan. Uning bk yo‘nalishidagi amalga oshirgan ilmiy izlanishlarining asosiy nazariy umumlashmalari “O‘zbek folklori ocherklari” uch jildligining 1988-yilda chop etilgan birinchi jildida o‘z ifodasini topgan. Olimning o‘zbek xalq qahramonlari qo‘shiqlari, doston va tarixiy qo‘shiqlarining qadimiy aloqalari, an’anaviy xalq tarixiy qo‘shiqlarining badiiyati, variantlari hamda tarqalishiga oid maqolalari o‘zbek xalq qo‘shiqlarining o‘rganilishiga muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.
O‘zbek folklorshunosligida o‘tmishdagi real tarixiy voqelikni tasvirlash xarakteri va mohiyati jihatidan tarixiy-qahramonlik, tarixiy-fantastik, tarixiy konkret va avtobiografik dostonlarga bo‘lib tasniflanadigan o‘zbek xalq tarixiy eposi bo‘yicha yirik tadqiqotlardan biri ham U.A.Jumanazarov tomonidan yaratilgan. U o‘zining “O‘zbek folklori va tarixiy voqelik” (1991), “Xalq tarixi sahifalarini varaqlaganda” (2006), “El suygan baxshining epik olami” (2007) singari monografiyalari hamda “Tarixiy doston va tarixiy qo‘shiq munosabatlariga doir”, “Doston va tarixiy voqelik”, “Tarixiy eposning turlari va hozirgi ahvoli”, “Xalq eposining tarixiyligi va tarixiy epos masalasi”, “Oysuluv” – sof tarixiy doston”, “Tarixiy dostonlar” kabi ilmiy-nazariy maqolalarida tarixiy dostonlarning janriy mansubiyatini belgilovchi asosiy mezonlar, tarixiy eposning tasnifi va tadrijiy rivoji bosqichlari, xalq baxshilari repertuarida tutgan o‘rni va poetikasi masalalarini keng ko‘lamda o‘rgandi. Folklorshunos olimning ilmiy faoliyatida o‘zbek xalq nasrining qadimiy janrlari – afsona va rivoyatlarni to‘plab, tadqiq etishga alohida e’tibor qaratilgan. Ayniqsa, afsona va rivoyat janrlarining o‘ziga xos hamda farqlanuvchi xossalarini belgilashda olimning ilmiy konsepsiyalari muhim ahamiyat kasb etadi. U qadimiy mifologik tasavvurlarning folklorga ta’siri, tarixiy afsona va rivoyatlarning yuzaga kelish manbalari, etnonimik rivoyatlarda etnik jarayonlarning aks etishi, real tarixiy siymolar obrazining xalq nasridagi badiiy talqiniga oid bir necha monografiyalar e’lon qildi. O‘zining og‘zaki nasr janrlarining tarixiyligi masalasiga doir ilmiy qarashlarini “Tarix, afsona va din” (1989), “Xalq prozasi va ijtimoiy hayot” (2006), “Toponimika va xalq prozasi” (2005) kabi o‘nga yaqin fundamental tadqiqotlarida umumlashtirgan. U.A.Jumanazarov tarixiy qo‘shiq, doston, rivoyat va afsonalarning tadqiq etishni davom ettirib, o‘zbek xalq tarixiy folklor janrlarining genezisi va badiiy rivoji qonuniyatlarini ochishga xizmat qiladigan jiddiy nazariy masalalarni o‘rtaga tashladi. Olimning amalga oshirgan ilmiy tadqiqot ishlari o‘zbek folklorshunosligida mavjud materiallarga yangicha baho berish, ularni yaxlit bir tizim asosida tahlil qilinganligi bilan alohida ajralib turadi. Ularga doston, rivoyat, tarixiy qo‘shiq janrlari tarkibidagi va ularning janriy bir turi bo‘lgan tarixiy folklor namunalari jalb etilgan bo‘lib, o‘sha janrlar doirasidagi janriy o‘ziga xosliklarni yoritishga alohida e’tibor berilgan.
U. A.Jumanazarov ilmiy ishlar bilan birgalikda o‘zi xizmat qilgan oliy o‘quv yurtining talabalarida yangicha fikrlash va ilmiy dunyoqarashni shakllantirish, bilimlarning ezgulikka xizmat qilishi tamoyillarini singdirishga, ular uchun mustaqil ishlashga nazariy ma’lumotlar beruvchi 30 dan ortiq darslik va uslubiy qo‘llanmalarni yaratishga asosiy e’tiborini qaratib kelmoqda. “O‘zbek bolalar adabiyoti” (2004, 2009, 2015), “Ona tili” (2005, 2008, 2016, 2022), “Bolalar adabiyoti va folklor” (2009, 2014), “Jahon xalqlari adabiyoti” (2019), “Turkiy xalqlar adabiyoti” (2019, 2021, 2022), “Xalq pedagogikasi va xalq donoligi” (2010), “Adabiyot va folklorning pedagogikaga uyg‘unligi” (2014), “Boshlang‘ich sinflarda didaktik o‘yinli mashg‘ulotlarni uyushtirish” (2017), “Ona tili fanini o‘qitishda innovatsion-pedagogik texnologiyalar” (2017), “Xalq dostonlari tilida lingvomadaniy birliklar” (2019), “Baxshichilik san’ati va dostonchilik maktablari” (2021), “An’naviy termalar” (2021), “Do‘mbira – baxshilar sozi” (2021) kabilar. U.Jumanazarov 2 ta xalqaro jurnali, 1 ta respublika ilmiy jurnallarining tahrir hay’ati a’zosi.
2021-2022-yillarda U.A.Jumanazarovning hammualliflikdagi “Turkiy xalqlar adabiyoti” monografik tadqiqoti Turkiya va Germaniya mamlakatlarida nashr etildi. Shuningdek, o‘ndan ortiq ilmiy-nazariy maqolalari xorijiy jurnallarda e’lon qilindi. U.A.Jumanazarov yosh kadrlarni tayyorlash sohasida 7 nafar fan nomzodi, filologiya fanlari falsafa doktori (PhD)larga ilmiy rahbarlik qildi. 12 ta doktorlik, 23 ta nomzodlik va filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasiga rasmiy hakamlik qildi. Hozirgi kunda uning rahbarligida yana 6 nafar tadqiqotchi ilmiy ish bilan shug‘ullanmoqda. U.A.Jumanazarov O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Til va Adabiyot instituti huzuridagi D 015.04.01. raqamli fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha Birlashgan Ixtisoslashgan Kengash, O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi 16.07.2013 Fil 01.05 raqamli fan doktori ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash a’zosi sifatida yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash sohasida ham samarali faoliyat ko‘rsatdi. 2013-2018-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya komissiyasida filologiya yo‘nalishi bo‘yicha ekspert sifatida xizmat qildi. 2019 yildan boshlab hozirgi kungacha O‘zRFA o‘zbek tili, adabiyoti va folklori ilmiy tadqiqot instituti, Guliston davlat universiteti, shuningdek, Jizzax davlat pedagogika universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. U.A.Jumanazarov oilali, 4 nafar farzandning otasi (ulardan biri filologiya fanlari doktori (DSc), ikkinchisi pedagogika fanlari doktori (DSc), uchinchisi pedagogika fanlari nomzodi).