Olim

MUXAMEDOV GAFURDJAN ISRAILOVICH

Kimyo fanlari doktori, professor, fan arbobi

Muxamedov Gafurdjan Israilovich 1946 yil 20 dekabr sanasida Toshkent shahrida tavallud topgan. 1972 yili Toshkent davlat universitetini tamomlagan.



G.I.Muxamedov 1972-1975 yillarda Moskva shahridagi L.Ya.Karpov nomidagi fizikaviy kimyo institutida nomzodlik dissertatsiyasi boʼyicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan. 1991 yili M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti huzuridagi. Ixtisoslashgan Kengashda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, kimyo fanlari doktori ilmiy darajasini olgan.



G.I.Muxamedovning ilmiy ishlari bilan birinchi marta karbamid formaldegid oligomerlarining uch oʼlchamli polimerlashtirish jarayonini sekinlashtirish usullari ishlab chiqilgan. Ilk bor interpolimer komplekslari bazasida retseptura yaratish asoslari ishlab chiqildi va tuproqning agrofizik holatini yaxshilash, multimaterial sifatida keng foydalanish, shuningdek, suv-shamol eroziyasiga barham berish maqsadida MT-1 va MT-2 retsepturalari yaratildi. Mazkur kimyoviy moddalar (MT-1 va MT-2) paxtachilikda yerda qatqaloq paydo boʼlishining oldini olishda, qishloq va suv xoʼjaligida sugʼorishga moʼljallangan suvni 30% gacha tejashda, Orol boʼyida flora va faunani tiklash hamda shamol eroziyasini toʼxtatishda, Chernobilda, АES falokatidan keyin qum va chang hamda radionuklidlarning tarqalishi hamda bir joydan boshqasiga koʼchib yurishining oldini olishda Moskva davlat universiteti hamda respublikamiz oliy taʼlim muassasalari ishtirokida qoʼllanilgan. PKG-1 polikompleks kompozitlarini qoʼllashga tavsiya etilgan ilmiy asoslangan yondashuv dori-darmon vositalarining muddatini uzaytirish va taʼsirini kengaytirishga xizmat qilib kelmoqda.



G.I.Muxamedov tomonidan 4 monografiya, respublika va xorijiy jurnallarda 250 dan ortiq ilmiy maqolalar eʼlon qilingan. Kimyo sohasidagi ixtirolari va kashfiyotlari uchun 10 ta mualliflik guvohnomasiga ega. Ilmiy rahbarligida 5 nafar fan doktori va 12 nafar fan nomzodi tayyorlangan.



G.I.Muxamedov faol jamoatchi va tashkilotchi sifatida katta tajribaga ega. U 1999-2010 yillarda xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi deputati, 2010-2014 yillarda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, 2010-2014 yillarda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi sifatida faoliyat olib borgan. 2020 yildan Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi deputati sifatida faoliyat olib bormoqda.



1976-1997 yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti katta oʼqituvchisi, dotsent, professor, 1983-1997 yillarda "Umumiy fizika va kimyo" kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat olib bordi. Uning kafedraga mudirligi davrida 10 nafar fan nomzodi, 3 nafar fan doktori dissertatsiyalari himoya qilingan.



Fan va taʼlim sohasida katta bilim va tajribaga ega boʼlgan G.I.Muxamedov 1997-2005 yillarda Jizzax davlat pedagogika instituti rektori sifatida faoliyat olib borgan davrda institut oʼquv jarayoni tubdan yaxshilandi. Dars mashgʼulotlari ikki smenali tartibdan bir smenaga oʼtkazildi. Qabul kvotalari oshdi va talabalar kontengenti koʼpaydi. Institutning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Institutning ilmiy salohiyati koʼtarildi. Jamoada sogʼlom muhit shakllantirildi.



2005-2006 yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori lavozimida faoliyat koʼrsatdi. Bu davrda institutda umumtaʼlim standartlari, yangi avlod oʼquv dasturi va rejalari ishlab chiqildi, elektron darsliklar yaratildi. Oʼquv jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalar keng joriy etish anʼanasi yoʼlga qoʼyildi.



