Olim

XUDAYBERDIYEV UMAR

Iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent

   Xudayberdiyev Umar 1941-yil 21-aprelda Samarqand viloyati Qaraqishloq rayoni(hozirgi Jizzax viloyati Bahmal tumani) Uzunbuloq qishlog‘ida tug‘ilgan. 1951-yil bahorida bu qishloq aholisini Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumaniga (sobiq Vyerxne-Volinsk) paxtada ishlash uchun ko‘chirishgan. 1958-yil Sayxunoboddagi №1 o‘rta maktabni bitirgan. 1958-1960-yillar Samarqand kooperativ texnikumini imtiyozli tamomlagan. 1960-1965-yillar Samarqand kooperativ institutining “Buxgalteriya hisobi” yo‘nalishida o‘qib, imtiyozli diplom bilan tugatgan. 1963-1964-yillarda Sayxunobod (o’sha paytda Vyerxne-Volinsk) matlubot  jamiyatida bosh buxgalter bo‘lib ishlagan. 1965-1967-yillar harbiy xizmatda bo‘lgan. 1967-1970 yillar Samarqand kooperativ instituti “Buxgalteriya hisobi” kafedrasi assistent, 1970-1973-yillar Lvov savdo iqtisod institutida aspirant bo‘lgan. Kiyev savdo-iqtisod institutining Ilmiy kengashida nomzodlik dissertasiyasini yoqlagan.



   1973-1998-yillar dovomida Samarqand kooperativ instituti “Buxgalteriya hisobi” kafedrasida assistent, katta o‘qituvchi, dotsent lavozimlarida ishlagan. Bu davrda talabalarga rus tilida “Buxgalteriya hisobi nazariyasi”, “Matlubot kooperasiyasi asosiy tarmoqlarida buxgalteriya hisobi” fanlaridan dars bergan, ma’ruza matnlari, o‘quv qo‘llanmalar yozgan. 2004-yildan hozirgacha Samarqand iqtisodiyot va servis instituti dotsenti lavozimida ishlab, “statistika” fanidan bakalavrlarga dars berib kelmoqda. Darslarni yuqori saviyada, zamonaviy texnika va texnologiyalarni qo‘llab, talabalar chuqur bilim olishlari va yetarli ko‘nikma hosil qilishlari uchun xizmat qilmoqda.



   Dotsent Xudayberdiyev Umar ushbu yillar davomida 500 dan ko‘proq ilmiy maqolalar, 2 darslik, 8ta o‘quv qo‘llanma  monografiyalar chop ettirgan. Jumladan, uning “Matlubot kooperasiyasi chakana savdo korxonalarida uchet va hisobot:, “Matlubot kooperasiyasi chakana savdo tovar va tara operasiyalari ucheti”, “Matlubot kooperasiyasi ulgurji savdo korxonalarida tovar va taralar ucheti”, “Matlubot kooperasiyasi asosiy tarmoqlarida buxgalteriya ucheti:, “Matlubot kooperasiyasi buxgalteriya uchetidaschetlar korresponden-siyasi”, “Matlubot kooperasiyasi ishlab chiqarish korxonalarida buxgalteriya ucheti”, “Savdoda ijara pudrati va bozor iqtisodiyoti” kabi o‘quv qo‘llanmalari mashhurdir.



   Dotsent U.Xudayberdiyev 1997-yil fevralida Angliyaning “Know now fund” tomonidan “Iqtisodiy va moliyaviy ma’lumotlar tahlili” kursida o‘qib, sertifikat olgan. 1997-1998-yillarda Audit, menejment, moliyaviy menejment kurslarini bitirib, sertifikat olgan. 1999-yil sentabr oyida AQSHning Xalqaro Rivojlanish Agentligi USAID tashkil yetgan “Buxgalteriya hisobining milliy standartlari” kursida o‘qib sertifikat olgan. 2007 yil yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Istedod” jamg‘armasi tomonidan tashkil yetilgan “Ma’naviyat va ma’rifat”, “Innovatsion texnologiyalar” kurslarida o‘qib sertifikatlar olgan. Dotsent U.Xudayberdiyev oliy ta’limdagi mehnatlari institut, viloyat hokimiyati, O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi faxriy yorliqlari bilan bir necha bor, “Mehnat veterani” medali, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan.