Eshmurodov Dilshod 1969-yil Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug’ilgan. 1985-yili Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomli 219-maktabni a’lo baholar bilan tamomlab, shu yili Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti)ga o‘qishga qabul qilindi. 1987-1989-yillar mobaynida havo hujumidan himoya qo‘shinlari safida radiotelefonist sifatida harbiy xizmatni o‘tagan. Oliy o‘quv yurtini “Radiolektron vositalarni tuzish va texnologiyasi” mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli tamomlab, mehnat faoliyatini stajyor-o‘qituvchilikdan boshladi. 1994-1999-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida ikkinchi kotib lavozimida ishlagan. Birinchi darajali ikkinchi kotib diplomatik martabasi berilgan. Xizmat yuzasidan qator xorijiy davlatlarda xizmat safarida bo‘lgan. 2012-yilga qadar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Axborot texnologiyalar markazining direktori, dekan muovini lavozimlarida ishlagan. Keyingi mehnat faoliyatini Toshkent davlat texnika universitetida davom ettirib, kafedra mudiri, aviatsiya fakulteti dekani lavozimlarida, 2015-yildan 2019-yilga qadar esa Toshkent arxitektura-qurilish instituti prorektori sifatida faoliyat yuritgan.
U texnika fanlari doktori, professor A.Abdukayumov rahbarligida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 100 ga yaqin ilmiy ishlar, shu jumladan, 1 ta monografiya, 4 ta o‘quv-qollanma, o’quv-uslubiy ishlar, Scopus bazasiga kiruvchi jurnallardagi maqolalar muallifi. «Crede Experto: транспорт, общество, образование, язык» (МИАЖ «Crede Experto») xalqaro information-analitik jurnal tahririyat a’zosi. Ayni paytda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining dotsenti lavozimida ishlab kelmoqda. Oilali, uch nafar farzandi bor.