Rauf G‘ofurovich Qodirov 1952-yil 27-sentabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘rta maktabni a’lo baholarga o‘zlashtirib kelayotgan kompozitor G‘ofur Qodirovning yagona vorisi, ustazoda Raufbekdagi musiqa san’atiga bo‘lgan qiziqish uni onasi faoilyat yuritib kelayotgan Uspenskiy nomidagi (hozirda) RMSLga yetakladi, u yerni muvaffaqiyatli tamomlab, Oliy ta’limni ham ota-onasi izidan davom ettirdi. 1975-yilda Toshkent davlat konservatoriyasi, Musiqa ilmiy-tekshirish institutlarini tamomlagan. 1999-yilda Nizomiy nomidagi pedagogika universitetining amaliyotchi psixologlar tayyorlash fakultetini tamomlagan. 1975- yildan Nizomiy nomidagi TDPU “Xor dirijorligi” kafedrasi o‘qituvchisi, 1989-2000 yillarda “Musiqa pedagogikasi” kafedrasi mudiri, 1999-2000 yillarda musiqa fakulteti dekani, 1990-yildan kafedra dotsenti lavozimlarida ishlagan. O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Musiqa pedagogikasi kafedrasi, 2010-2000 yillarda O‘zbekiston Davlat qo‘mitasi Ilmiy kengashi ilmiy kotibi, 2002-2004 yillarda Musiqa pedagogikasi kafedrasi mudiri, 2006-yildan esa professor bo‘lib faoliyat yuritib kelmoqda.
R.G‘.Qodirov musiqa pedagogikasi, psixologiyasi, bolalar musiqa tarbiyasi mavzusida 400 dan ziyod ilmiy-metodik, ijodiy ishlar, maqolalar, adabiy-she’riy va ilmiy tarjimalar, qo‘shiqlar muallifidir. Bu ishlardan asosiylari: “G‘afur Qodirov” monografiyasi, “O‘zbekiston bolalar qo‘shig‘i antologiyasi”, “Boshlang’ich maktabda ko‘p ovozli kuylash”, “Musiqa psixologiyasi”, “Kompozitor G‘ofur Qodirov: yillar va asarlar”, “Musiqa pedagogikasi”; tarjimalari: Fitrat “O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi”, A.Jomiy, A.Avloniy she’rlari, qo‘shiqlar qayta ishlagan, tarjima qilgan hamda yaratgan va boshqalar. O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi hamda 1999-yildan UNESCO (ISME) Musiqa ta’limi bo‘yicha xalqaro jamiyatining a’zosi, musiqa pedagogikasi boʻyicha xalqaro va respublika konferensiyalari, simpoziumlar qatnashchisi hamda musiqa pedagogikasi-psixologiyasi sohasiga oid ko‘plab seminarlar tashkilotchisidir. Olimning 100 dan ortiq ilmiy izlanishlari Moskva, Lvov, Anqara, London, Olmaota kabi xorijiy mamlakarlarda nashr ettirilgan. R.G‘.Qodirovning pedagogik faoliyati alohida tahsinga sazovordir. Uning ushbu mashaqqatli va kamtarin mehnatini Davlatimiz odilona baholab, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi unvoni bilan taqdirlandi. Uning rahbarligida ikkita nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilindi. R.G‘.Qodirov bolalar xori uchun bir qancha aranjirovkalar va original kompozitsiyalar yaratgan. “Musiqa pedagogikasi”, “Musiqiy pedagogika”, “Musiqa madaniyati”, “Musiqa psixologiyasi” kabi darsliklari soha mutaxassislari tomonidan e’tirof etilgan. Bundan tashqari olim ja’mi 865,44 bosma taboq hajmida hamda 400 dan ortiq ilmiy maqolalar, uslubiy tavsiya va metodik qo‘llanmalar muallifidir.