Bobomurot Najmitdinovich 10-may 1964-yilda Navoiy viloyati Nurota tumanidagi Papanay qishlog‘ida chorvador cho‘pon oilasida tavallud topgan, millati o‘zbek. Sakkiz nafar farzandning otasi, 3 nafar nevaraning bobosi. 1981- yilda Nurota tumanidagi 9-o‘rta maktabni tamomlab, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti Fizika fakultetiga o‘qishga kirgan. 1986-yilda ushbu fakultetni Fizika va astronomiya o‘qituvchisi ixtisosligi bo‘yicha bitirgan. Ilk pedagogik faoliyatini o‘zi o‘qigan Nurota tumanidagi 9-o‘rta maktab o‘qituvchisi lavozimidan boshlagan. Maktabda fizika, astronomiya, informatika, mehnat fanlaridan dars bergan. 1990 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti «Umumiy va eksperimental fizika» kafedrasi o‘qituvchisi lavozimida ish boshlagan. Hozirgi kunda Nizomiy nomidagi TDPU Fizika va uni o‘qitish metodikasi kafedrasida dotsent lavozimida faoliyat olib bormoqda.
Nurillayev Bobomurot Najmitdinovich Nizomiy nomidagi TDPU da ishlash davrida professor-o‘qituvchilikdan tashqari Fizika-matematika fakultetida ma‘naviy-ma‘rifiy ishlar bo‘yicha dekan muovini, o‘quv ishlar bo‘yicha dekan muovini, Nizomiy nomidagi TDPU birlashgan kasaba uyushmasi talabalar bilan ishlash bo‘yicha rais muovini, «Fizika va astronomiya o‘qitish metodikasi» kafedrasi mudiri vazifasini bajaruvchi lavozimlarida faoliyat olib bordi. 2007- yil 15 fevralda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi K.067.08.01 raqamli Birlashgan ixtisoslashgan kengashda 13.00.02 – Fizika o‘qitish nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha «Umumiy fizika praktikumlarida bo‘lajak o‘qituvchilarning eksperimental ko‘nikmalarini shakllantirishning didaktik asoslari» mavzusida pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozgan nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini egallagan. Respublika ta‘lim markazida va Respublika ta‘lim inspeksiyasida Fizika fani bo‘yicha ishchi guruh a‘zosi. Toshkent shahri va viloyati xalq ta‘limi o‘qituvchilarining mahorat maktabida ma‘ruzalari bilan qatnashib kelmoqda. O‘rta umumta‘lim maktablari 7-sinf, 8-sinf, 10-sinf va 11-sinf fizika darsliklariga taqrizchi sifatida ishtirok etgan. Dotsent S.B.Orifjonovning bakalavriat talabalari uchun yozgan “Elektromagnitizm” o‘quv qo‘llanmasiga taqrizchi bo‘lgan (Toshkent.: Noshir. 2011. 300 b.).
Qator yillardan buyon XTV tizimida “Bilimlar bellashuvi”, “Yil o‘qituvchisi” respublika tanlovi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi va oliy ta‘lim tizimida fizikadan fan olimpiadalarining Toshkent shahar va Respublika bosqichlarida hay‘at a‘zosi sifatida ishtirok etib keladi. O‘rta maxsus, kasb-hunar tizimi bilan hamkorlikda ishlab, 2014-2016 yillarda Toshkent shahri, Samarqand, Xorazm, Sirdaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi AL va KHK o‘qituvchilarining “Ta‘lim texnologiyalarini o‘quv jarayonida qo‘llash” bo‘yicha malaka oshirish kurslarida moderator sifatida ishtirok etgan. B.N.Nurillayev 6 ta o‘quv qo‘llanma va 8 ta metodik qo‘llanmalar muallifi hisoblanadi, bugungi kunda bu qo‘llanmalardan ta‘lim jarayonida foydalanilmoqda. 2009-yilda “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” – Respublika tanlovida Fizika: O‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi muassasalarida laboratoriya ishlarini o‘tkazish bo‘yicha o‘quv qo‘llanmasi (R.Q.CHoriev, A.Ergashev, Q.T.Suyarov, V.Chumichkinlar hammuallifligida. Samarqand.: Talqin.2006) 2-darajali diplom bilan taqdirlangan (qayd raqami 090). Qator yillardan buyon bitiruvchi talabalarning Bitiruv malakaviy ishlariga va magistrantlarning magistrlik dissertatsiyalari, ilmiy-pedagogik amaliyoti hamda stajirovkasiga ilmiy rahbarlik qilib keladi. 70 dan ortiq ilmiy ishlari chop qilingan, shundan 21 ta maqolasi OAK tasarrufidagi jurnallarda nashr qilingan. 40 tan ortiq turli darajadagi ilmiy-metodik konferensiyalarda o‘z tezislari bilan ishtirok etgan. OAK komissiyasining 2019 yil 28 fevraldagi 262/1 qaroriga asosan Ta‘lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha dotsent ilmiy unvonini olgan (03№ 008620).