G.I.Muxamedov 2006-2015 yillarda Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universiteti rektori lavozimida faoliyat koʼrsatib, mamlakat oliy taʼlim tizimining rivojiga oʼzining munosib hissasini qoʼshdi. U rektor sifatida universitet tarkibiy tuzilmasini takomillashtirish, oʼquv jarayoni samaradorligini yanada oshirish, xorijiy davlatlarning oliy taʼlim muassasalarida tajriba oshirgan malakali mutaxassislar va pedagog kadrlarni jalb etish, tadqiqotchilar uchun sharoit yaratish tizimini yaratdi.



G.I.Muxamedovning Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti rektori sifatidagi faoliyatini oʼquv, taʼlim va tarbiya jarayonini mustahkamlash, sogʼlom maʼnaviy dunyoqarashga ega boʼlgan jamoani shakllantirish, shuningdek Toshkent viloyatining pedagog kadrlarga boʼlgan ehtiyojini qondirishning maqsadli va tizimli asoslarini yaratishdan boshladi. Uning tashabbusi bilan institutda elektron taʼlim tizimi yoʼlga qoʼyildi. Bu tizim boʼyicha professor-oʼqituvchilarga dars ishlanmalarini tayyorlashda metodik koʼrsatmalar berish, interaktiv metodlarni oʼzlashtirish, dars ishlanmalari va boshqa oʼquv uslubiy materiallarni kiritish, baholash tartibini joriy etish va talabalar amaliyotini elektron tizimi orqali olib borish va nazorat qilish boʼyicha mutaxassislar tomonidan seminar-treninglar tashkil qilindi.  



2018 yilda institut professor-oʼqituvchilari tomonidan Toshkent viloyatidagi maktabgacha, maktab va oʼrta maxsus taʼlim muassasalari uchun pedagog kadrlar tayyorlash hamda oʼquv-metodik rahbarlikni amalga oshirish va shu bilan birga kadrlarga boʼlgan ehtiyojni oʼrganish maqsadida oʼtgan qisqa davr davomida viloyatning bir qator shahar va tumanlari taʼlim muassasalari xodimlari hamda tarbiyachilari hamkorligida “Zamonaviy pedagog imidji va kompetentsiyasi”, “Taʼlim boshqaruvining samarali yoʼllari”, “Pedagoglarga qoʼyiladigan zamonaviy talablar” maktablari tashkil etildi. Shuningdek, Toshkent viloyatida joylashgan 22 ta umumtaʼlim maktablarida «Maktab-laboratoriya» innovatsion tajriba maydonchalari tashkil qilindi. “Maktab-laboratoriya”larda yosh pedagog kadrlarning shaxsiy kasb mahoratini yuksaltirish va rivojlantirish, pedagogikaga moyilligi boʼlgan oʼquvchilarni kasbga yoʼnaltirish va tanlab olish, pedagoglarning shaxsiy-kasbiy mahoratlarni yuksaltiruvchi fan va taʼlim fazosini yaratish, maslahatlar berish, ijodiy tashabbuslarini metodik va tashkiliy qoʼllab quvvatlash, pedagog kadrlarni salohiyatini yanada oshirish imkoni yaratildi.



2019 yilda G.Muxamedov tashabbusi bilan Toshkent viloyatidagi maktabgacha, maktab va oʼrta maxsus taʼlim muassasalari uchun pedagog kadrlar tayyorlash, pedagogika sohasidagi talab va ilgʼor horijiy tajribani hisobga olgan holda davlat taʼlim standartlari, oʼquv reja va dasturlarini tizimli ravishda takomillashtirishni amalga oshirish, pedagogika sohasida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy izlanishlar olib borish, taʼlim muassasalari ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, taʼlim va tarbiya uygʼunligini taʼminlash maqsadida taʼlim subʼektlari ishtirokida “Pedagogik taʼlim innovatsion klasteri” tizimi yaratildi va uni joriy etish boʼyicha keng koʼlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada “2019-2021 yillarga moʼljallangan Toshkent viloyatida Pedagogik taʼlimni rivojlantirish Kontseptsiyasi” ishlab chiqildi.



