M.A.Zaxidova 1955-yilda tug‘ilgan, oliy ma’lumotli, 1978-yilda Toshkent Davlat universiteti (O‘zMU)ni fizik mutaxassisligi bo‘yicha tugatgan. Fizika- matematika fanlari nomzodi, dotsent. 90 dan ortiq maqolalar va 8 ta o‘quv qo‘llanma muallifidir. Hozirgi kunda fizika fakultetida “Umumiy fizika” kafedrasi professor vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlaydi. U o‘zining mehnat faoliyatini O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi “Yadro fizika “institutida kichik ilmiy xodim lavazimida boshladi. 1979–1986 yillar davomida Rossiya Fanlar Akademiyasining nufuzli ilmiy dargohlaridan biri «Umumiy fizika» institutida (Moskva, IOFAN ) Nobel mukofoti laureati, akademik A.M. Proxorov rahbarligidagi laboratoriyada ilmiy izlanishlar olib bordi. Shu institutda maqsadli aspiranturada o‘qib, “Shisha sirtida jaylashgan brom molekulalariga lazer nurining rezonans ta’siri” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiya ishini himoya qilib, fizika - matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi.
M.A.Zaxidova 1989-yildan buyon O‘zbekiston Milliy universiteti fizika fakultetida ilmiy faoliyatini davom ettirish bilan birgalikda, dastlab katta o‘qituvchi sifatida, keyinchalik dotsent va pofessor vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab, yosh avlodni tarbiyalashga o‘z hissasini qo’shib kelmoqda. U o‘zining universitetdagi faoliyati davrida o‘quv jarayonini takomillashtirish borasida faol ishlar olib bordi. U qator o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarning muallifi, universitetning biologiya, kimyo, geologiya, matematika va universitetning qo‘shma fakultetlari bakalavriat yo‘nalishlari uchun “Umumiy fizika” fani bo’yicha mutaxassislik talablari asosida namunaviy fan dasturlari va o‘quv rejalarni ishlab chiqqan. Uning hammualliflikda yaratgan biologiya fakulteti talabalari uchun “Quyosh energiyasi orqali fotosintetik jarayonlarni boshqaruvchi fluoressent metodlar”, “Mexanika va molekulyar fizikadan laboratoriya ishlari”, “Geliy-neon lazeri yordamida yorug‘likning to‘lqin nazariyasini o‘rganish”, “Elektr”, milliy gvardiya kursantlari uchun yozilgan “Optika”, “Umumiy fizikadan praktikum”, “Fizikadan masala yechish uslublari” o‘quv qo‘llanmalari va umumiy fizikaning “Optika” bo‘limi bo’yicha darsligi universitetlar, harbiy oliygohlar va pedagogika yo‘nalishidagi o‘quv yurtlarining fizika mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar uchun darslik sifatida qo‘llanilmoqda.
U o‘zining ilmiy-pedagogik faoliyati jarayonida kimyo, biologiya, matematika va geologiya fakulteti, Moskva davlat universiteti Toshkent filiali “Amaliy matematika va infarmatika” fakulteti, O‘zMU qoshidagi O‘zbekiston-Isroil qo’shma “Xolon” universiteti filiali “Yuqori texnologiyalar va muhandislik matematikasi” fakulteti va Italiyaning Piza universitetining Toshkent filiali bakalavriat talabalariga umumiy fizika fanidan yetarlicha ilmiy–nazariy va o‘qitishning ilg‘or uslublarini qo‘llagan holda ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarni mahorat bilan olib boradi. U izlanuvchan va talabchan pedagog sifatida universitet va fakultet professor-o‘qituvchilari jamoasi va talabalari o‘rtasida alohida hurmat-e’tiborga ega. U M.E.Rasulovaning “Umumiy fizikani muammoli o‘qitishning metodologik, didaktik va psixologik aspektlari” va Z.R.Giyasovaning “Akademik litseylarda fizikaga oid masalalarni turli usullarda yechish metodikasi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasiga va har o‘quv yilida fizika fakulteti talabalari kurs ishi, pedagogik amaliyot, magistrlik va bitiruv malakaviy ishlariga rahbarlik qilmokda.
