Olim

BEGMATOVA DILFUZA ABDULLAJONOVNA

Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent

   Begmatova Dilfuza Abdullajonovna - pedagogika fanlari nomzodi, dotsent. 2013-yildan buyon “Umumiy fizika” kafedrasi mudiri. D.Begmatovaning ilmiy ishlari asosan fizika oʻqitish nazariyasi va metodikasining muammolariga, uning qator fundamental va amaliy tadqiqotlariga bagʻishlangan. Soʻnggi yillar ichida u 9 ta oʻquv qoʻllanma, 2 ta ma’ruzalar matni, 4 ta uslubiy qoʻllanma, 30 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etgan hamda 50 dan ortiq respublika ilmiy-uslubiy anjumanlarida maqolalari bilan qatnashdi. Hozirda ushbu oʻquv-uslubiy qoʻllanmalaridan oliy ta’lim tizimida oʻquv qoʻllanma sifatida keng foydalanilmoqda. D.A.Begmatova bakalavriat va magistratura yoʻnalishlari talabalariga maxsus va umumiy kurslardan ma’ruza va amaliy mashgʻulotlarni yuqori ilmiy-uslubiy mahorat bilan olib boradi. Shuningdek, Toshkent shahridagi maktab, akademik litsey, kasb-hunar kollej oʻqituvchi, oʻquvchi va talabalariga hamda oliy oʻquv yurtlari universitetlari barcha yoʻnalishlaridagi talaba va oʻqituvchilariga fizikadan namoyish tajribalarini oʻta yuqori saviyada yuksak pedagogik mahorat bilan koʻrsatib, tushuntirib beradi.



   Uning rahbarligida har oʻquv yilida 4-5 ta talabalar malakaviy bitiruv ishlarini himoya qiladilar. D.Begmatovaning rahbarligida bakalavr yoʻnalishi boʻyicha davlat ta’lim standartlari, namunaviy dasturlar va oʻquv rejalari ishlab chiqilgan. Kafedra mudiri sifatida oʻquv uslubiy ishlar boʻyicha kafedra professor-oʻqituvchilari bilan hamkorlikda oʻquv yuklamani oʻqituvchilarning salohiyatiga qarab taqsimlab beradi. Shuningdek, oʻqituvchilarni darslarini tahlil qilish bilan har bir ma’ruzada qoʻllanilishi lozim boʻlgan ta’lim texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha maslahatlar beradi. Kafedraning salohiyatini yanada koʻtarish uchun kafedra oʻqituvchilarini ilmiy tadqiqot ishlariga jalb qilishga alohida e’tibor beradi. Shuning uchun kafedra oʻqituvchilarining OAK roʻyhatiga kiritilgan xalqaro, respublika miqyosidagi jurnallarda maqolalarni chop etish yildan yilga oshib bormoqda. Xalqaro aloqalarni mustahkamlash borasida ham bir qator xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik shartnomalari asosida oʻquv ishlarini yoʻlga qoʻygan. Har oʻquv yilida xorijiy olimlar bilan hamkorlikda turli mavzularda seminar va master klass darslarini olib boradi.



   Fizika fakulteti Xotin-qizlar komiteti raisi sifatida bir necha yillardan beri faoliyat olib boradi. Ushbu yillar davomida uning rahbarligida “Qizlar klubi”, “Sogʻlomlashtirish guruhi”, “Mohir qoʻllar” toʻgaraklari ishlab kelmoqda. Talabalar ishtirokida turli bayramlarni tashkil qilish, oʻtkazish boʻyicha takliflar ishlab chiqib ularni amalga oshirishda bevosita rahbarlik qilib kelmoqda. Talabalar uchun turli mavzularda davra suhbatlari oʻtkazishni rejalashtirib ularni amalga oshiradi. D.A.Begmatova Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq (mintaqaviy) markazida tinglovchilarga “Innovatsion ta’lim texnologiyalari va pedagogik kompetentlik” moduli boʻyicha ma’ruza va amaliy mashgʻulotlarni olib bormoqda. Uning markazda olib borgan faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi oliy ta’lim tizimi pedagog va rahbar xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish bosh ilmiy-metodik markazi tomonidan munosib baholanib, “Faxriy yorliq” bilan taqdirlandi.



   2018-yilda D.A.Begmatova «Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi» tanlovi Respublika bosqichining “Tabiiy fanlar” ta’lim sohasi boʻyicha «Mutaxassisligi boʻyicha eng yaxshi pedagog» nominatsiyasi gʻolibi deb topildi. D.A.Begmatova rahbarligida 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi” (fizika) ixtisosligi boʻyicha tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilar ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Hozirgi kunda ushbu ixtisoslik boʻyicha 3 ta shogirdi himoya qildi. Shuningdek, "Science and innovation" xalqaro ilmiy jurnalining tahrir hay’ati a’zosi, Oʻzbekiston Respublikasi ta’lim markazi metodik Kengashi a’zosi, Oʻzbekiston Milliy universiteti fakultet Kengash a’zosi, fakultet Ilmiy texnik Kengash kotibasi, fakultet Xotin-qizlar kengashi raisi vazifalarini bajarib kelmoqda.