Dilorom Yormatova Yormatovna Samarqand viloyatininig olis Jom qishlog‘ida 1947-yilda o‘qituvchi oilasida tug‘ildi va o‘rta maktabni a’lo baholarga bitirib, 1969-yilda Samarqand qishloq xo‘jalik institutining agronomiya fakultetini olim agronom diplomini oldi. 1974-yilda fan nomzodlik dissertasiyasini yoqlab, respublika sharoitida mutlaqo yangi bo‘lgan soya o‘simligi agrotexnikasi bilan shug‘ullanadi. 1992-yil sobiq SOYUZNIXIda “O‘zbekistonda soya yetishtirish agrotexnikasini ilmiy asoslash” mavzusida fan doktori dissertasiyasini yoqladi. Bugungi kun respublikada soya maydonlari 300 ming gektardan oshdi. Soya o‘simligining beshta navini yaratib uchta Patent oldi. Madaniyat “B”, “Vavilov” kabi serhosil soya navlari katta maydonlarda ekilmoqda. Hatto fermerlar olimaning ismini aytib o‘tirmasdan “Soya opa” yoki “Soyaning onasi” deb orqadan hurmat bilan so‘zlashadilar. Tinimsiz mehnatlari natijasida ertapishar “Kelajak” navi bug‘doy navini yaratdi, ushbu navning hosildorligi yuqori, kasallik va hashoratlarga chidamliligi genetik barqaror. Ushbu nav respublikaning bir qator viloyatlarida katta maydonlarga ekilmoqda va 83,4-90,2 syentnerda don olinmoqda. Ertapishar “Kelajak” navini fermer xo‘jaliklari tomonidan juda yaxshi kutib olindi. Bu navning yaratilishi respublikaga Qozog‘istondan kirib keladigan bug‘doy va unning miqdorini kamaytirdi. Chunki ushbu nav bug‘doyning tarkibida kleykovinasi 46 foyizgacha mavjud bo‘lib, eng sifatli non bo‘ladi. Yuqori kleykovinaga ega bo‘lgan ushbu nav 2015 yilda Davlat Reyestriga kiritildi va 2015 yilda Respublika Intelektual Mulk qo‘mitasining № NAP 2012 0008 Patentini, 2021 yilda Madaniyat “B” navi uchun yangi Patent oldi.
Respublikaga birinchi bo‘lib ekologik toza moy beruvchi zaytun o‘simligi olib keldi, dastlab Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida sinab ko‘rildi va dastlabki hosil olindi. Zaytun daraxtining kolleksiyalarini to‘pladi va ikkita “Izumrud” va “Qorako‘z” nomli yangi navlarini yaratib 2015-yil Davlat Reestriga kiritdi. Ushbu yangi navlarning bizning tuproq iqlim sharotimizga moslashtirdi va bugungi kunda respublikada zaytun navlarini yetishtirish agrotexnikasi ishlab chiqildi. Birinchi marta respublikada 2018 yildan boshla zaytunlar hosil bermoqda olima tomonidan zaytunni ko‘paytirish usullarini yaratdi va aholini zaytun moyi bilan ta’minlashga imkon yaratdi. Uzoq yillik urinishlar natijasida Oltinsoy tumanida zaytunlarni har bir daraxtida 30-40 kgdan zaytun mevasini bermoqda. Bu yil Oltinsoy tumanida 50 gektarlik zaytun plantatsiyasi tashkil qilindi. Uning “Zaytun yetishtirish agrotexnikasi”, “O‘zbekiston zaytuni” nomli monografiyalar birinchi marta chop etildi. Zaytun bo‘yicha olib borilgan ilmiy ishlari 70 maqola va 3 monografiyada aks ettirilgan, Prezident tomonidan tavsiya qilingan g‘o‘za qator orasiga soya ekish texnologiyasini tuproq unumdorligini oshirish va qo‘shimcha o‘simlik moyi va chorva uchun ozuqa olishda 2020-yil Andijon viloyatida ushbu tadbirni amalga oshirishda fermerlarga amaliy yordam berdi. Professor D.Yo.Yormatova Samarqand qishloq xo‘jalik institutni bitirib, shu institutda oddiy assistentdan professor lavozimida 1997-yilgacha ishladi va 1997-yildan beri O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Tabiiy fanlar kafedrasini tashkil qilib mudir, hozirgi kunda esa kafedra professori lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda. Qishloq xo‘jaligi va ekologiyaga oid 63 ta darslik, o‘quv qo‘llanma va monografiyalar yozib chop etdi.
Badiiy adabiyotga oid 21 nomdagi kitoblarni nashr ettirdi, badiiy adabiyot olimaning hobbisi, Turon xalq yozuvchisi, badiiy kitoblarni ham chop ettiradi. Asarlari - “Yusuf va Zulayho”, “Nodirabegim muhabbati”, “Aylanayin ishq”, “Marmarga bitilgan sevgi” va boshqalar. Olima o‘zini Boburshunos deb hisoblaydi. Boburga oid barcha yig‘ilishlarga boradi va qatnashadi, ma’ruzalar qiladi. Ingliz yozuvchisi Goskoyn Bemberning “Buyuk Boburiylar” asari o‘zbek tiliga tarjima qildi, Bobur fondi va Boburga oid barcha maqolalarni to‘plab chop ettirdi. Hozir “Jahonaro” nomli asar ustida ishlamoqda. Shogirdlari soya va zaytun sohasida ilmiy ishlarni davom ettirmoqdalar. 2022 yilda ikki shogirdi falsafa fanlari bo‘yicha dissertasiya yoqladi. Olima tinimsiz O‘zbekiston dalalarini kezadi, fermerlar bilan suhbatda bo‘ladi. U haqda respublika yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Dalalarni kuylatgan ayol” nomli badiiy asar chop etildi. Xullas olima bugungi kunda faoliyat ko‘rsatib o‘z bilimini, tajribasini yoshlarga o‘rgatmoqda. Professor D.Yormatova respublika da soyachiligiga asos soldi va bugun uning tavsiyasi bilan yuz ming gektarda soya ekilmoqda kafedrasida ilmiy tadqiqotchilarga rahbarlik qilib kelmoqda.