M.A.Zaxidovaning ilmiy yunalishi «Rezonans lazer nuri ta’siridagi selektiv geterogen jarayonlarni o‘rganish»ga bag‘ishlangan bo‘lib, u shu yo‘nalishda doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlamoqda. Ilmiy tadqiqot ishlari bilan xalqaro grantlarda: O‘zbekiston – Hindiston olimlari bilan tuzilgan 1998-2005 yillardagi ilmiy- tadqiqot ishlari programmasida, Shveysariyaning Syurix Federal Politexnika institutining olimlari bilan INTAS №7192 “O‘simliklardagi fotosintez jarayoniga qurg‘oqchilikning ta’sirini fluoressent metod bilan o‘rganishga” bag‘ishlangan grantida (2005-2007), Ukraina FA “Radiofizika va elektronika” instituti va Bonn Universiteti olimlari bilan birgalikda UNTSning №3377 “Nur tolali masofani o‘lchagich” yaratishga bag‘ishlangan grantida (2006-2008), AQSh “Germoplaza tadqiqot markazi” olimlari bilan birgalikda CRDF grantida (2011-2012), Uzbekiston Fanlar Akademiyasining fundamental tadqiqotlari grantlarida, №K-12-004 «Kompozitsion nanomateriallar» (2015-2018) va № FZ-20200929177 “Istiqbolli perovskitli quyosh elementlarida energiya almashinishi va zaryadlarning fotomajburiy migratsiyasi jarayonlari”(2021-2024), faol ishtirok qilgan. U o‘zining ilmiy va pedagogik saviyasini dunyoning nufuzli oliygohlarida: Hindistonning xalqaro hamkorlik bo’yicha ITEC dasturi doirasida Dexli texnologik institutida (1997), Janubiy Koreya Respublikasining KOICA dasturi ostida «Jeonbuk» institutida (2002), Shvesariyaning Syurix Federal Politexnika institutida (2008), hamda O‘zbekiston OPI malaka oshirish markazlarida oshirgan.
Mavlyuda Zaxidova dunyoning nufuzli jurnallarida, ilmiy to’plamlarida 40 dan ortiq maqolalar (ulardan 20 tasi impakt faktorga ega bo’lgan “Scopus” bazasiga kirgan jurnallar va uning h-4 ga teng), 8 ta o‘quv qo’llanma va monografiya chop etgan, 50 dan ortiq xalqaro va respublika ilmiy-uslubiy anjumanlarida ma’ruza va maqolalari bilan ishtiroq qilgan. U tomondan ilg‘or xorijiy oliygohlar fan dasturlariga kiritilgan adabiyotlardan foydalangan holda, o‘quv adabiyotlari yangi avlodini yaratish maqsadida “Kimyo” fakulteti talabalari uchun O‘quv metodik kompleks (24 b.t.) va “Geologiya” fakulteti “Geofizika” yo’nalishi talabalari uchun O‘quv metodik kompleks (31 b.t.) yaratilgan. Fakultetda va kafedrada olib borayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlari: UzMU “Olima ayollar” uyushmasi raisi sifatida talabalar bilan respublikadagi yetuk olimalar bilan uchrashuvlar, mustaqillik, navro‘z, ustoz va murabbiylar kuni va h.k. tadbirlarni tashkillashtirishda faol ishtirok qiladi. U ko’p yillardan beri fakultet “Kasaba uyushmasi” raisi, fakultet ilmiy kengashi, metod va sifat komissiyasi a’zosi sifatida faoliyat olib boradi. M.A.Zaxidova yetuk pedagog, har ishda tashabbuskor va yaxshi tashkilotchi, hamda o‘ziga topshirilgan vazifalarni mas’uliyat bilan bajaradi.