1947-yil 13-aprelda Samarqand viloyatining Navoiy (hozirgi Qo‘shrabot) tumanida tug‘ilgan. 1964-yil o‘rta maktabni oltin medal bilan, 1969-yili Toshkent Politexnika institutini arxitektura mutaxasisligi bo‘yicha bitirgan. 1969-yildan Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida mehnat faoliyatini boshlagan. 1969-2017-yillari SamDAQI arxitektura fakultetida assistent, dotsent, professor, kafedra mudiri, fakultet dekani lavozimlarida ishlagan. 2017-yildan boshlab hozirgi kunga qadar ushbu institutning “Arxitekturaviy loyihalash” kafedrasi professori lavozimida ilmiy-pedagogik faoliyat olib bormoqda. 1971-1974-yillarda Ukrainaning Kiyev muhandislik-qurilish instituti arxitektura kafedrasi aspiranti, 1976-yilda Lelingrad muhandislik-qurilish institutida arxitektura fanlari bo‘yicha nomzodlik dissertasiyasini himoya qilgan. A.Uralov 1976-1988-yillar davomida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda Markaziy Osiyo fuqaro me’morchiligi jamoat binolari va inshootlari arxitekturasi masalalari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borib, 1998-yili Toshkent arxitektura-qurilish instituti qoshidagi ilmiy kengashda doktorlik dissertasiyasini himoya qilgan. 2018-yilda u “Arxitektura tarixi va nazariyasi. Arxitektura yodgorliklarini ta’mirlash va qayta tiklash” ixtisosligi bo‘yicha professor bo‘lgan.
A.Uralov arxitektura fanlari sohasida O‘rta Osiyo va respublikada taniqli olim, pedagog, arxitektura nazariyasi va tarixi, landshaft arxitekturasi va dizayni, arxitektura yodgorliklarini ta’mirlash va tiklash bo‘yicha yetakchi mutaxassis: Temuriylar arxitekturasi tarixi, Sharq mamlakatlari bog‘-istirohatchilik san’ati, o‘tmishdagi ta’lim-tarbiya, ilm-fan, davolash va shifobaxsh muassasalar arxitekturasi va tipologiyasi, arxitekturaviy kompozitsiya, me’moriy uyg‘unlik va shakllar mutanosibligi nazariyasi kabi bir qator sohalarda yangi ilmiy natijalarga erishgan. U o‘z shogirdlari bilan Amir Temur va Temuriylar davri bog‘lariga xos “Chorbog‘” uslubining nazariy asoslari va bu uslubdagi zamonaviy milliy o‘zbek bog‘ini yaratishning Me’moriy dasturini ishlab chiqqan. Chorbog‘ uslubini amaliyotga qayta tiklash konsepsiyasini yaratgan. Uning ilmiy ishlari mamlakatimiz va chet ellarda – Malayziya, Hindiston, Rossiya, Ukraina, Turkiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Ozarbayjon kabi davlatlarning nufuzli ilmiy nashrlarida chop etilgan. A.Uralov bir necha yillar (2009 – 2022) davomida O‘zbekiston Respublikasi Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi amaliy-texnik tadqiqotlar ilmiy grantlariga rahbarlik qilib keldi.
Professor A. Uralov ko‘p yillik ilmiy-pedagogik faoliyati natijasida 350 dan ziyod ilmiy va ilmiy-uslubiy ishlar, shu jumladan 14ta monografiya, 6ta darslik, 11 ta o‘quv qo‘llanmalar chop ettirgan. Uning akademik nashrdan chiqqan 40dan ziyot kitobi mavjud. Uning darslik va o‘quv qo‘llanmalari, chop ettirgan monografiya va kitoblari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Respublika me’morlar uyushmasi ko‘rik tanlovlarida I- va II- darajali diplomlar bilan mukofotlangan. 2021-yili Malayziyaning Islom fanlari universiteti nashriyotida “Arxitekturaviy shakllar va naqshlarni uyg‘unlashtirish va yorug‘lantirish” nomli kitobi ingliz tilida chop etildi va u Malayziyada “Arxitektura” va “Dizayn” bakalavriatura talabalariga o‘quv qo‘llanma sifatida tavsiya etildi. A.Uralov so‘ngi 5 yillik faoliyati davomida 6 ta monografiya (uning 3 tasi rus tilida), 6 ta darslik, 7 ta o‘quv qo‘llanma (uning 1 tasi ingliz tilida) tayyorladi, 50 ga yaqin ilmiy maqola va ilmiy tezislar materiallari Scopus (2018-2021 yillarda 3ta ilmiy maqola) va boshqa nufuzli xalqaro bazalardagi ilmiy jurnallar hamda xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar to‘plamlarida chop etildi. A.Uralov SamDAQIda me’morchilik va landshaft arxitekturasi sohasida ilmiy maktab yaratgan olim.