Olim

SATTAROVA BARNO DJAXANGIROVNA

Pedagogika fanlari nomzodi, professor

   Sattarova Barno Djaxangirovna 1972-yilda ziyolilar oilasida dunyoga kelgan. 1978-1988 yillarda Toshkent shaxridagi 134-o‘rta maktabda o‘qib, maktabni a’lo baholarga tamomladi. 1987-1990 yillarda ODOni a’lo baholarga, imtiyozli diplom bilan yakunlab, tikuvchi, modelyer mutaxasissligini egalladi. 1991-1999 yillarda qo‘shma korxonasida avval tikuvchi, keyinchalik modelyer va eksperimental sex boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritdi. 1996-2001 yillarda Nizomiy nomidagi TDPUning «Fizika va astronomiya» ta’lim yo‘nalishini tamomladi. 2001-2003 yillarda Nizomiy nomidagi TDPU magistratura bo‘limida tahsil olib, “Astronomiya” mutaxassislgiga ega bo‘ldi. 2003 yildan Nizomiy nomidagi TDPU “Axborot texnologiyalari markazi” metodisti keyinchalik injener muxandisi, “Fizika va uni o‘qitish metodikasi” kafedrasi o‘qituvchisi, keyinchalik esa shu kafedra dotsenti v.b., fizika-matematika fakulteti o‘quv ishlari bo‘yicha dekan muovini lavozimlarida, faoliyat yuritib, 2009 yilda «Oliy ta’limda astronomiya fanini o‘qitishda axborot texnologiyalarini qo‘llashning metodik asoslari» mavzusida 13.00.02 - ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (astronomiya) ixtisosligi bo‘yicha bajarilgan dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. 2014-yildan “Fizika va astronomiya o‘qitish metodikasi” kafedrasida dotsent, universitet o‘quv-metodik boshqarmasida metodist lavozimida faoliyat yuritib,  2014 yil 31 dekabrda OAK huzuridagi kengashning qaroriga ko‘ra dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘ldi. Shu kunga qadar faoliyati davrida rus va o‘zbek guruhlarida astronomiya kursi, astronomiya o‘qitish metodikasi, astrofizik praktikum, fizika va astronomiya o‘qitishda innovatsion texnologiyalar, fizik jarayonlarning multimedia animatsiyalarini yaratish, fizika o‘qitishni loyihalashtirish fanlarini zamonaviy o‘qitish usullarini, zamonaviy pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini hamda multimedia ta’lim ressurslarini qo‘llagan holda ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarni olib bormoqda.



   B.Sattarova bugungi kunga kelib 100 ga yaqin ilmiy ishlar e’lon qildi, shu jumladan: 12 ta o‘quv qo‘llanma, 2 ta metodik qo‘llanma va 50 dan ortiq ilmiy maqola, 1 ta elektron darslik (patent olingan), 1 ta ilmiy g‘oya uchun mualliflik guvohnomasiga ega bo‘ldi, 40 dan ortiq maqola va tezislari Respublika hamda chet el ilmiy amaliy konferensiya to‘plamlarida e’lon qilingan. Shulardan AQSh, Germaniya, Chexiya, Polsha, Yugoslaviya va Rossiya ilmiy jurnallarida maqolalari chop etilgan. Sattarova B.Dj. “Fizika va uni o`qitish metodikasi” kafedrasidagi faoliyati davrida ustoz-shogird tizimini muntazam yo‘lga qo‘ydi. Jumladan, ular rahbarligida kafedrada “Yangicha fikrlash” nomli ilmiy to‘garak, hozirda esa “Xalqaro baholash dasturlari tizimi”, “Virtual laboratoriya va elektron darsliklar yaratish” nomli o‘quv-metodik to‘garaklar yuritib kelmoqda. 20 dan ortiq yosh shogirdlari bilan “Ustoz-shogird” tizimida faoliyat olib bormoqda. Uning rahbarligida yosh shogirdlari bilan yaratib kelayotgan amaliy ishlari bilan muntazam ravishda “Innovatsion g‘oyalar, loyihalar va texnologiyalar Respublika yarmarkasi”da ishtirok etib, faol ishtiroklari uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan fahriy yorliqlar bilan taqdirlanib kelishmoqda. Sattarova Barno Djaxangirovnaning rahbarligida ushbu shogirdlari tomonidan 50 dan ortiq ilmiy maqolalari Respublika ilmiy jurnallarida e’lon qilingan va ular har yili Respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan “Yosh olimlar” ilmiy – amaliy konferensiyalarida g‘olib bo‘lib keldilar. Shular bilan bir qatorda Sattarova B.Dj. Davlat granti rahbarligida ham faoliyat yuritib, yoshlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Jumladan 2012-2015 yillarda Davlat granti a’zosi, 2016-2018 yillarda Davlat granti rahbari sifatida ilmiy faoliyat yuritdi. O‘z faoliyati davomida bir qancha davlatlarda, jumladan, 2016 yil Rossiya Federatsiyasining Fanlar akademiyasi Krim astrofizika observatoriyasida bo‘lib o‘tgan “Quyosh plazmasi fizikasi va Quyosh aktivligi” nomli 17-Xalqaro konferensiyada o‘z dokladi bilan ishtirok etgan. 2018 – 2019 yillarda Turkiya davlatining Eskisheher shahrida joylashgan Anadolu universitetida mashg‘ulotlar va seminarlar tashkil qildi. Malta davlatida  Xalqaro Forumda, Germaniyaning Kyoln shahrida fizik asboblarni qo‘llashga doir stajirovkada bo‘lib, maxsus sertifikatlarga ega bo‘ldi.