Bugungi kunda G.Muxamedov goyasi asosida Chirchiq davlat pedagogika universitetining ustuvor ilmiy-uslubiy yo’nalishi qilib belgilangan  “Pedagogik taʼlim innovatsion klasteri” doirasida mazkur ta’lim makonida faoliyat yuritilayotgan 3 ta Ilmiy Kengashlarda 30 ga yaqin doktorlik dissertatsiylari himoya qilindi. Bu olimlar bugunda Respublikamizdagi turli oliy ta’lim muassasalarida faoliyar yuritayotganligini  Ilmiy Kengashlarning amaliy natijadorligi, ilmiy salohiyatning yuksalishiga qo’shayotgan hissasi sifatida baholash mumkin.



G.I.Muxamedov talaba-yoshlarning isteʼdodi, intilishi va qiziqishlarini doimo nazarda tutadigan va munosib ragʼbatlantiradigan rahbardir. Shuning uchun institut yoshlari orasida tez fursat ichida fan, sanʼat va sport sohasida yuqori natijalarga erishganlar soni koʼpaydi. Аyniqsa, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbusni amalga oshirish boʼyicha tizimni yaratdi va koʼplab loyiha, tanlovlarni amalga oshirishni shaxsan qoʼllab-quvvatladi. Jumladan, “Kitobxonlik madaniyati”ni oshirish yuzasidan “Bir oyda 10 kitob bilan, bir yilda 100 kitob bilan doʼstlashdim” shiori ostida kitobxonlik tanlovi loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu tanlov anʼanaviy tarzda davom ettirib kelinmoqda.



G.I.Muxamedov rahbarligida institutning xalqaro hamkorligini yanada rivojlantirish va ilgʼor xorijiy taʼlim markazlari va tashkilotlari bilan taʼlim, ilmiy va innovatsion tadqiqotlar doirasida tajriba almashish maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2018 yil Rossiya Federatsiyasining А.S.Pushkin nomidagi Leningrad davlat universiteti, Qozogʼiston Respublikasining Janubiy Qozogʼiston pedagogika universiteti, Qozogʼiston Xalqlar doʼstligi injener-pedagogika universiteti, Mintaqaviy ijtimoiy-innovatsion universiteti, Muxtor Аvezov nomidagi Janubiy Qozogʼiston davlat universiteti, 2019 yil А.S.Pushkin nomidagi Rus tili davlat instituti, Shimkent universiteti hamda Tojikiston Respublikasining Tojikiston pedagogika instituti bilan hamkorlik aloqalari oʼrnatilgan.



G.I.Muhamedovning institut rektori sifatidagi keng koʼlamli ishlari taʼlim sifatini oshirish, mamlakatimiz ilm-fani ravnaqiga xizmat qiluvchi bilimli, intellektual rivojlangan kadrlarni tayyorlash hamda Toshkent viloyati taʼlim muassasalarining malakali kadrlarga boʼlgan real ehtiyojini taʼminlashga qaratilgan.



“Pedagogik ta’lim innovatsion klasteri” uzluksiz ta’limni rivojlantirish Konsepsiyasi asoschisi O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi G.I.Muxamedovning pedagogik yondashuvi quyidagicha: Pedagogik ta’lim innovatsion klasteri - ta’lim sifati va samaradorligini ta’minlashning zamonaviy yondashuvi bo‘lib, uning asosini xalq manfaatiga yo‘naltirilgan ta’lim xizmatlari uyg‘unligi tashkil qiladi. Bunda fundamental fanni amaliyot bilin bog’lash muhim tamoyillardan hisoblanadi.



Muxamedov Gafurdjan Israilovichning oilasi “Professorlar oilasi” sifatida tanilgan. Turli sohalar bo’yicha faoliyat yuritayotgan

4 nafar farzandlarining barchasi fan doktori ilmiy darajasiga ega.