   Sattarova B.Dj. faoliyati davrida zamonaviy o‘qitish usullarini qo‘llagan holda, zamonaviy pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan hamda multimedia ta’lim ressurslaridan foydalangan holda yuqori ilmiy va o‘quv-uslubiy saviyada rus va o‘zbek guruhlarida ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarni olib bormoqda. Sattarova B.Dj.ning rahbarligida 100 dan ortiq shogirdlari yuqori saviyadagi bitiruv malakaviy ishlari  hamda magistrlik dissertatsiyalarini rus, o‘zbek va ingliz tillarida himoya qilib kelmoqdalar. Bugungi kunda 3 nafar yosh shogirdining Phd olish uchun ilmiy ishiga rahbarlik qilmoqda. Sattarova B.Dj. oliy ta’lim hamda o‘rta maxsus ta’limida fizika va astronomiya fanarini o‘qitishga doir 10 dan ortiq o‘quv-uslubiy majmualar yaratib, ta’lim muassasalariga tarqatdi, shuningdek professional ta’lim hamda o‘rta umumta’lim maktablarida muntazam ravishda ma’ruzalar va master-klasslar tashkil qilib kelmoqda. Shuningdek shaxsiy kutubxonasidan 300 dan ortiq o‘quv qo‘lanmalarni o‘rta umumta’lim hamda oliy ta’lim kutubxonalariga taqdim qildi. Shuningdek, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilib kelinayotgan turli xil tanlovlarda, konferensiyalarda hamda o‘quv adabiyotlarni ekspertiza qilish ishlarida ekspert sifatida faol ishtirok etib kelmoqda. Shuningdek, hozirda Vazirlar Maxkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish Inspeksiyasida uzluksiz ta’lim tizimida ta’lim konsepsiyasini hamda milliy dasturini yaratish bo‘yicha ekspertlik faoliyatini olib bormoqda. "Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi" tanlovi respublika bosqichining "Pedagogika" ta’lim sohasi bo‘yicha 2021-yil "Innovatsiya va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi pedagog" nominatsiya g‘olibi, shu bilan bir qatorda ta’lim muassasalari ilmiy va o‘quv-uslubiy faoliyatlarini o‘rganishda ham muntazam hissa qo‘shib kelmoqda. 2022-yilda Shvetsiyaning Stokgolm shahrida bo`lib, Shved maktablari hamda oliy ta`lim tizimidagi ta’lim jarayonini o`rgandi va u yerda Koinot o’lchamlari va evolyutsiyasi, vaqt va kalendar mavzularida hamda O`zbekistonning buyuk astronom olimlari faoliyatiga doir  seminarlar tashkil qildi. Hozirda Sattarova B.Dj. “Fizika va uni o`qitish metodikasi” kafedrasida professor lavozimida yoshlarga ta’lim berish bilan bir qatorda, universitetda “O‘quv me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish bo‘limi”  boshlig‘i lavozimida mehnat qilib, muntazam ravishda magistrantlarning ilmiy tadqiqot va ilmiy pedagogik ish faoliyatlarining borishi, universitetda mustaqil ta’limning tashkil etilishi, o`quv adabiyotlari va darsliklarning yaratilishi, kredit – modul tizimida ta’limni tashkil etish, o`quv-me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish bo`yicha faoliyat yuritib, uning taklif va islohotlari respublikadagi pedagogik oliy ta’lim muassasalari o`quv jarayonini isloh qilishda katta omil bo`lib,  Ilm-fanning rivojlanishi va taraqqiyoti uchun xizmat qilmoqda. Oilali, 2 nafar farzandi bor. Bugungi kunda farzandlari ham ilm va taraqqiyot yo`lida izlanmoqdalar.